Karvonsaroy
Terrorizm

Oʻzbekiston ekstremizmga qarshi kurashda taʼlim-tarbiya va reabilitatsiyaga eʼtibor qaratmoqda

Sora Eshonova

Toshkentdagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari darslarga oshiqmoqda. (Maksim Yeniseyev)

Toshkentdagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari darslarga oshiqmoqda. (Maksim Yeniseyev)

TOSHKENT – Oʻtgan yili Oʻzbekiston mamlakat yoshlari va taʼlimga qaratilgan yangicha yondashuv bilan ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni davom ettirdi.

2019-yil may oyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev diniy-maʼrifiy ishlarni yanada faollashtirish, aholining intellektual salohiyati, dunyoqarashi va mafkuraviy immunitetini rivojlantirishga qaratilgan choralarni tasdiqladi.

Mazkur saʼy-harakatlar doirasida davlat taʼlimga eʼtiborni kuchaytirdi, dedi “Sharh va Tavsiya” markazi rahbari, toshkentlik sotsiolog Saur Yakupov.

Har yili Oʻzbekiston universitetlari oʻqishga qabul qilinadigan talabalar sonini oshirmoqda, yangi oʻquv dargohlari, jumladan xorijiy taʼlim muassasalari ochilmoqda.

“Oʻzbekiston-24” telekanali orqali namoyish qilingan hujjatli film kadrlarida Suriyaning “Al-Hol” jamlogʻidagi oʻzbekistonlik ayol aks etgan. Hujjatli film oʻtgan yilning 13-sentabr kuni efirga uzatildi.

“Oʻzbekiston-24” telekanali orqali namoyish qilingan hujjatli film kadrlarida Suriyaning “Al-Hol” jamlogʻidagi oʻzbekistonlik ayol aks etgan. Hujjatli film oʻtgan yilning 13-sentabr kuni efirga uzatildi.

IIV 2019-yilda “Jasliq” qamoqxonasining yopilishini Oʻzbekiston uchun tarixiy voqea deb atadi. Suratda: qoʻlga olingan gumondor fotosurati. [Oʻzbekiston IIV]

IIV 2019-yilda “Jasliq” qamoqxonasining yopilishini Oʻzbekiston uchun tarixiy voqea deb atadi. Suratda: qoʻlga olingan gumondor fotosurati. [Oʻzbekiston IIV]

2017-2019-yillarda 35 ta oliy va oʻrta taʼlim muassasalari, jumladan 13 ta chet el maktablari ochilgan. 2019-yilda milliondan ortiq oʻzbekistonlik davlat universitetlariga hujjat topshirgan va 102 ming abituriyent talaba boʻlgan, deb xabar bergan mahalliy OAV.

Bu taʼlim maskanlarida ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha faol ish olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar maʼnaviyatini rivojlantirish va ularni tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazib kelmoqda.

Shu bilan birga, yoshlarga moʻljallangan loyihalar ham oʻzbek hukumatining doimiy eʼtiborida.

Hukumat 2017-yildan boshlab yosh tomoshabinlar uchun eng maqbul vaqt – kechki soat 5 dan 8 ga qadar ekstremizmga qarshi axborot urushlari boʻyicha maʼrifiy koʻrsatuvlarni efirga uzata boshladi.

Oʻsha yilning oʻzida “Madaniyat va maʼrifat” telekanali haftaning shanba va yakshanba kunlari “Ziyo” va “Hidoyat sari” koʻrsatuvlari namoyishini yoʻlga qoʻydi.

Dasturlar diniy toqatsizlikning xato ekanini koʻrsatadi va asl Islomga oid fundamental bilimlarni beradi.

Reabilitatsiya

Shu bilan birga, hukumat ekstremistik aldov qurbonlarini toʻgʻri yoʻlga qaytarishni ham ustuvor masala sifatida belgilagan.

2017-yilda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi qoshida maxsus aksilterror markazi ochildi. Yakupovga koʻra, markazning oʻziga xosligi shundaki, u yerda nafaqat huquq muhofazachilari, balki kerakli bilimga ega diniy mutaxassislar, sharqshunoslar, oilaviy ruhshunoslar va sotsiologlar ham ishlaydi.

Shuningdek, 2016-2019-yillarda 6300 nafar sobiq ekstremist avf etildi yoki ularga nisbatan amnistiya qoʻllanildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi.

2017-yilda Oʻzbekiston hukumati 18 ming fuqaroni ekstremistlar roʻyxatidan chiqardi. Bu ularga oilasiga qaytish va yaqinlari bagʻrida reabilitatsiyadan oʻtishga imkon beradi, dedi Yakupov.

2019-yilda Qoraqalpogʻistondagi Jasliq qamoqxonasining yopilishi oʻtgan yili Oʻzbekistonda yuz bergan eng muhim 10 voqeaning biri sifatida eʼtirof etildi. Kuzatuvchilar buni ekstremizmga qarshi huquqbuzarliklarsiz kurash choralarining ramzi sifatida yuqori baholadilar.

Yakupovning taʼkidlashicha, bu voqea kuchli oʻnlikka kiritilgani bejiz emas, chunki u beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha mamlakatning 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida eng yuqori koʻrsatkichga ega edi.

Ushbu vazifalardan biri mutaassiblik va ekstremizmni inkor qiladigan bagʻrikeng jamiyatni barpo etish edi, dedi Yakupov.

“Bu maqsadga erishish uchun Oʻzbekiston ... ekstremizmga qarshi kurashda standart yondashuvdan voz kecha oldi, muammoni oʻrganish metodologiyasini ishlab chiqdi va dinni boshqarish siyosati uchun ilmiy asos yaratib, bir qator muhim choralarni koʻrdi”, dedi u.

Mehnat migrantlari bilan ishlash

Yakupovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston ichkarisidagi ishlar davom etayotgan bir paytda, xorijda ishlayotgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlari masalasi ham eʼtibordan chetda qolmagan.

Mehnat migratsiyasi 2006-yildan beri ommaviy tus oldi. “Sharh va Tavsiya” ijtimoiy markazi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning ayrim hududlarida 21-36 yoshdagi erkaklarning 40 foizi mehnat migrantiga aylangan.

Bu yoshlarning eng zaif qatlamidir. Ular ilk marta oʻzlari yashagan mahalliy sharoit taʼsiridan chiqib, begona muhitda notanish madaniyatga duch keladilar, deydi Yakupov.

Yakupovga koʻra, oʻzbek yoshlari bunday vaziyatlarda oʻzlari uchun yaxshi tanish va odatiy qoidalar amal qiladigan uydagi sharoitga oʻxshash ijtimoiy muhitni yaratishga intiladilar.

Uyda ular uchun din urf-odatlarga boʻysunish boʻlgan boʻlsa, begona yurtda u najot va soʻnggi boshpanaga aylanadi. Shu sababli, masjidga borish – taskin beruvchi majburiy haftalik marosim boʻlib qoladi”, dedi u.

Bu bosqichda ularni “ekstremizm daʼvatchilari” poylab turadi. Ularning Islomga begona, ammo musulmonlar tilida yangraydigan nutqlari bamisoli unumdor tuproqqa qadalgandek boʻladi”, deydi Yakupov.

Xorijdagi oʻzbeklarning koʻpchiligi noqonuniy migrantlar boʻlgani sababli, Yakupov davlat idoralariga jamoat tashkilotlari bilan birgalikda ularga qonuniy ishlashga koʻmaklashish rejasini ishlab chiqishni tavsiya qilgan.

“Migrantlarni vatandoshlar uyushmalariga birlashtirish, ular uchun boʻsh vaqtini chogʻ oʻtkazish va oʻzlari uchun odatiy boʻlgan muhitda muloqot qilishga imkon beradigan joylarni yaratish lozim”, dedi u.

Yakupovga koʻra, bu muammo yosh yigitning ekstremistlar taʼsirida boʻlgan holatida unga taʼsir qiluvchi bir nechta omillarni oʻz ichiga oladi.

Shu bois, yechimga yondashuv ham shu kabi koʻp oʻlchovli va murakkab boʻlishi kerak, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500