Karvonsaroy
Terrorizm

ID yetakchisining shaxsiga oid yangi maʼlumotlar paydo boʻldi

Karvonsaroy va AFP

Iroqlik turkman Amir Muhammad Abdul Rahmon al-Mavliy al-Salbiy – “Islom davlati”ning (ID) yangi yetakchisi. Terrorchi guruh tomonidan oʻtgan yili tarqatilgan bu suratda guruhning Suriyadagi aʼzolari aks etgan. (Fayl)

Iroqlik turkman Amir Muhammad Abdul Rahmon al-Mavliy al-Salbiy – “Islom davlati”ning (ID) yangi yetakchisi. Terrorchi guruh tomonidan oʻtgan yili tarqatilgan bu suratda guruhning Suriyadagi aʼzolari aks etgan. (Fayl)

Iroqlik turkman Amir Muhammad Abdul Rahmon al-Mavliy al-Salbiy “Islom davlatining” (ID) yangi yetakchisi, deb xabar berdi Britaniyaning The Guardian nashri nomi ochiqlanmagan ikki razvedka rasmiysiga tayanib.

Al-Salbiy IDning taʼsischi aʼzolaridan biri, deb xabar bergan nashr dushanba (20-yanvar) kuni. U iroqlik yazidiylarning qullikka olinishi va guruhning dunyo boʻylab amalga oshirilgan operatsiyalarini nazorat qilgan.

ID Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyni sobiq yetakchi Abu Bakr al-Bagʻdodiy oktabr oyida AQSHning maxsus kuchlari tomonidan oʻldirilganidan keyin yangi rahbar etib tayinladi.

Al-Qurayshiy boshqa yuqori martabalari rahbarlar yoki razvedka idoralari tomonidan tan olinmagan daʼvogar edi, deb xabar bergan The Guardian.

2018-yil Suriyada IDga qarshi olib borilgan operatsiya davomida panaga qochayotgan guruh aʼzolari. (Fayl)

2018-yil Suriyada IDga qarshi olib borilgan operatsiya davomida panaga qochayotgan guruh aʼzolari. (Fayl)

Ayrim tahlilchilarga koʻra, al-Bagʻdodiyning oʻlimi guruh uchun kutilmaganda yuz bergani sabab yangi rahbarning kimligi noaniqligicha qolgan.

Al-Qurayshiyning shaxsi haqida fikr yuritgan ayrim kuzatuvchilar esa, uning Amir Muhammad Said Abdul Rahmon al-Mavla nomi bilan tanilgan Abdulloh hoji ekanligini taxmin qilganlar.

Oʻtgan yil avgust oyida AQSH davlat departamenti uni al-Bagʻdodiyning “ehtimoliy vorisi” deb atab, qidiruvdagi eng ashaddiy terrorchilar roʻyxatiga kiritdi va uni qoʻlga olishga yordam beradigan axborot uchun 5 million AQSH dollarigacha mukofot belgiladi.

IDning yangi yetakchisi kim?

Al-Bagʻdodiyning oʻlimidan uch oy oʻtgach, IDning yangi yetakchisi haqida aniqroq tasavvur paydo boʻlmoqda.

Al-Salbiy al-Bagʻdodiyning oʻlimidan bir necha soat oʻtib tayinlangan, deb xabar bergan The Guardian uni “guruhga sodiqlikda mustahkam boʻlgan Bagʻdodiy kabi chiniqqan faxriy”, deb taʼriflar ekan.

Nashrga koʻra, u Mosul universitetida shariat ilmini oʻrgangan, islomiy bilimlarga ega boʻlgani sababli ID safida ham martabasi tezda ortgan.

The Guardian uni “safi kichrayib borayotgan IDning eng nufuzli mafkuraviy yetakchilaridan biri”, deb atadi.

AQSH davlat departamentiga qoʻra, u “Iroq shimoli-gʻarbidagi yazidlardan iborat ozchilik aʼzolarini oʻgʻirlash, oʻldirish va qul qilib sotish amaliyotlarini boshqargan va guruhning baʼzi global operatsiyalarini nazorat ham qilgan boʻlishi mumkin”.

Al-Bagʻdodiy oʻlimidan keyin al-Salbiy ID rahbariyatini birlashtirishga harakat qilmoqda, hozirda ularning aksariyati “2004-yildan beri AQSH harbiy kuchlariga qarshi kurashlarda va undan keyingi Iroq fuqarolik urushlarida ishtirok etishga yoshlik qilgan shaxslardan iborat”, deydi The Guardian.

Al-Salbiy 2004-yilda AQSH harbiy kuchlari tomonidan janubiy Iroqdagi Bukka jamlogʻida hibsda saqlangan, aynan shu yerda u al-Bagʻdodiy bilan uchrashgan, deyiladi maqolada.

U Tal-Afarda tugʻilgan boʻlib, kamida bir oʻgʻilning otasi deb taxmin qilinadi. U ID tarkibidagi arab boʻlmagan sanoqli rahbarlardan biri.

Moliyaviy parokandalik

Iroq, Suriya, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlarda katta hududiy yoʻqotishlarga uchragan ID oʻz safini tiklashga zoʻr berib urinmoqda.

Bir paytlar oʻzi nazorat qilgan hududlardan siqib chiqarilgan va ommaviy dezertirliklarga duch kelgan guruh asosiy daromad manbalari – neft kontrabandasi, banklarni talon-taroj qilish, oʻgʻirlangan osori-atiqalar va tengsiz milliy boyliklar savdosidan mahrum boʻlgani sababli moliyaviy tanglikda qolgan.

AQSH moliya vazirining terrorizmni moliyalashtirishga oid masalalar boʻyicha yordamchisi Marshall Billingsli Al-Bagʻdodiyning oʻlimidan soʻng guruhning moliyalashtirish tizimi “markazlashgan” koʻrinishdan yakkalangan usulga oʻtishi mumkinligi aytgan edi.

“Ular zoʻravonlik, odam oʻgʻirlash, shantaj, majburiy soliqlar va toʻlovlar kabi pul ishlashning sodda usullariga qaytishgan. Bu oʻz resurslarini yoʻqotgan guruh uchun soʻnggi chora boʻlishi mumkin”, deydi iroqlik siyosiy tahlilchi Iyad al-Anbar.

Bir necha yillardan beri Afgʻonistonda “xalifalik” barpo etishga harakat qilgan guruhning Xuroson boʻlimi noyabr oyida u yerdagi magʻlubiyatini tan olar ekan, jangarilar haftalab oziqlanmagani va oʻq-dorisiz qolganini aytgan.

OAV mashinasi pand bermoqda

“ID” resurslarining shiddat bilan tugab borishi bir paytlar juda sermahsul ishlagan, hozirda esa Al-Salbiyning jonlantirishiga muhtoj targʻibot mashinasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

IDning Telegram va boshqa platformalardagi kanallarida oʻtgan yilning yozidan beri yuqori sifatli surat va videotasvirlar joylanmagan.

Seshanba (21-yanvar) kuni eʼlon qilingan milliy xavfsizlikka oid maxfiy hujjatlardan maʼlum boʻlishicha, taxminan 2016-yilda Amerika harbiylari tarafidan oʻtkazilgan xakerlik operatsiya ID tashviqot mashinasiga katta talafot yetkazgan.

Shu choqqacha maxfiy boʻlgan, keskin tahrir qilingan hujjatlarga koʻra, AQSH kiber-qoʻmondonligi “axborot maydonida IDga qarshi muvaffaqiyatli kurashdi” hamda “vaqt va resurs xarajatlarini joriy qilish orqali” guruhning radikallashtirish va jangarilikka yollash boʻyicha internetdagi harakatlarini cheklagan.

Hisobotda ID tomonidan internetda olib borilgan saʼy-harakatlarning “sezilarli darajada kamaygani” aytiladi.

Xavfsizlik kuchlarining faol saʼy-harakatlari natijasida guruh oʻzining koʻplab media-platformalari, texnologiyalari, video va ovoz boʻyicha mutaxassislari, tashviqotchilari bilan bir qatorda boshqa xodimlaridan ham mahrum boʻlgan, deydi Iroqdagi al-Farobiy universitetida ommaviy kommunikatsiyalar fanidan dars beradigan Kozim Al-Miqdodiy.

“Kuch tuzilmalari guruh mafkurasi va gʻoyalarini onlayn tarzda, “ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali” tarqatuvchi ID boʻlinmalari va uni qoʻllab-quvvatlovchilar yoʻliga toʻsiq qoʻyish boʻyicha aniq maqsadli harakatlarni olib bormoqda”, degan edi u oʻtgan yil avgust oyida.

“IDning media-mashinasi yoʻqlikka yuz tutib bormoqda”, dedi al-Miqdodiy. Uning taʼkidicha, guruh “ishonchni yoʻqotgan va undan hech kim qoʻrqmay qolgan”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qoyil, zoʻr

Javob berish

Tushunarli, bunisi ham oldingisi kabi Amerika qamoqxonasida oʻtirib chiqqan...

Javob berish