Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistonda radikallashuvga qarshi kurash sohasida grant tanlovi eʼlon qilindi

Aydar Ashimov

“Yoshlarning buzgʻunchi oqimlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish” mavzusida maʼruza tinglayotgan talabalar, 7 noyabr, Pavlodar. [Pavlodar viloyati Dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi].

“Yoshlarning buzgʻunchi oqimlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish” mavzusida maʼruza tinglayotgan talabalar, 7 noyabr, Pavlodar. [Pavlodar viloyati Dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi].

NUR-SULTON – Qozogʻiston hukumati mamlakatda 1000 nafar maʼruzachini tayyorlash uchun grant tanlovini eʼlon qilish bilan radikalizmga qarshi kurash va diniy savodxonlikni oshirishga mahalliy nodavlat tashkilotlarni (NNT) jalb qilmoqchi.

Davlat bu yoʻnalishdagi targʻibot guruhlarini oʻqitish va qayta tayyorlash uchun 29,2 mln. tenge (77 ming AQSH dollari) ajratdi, deyiladi grantlarni taqsimlovchi davlat muassasasi boʻlgan Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazining 8-yanvar kungi xabarida.

Markaz Ijtimoiy taraqqiyot vazirligi bilan birgalikda NNT tanloviga homiylik qiladi.

Arizalar chorshanba (22-yanvar) kuniga qadar qabul qilinadi. Mamlakatning barcha hududlarini qamrab oluvchi bu loyihalar 2020-yilning mart-noyabr oylarida amalga oshiriladi.

Tanlovdan koʻzlangan maqsad – fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va fuqarolik jamiyati institutlarini radikallashuv kabi dolzarb muammolarni hal qilishga jalb etish, deyiladi xabarda.

Mablagʻ “aholi orasida maqsadli guruhlar bilan ishlashda targʻibot guruhlari aʼzolarining vakolatlari va salohiyatini oshiradigan hamda profilaktika ishlarida innovatsion yondashuvlarni qoʻllaydigan” loyihalarga yoʻnaltiriladi.

Nodavlat tashkilotlar oʻz loyihalari doirasida maʼruzachilarni oʻqitish va maqsadli guruhlar bilan profilaktika ishlarini olib borishda innovatsion usullar bayon qilingan maʼruzalar toʻplamlari va metodik qoʻllanmalarni tayyorlaydilar.

“Salmoqli tajriba”

Qozogʻiston Aksilterror markazi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilda mamlakatda keng miqyosli va maqsadli axborot-tashviqot tadbirlariga 2,5 milliondan ortiq fuqaro jalb qilingan.

“Qozogʻistonda mustaqillik yillarida nodavlat tashkilotlar paydo boʻlib, oʻz mavqeini mustahkamladi va ular hozir katta tajribaga ega”, deydi “Oltin Karligash” (Oltin qaldirgʻoch) nodavlat notijorat tashkiloti raisi, chimkentlik Leyla Baymanova.

“Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, treninglar oʻtkazish, metodik materiallarni tayyorlash va turli maqsadli guruhlar bilan ishlash – bularning bari eng faol nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yuqori darajada amalga oshirilmoqda”, dedi Baymanova.

Shu bois ham, davlat NNTning jangovar ekstremizmning oldini olish va diniy savodxonlikni oshirishdek murakkab sohada samarali ishlay olishiga ishonadi, dedi u.

“Ushbu faoliyatga imkon qadar koʻproq jamoatchilik birlashmalari va faol fuqarolarni jalb qilish va bu loyihalarni moliyalashtirish uchun yanada koʻproq mablagʻ ajratish zarur”, dedi yangi tashabbusda ishtirok etishni rejalashtirayotgan Baymanova.

Diniy savodxonlikni oshirish

Pavlodar viloyati Dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi direktori Gulnaz Razdikova ekstremizm va terrorizmning oldini olish bilan shugʻullanuvchi koʻplab jamoatchilik guruhlari bilan ish olib borayotganini aytdi.

Turli nodavlat notijorat tashkilotlari axborot-tashviqot faoliyatining turli sohalarida ish olib bormoqda, dedi u.

“Ularning ayrimlari faqat buzgʻunchi oqimlar aʼzolarini toʻgʻri yoʻlga qaytarish bilan shugʻullansa, boshqalari butun mamlakat boʻylab targʻibot ishlarini olib boradigan yirik jamoatchilik birlashmalaridir”, dedi u.

U Ust-Kamenogorskda davlat buyurtmasi asosida faoliyat olib borayotgan “Parasat” konsalting kompaniyasini misol qilib keltirdi.

“Men buzgʻunchi oqimlar boʻyicha maʼruzachi va ekspert sifatida bu tashkilotga jalb qilindim”, dedi Razdikova. “2018-yildan beri axborot-tushuntirish guruhlari aʼzolari uchun mahorat darslarini oʻtkazib kelyapman. Bunday tadbirlarni Qiziloʻrda, Chimkent, Aqtoʻbe, Qaragʻanda, Koʻkchatov, Pavlodar va boshqa shaharlarda oʻtkazdim.”

NNTlar “targʻibot guruhlari aʼzolarining diniy bilimlari va diniy savodxonligini oshirishga” katta hissa qoʻshmoqda, dedi u.

“NNTlar davlat buyurtmalarini olib, bu ishga mutaxassislar hamjamiyati, ilmiy resurslar va jamoatchilik fikri yetakchilarini jalb qilish imkoniyatiga ega”, dedi Razdikova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500