Karvonsaroy
Namoyishlar

Eron iqtisodiyotidagi inqiroz rahbarlar eʼtiboridan chetda qolayotgani norozilikni kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Yanvar oyida minglab eronlik namoyishchilar “diktatorga oʻlim” (Homanaiyga ishora), “yolgʻonchilarga oʻlim” va rejimga qarshi boshqa shiorlarni hayqirganlar.

Xalq noroziligining kuchayishi va iqtisodiyotning qulab borayotgani bilan yuzma-yuz kelgan Eron rahbariyati nazoratni ushlab qolishga va bir vaqtning oʻzida Gʻarbga nisbatan qatʼiy pozitsiyasini koʻrsatishga urinmoqda.

Eron oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy norozilikni yumshatish maqsadida oʻtgan juma kuni 2012-yildan beri ilk marta Tehronda vaʼzxonlik qildi.

Eronliklarga taalluqli asosiy muammolarga eʼtibor qaratish oʻrniga Homanaiy bir necha bor oʻz nutqini 3-yanvar kuni Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniyningoʻlimi bilan bogʻliq mavzuga qaratishga urindi.

Sulaymoniyning oʻlimidan keyin Eron hukumati bir hafta davomida vaziyatni oʻzgartira oldi – xalq orasida hukumatni qoʻllab-quvvatlash va aksil-Gʻarb kayfiyatini kuchaytirishga muvaffaq boʻldi.

Eron oliy ruhoniysi Ali Homanaiy 17-yanvar kungi nutqida ichki noroziliklarning asosiy sababini izohlash oʻrniga aksil-Gʻarb kayfiyatini avj oldirishga uringan. (Oliy rahbarning matbuot xizmati)

Eron oliy ruhoniysi Ali Homanaiy 17-yanvar kungi nutqida ichki noroziliklarning asosiy sababini izohlash oʻrniga aksil-Gʻarb kayfiyatini avj oldirishga uringan. (Oliy rahbarning matbuot xizmati)

Oʻtgan hafta Eron hukumatining iqtisodiyotni yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida nutq soʻzlayotgan vaqtida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ortidan ikki nochor qizaloq yugurib oʻtgan. (Fayl)

Oʻtgan hafta Eron hukumatining iqtisodiyotni yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlari haqida nutq soʻzlayotgan vaqtida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ortidan ikki nochor qizaloq yugurib oʻtgan. (Fayl)

Ammo, 8-yanvar kuni IIPK Ukrainaga tegishli samolyotni tasodifan urib tushirganini, voqea sodir boʻlganidan 3 kun oʻtib tan olganidan keyin mamlakatdagi kayfiyat keskin oʻzgargan.

Bu iqror va IIPK hamda Eronning yuqori martabali rasmiylari voqeani yashirish maqsadida yolgʻon soʻzlaganining fosh boʻlishi noroziliklarning yanada kuchayishiga va Eron boʻylab misli koʻrilmagan namoyishlarga sabab boʻldi.

Bir necha oʻn minglab namoyishchilar Homanaiyga qarata “Diktatorga oʻlim”, “yolgʻonchilarga oʻlim” degan hayqiriqlar va boshqa shiorlar bilan koʻchalarga chiqishgan.

Namoyishchilarga eʼtiborsizlik

Ammo Homanaiyning xalq qoʻlloviga erishishga urinishi ayrim eronliklarni yanada gʻazablantirgan.

“U xalqni tinchlantirishga harakat ham qilmadi va namoyishchilarni umuman eʼtiborsiz qoldirdi”, deb aytgan faollardan biri AFP nashriga.

Chetdan AFP bilan muloqotga chiqqan eronliklar kabi u ham oqibatlardan xavfsirab, shaxsini ochiqlamaslikni soʻragan.

“U Qosim Sulaymoniy Ukraina samolyoti yoʻlovchilaridan koʻra muhimroq ekanligini ochiqchasiga bayon qildi”, dedi u.

Yoʻlovchi samolyot Eron havo mudofaasi xodimlarining “halokatli xatosi” bilan “yer-havo” toifasidagi raketa yordamida urib tushirilgan.

176 yoʻlovchi va ekipaj aʼzolari, jumladan 82 ta Eron, 63 ta Kanada, 11 ta Ukraina, 10 Shvetsiya fuqarosi hamda toʻrt nafar afgʻonistonlik, uchta nemis va uch britaniyalik halok boʻlgan.

Yana bir eronlikning Telegram ilovasi orqali yozishicha, Homanaiy ochiqdan-ochiq “Oʻlganlarning qayerda ekani, yerdami yoki osmondami – men uchun ahamiyatsiz” deb aytgan.

Shu bilan birga, Homanaiy namoyishchilar Eron xalqining fikrini ifodalamasligini aytgan.

“Ular bizlardan emas, deyish bilan u odamlar oʻrtasida ayirmachilikni kuchaytirib, xalq va hukumat oʻrtasidagi masofani uzoqlashtirmoqda”, deb aytgan 24 yashar tehronlik rassom AFP nashriga.

“Va bu men kabi hukumatdan uzoq boʻlgan odamda oʻzgarishlarga intilishni yanada kuchaytiradi”, dedi u.

Davomli iqtisodiy tanglik

Homanaiy oʻz nutqida eronliklarning aziyati va noroziligi manbaiga eʼtibor qaratmagan.

Soʻnggi noroziliklar Eron hukumatining samolyotni urib tushirishi, rahbariyatning vaziyatni boshqarishga layoqatsizligi tufayli kelib chiqqan, shu bilan birga, Eronning iqtisodiy muammolariga qaratilgan yashirin norozilik oqimi ham mavjud.

Eron statistika markaziga qoʻra, inflyatsiya 40 foizga yaqin boʻlib, oziq-ovqat va boshqa asosiy ehtiyoj mahsulotlarining narxlari baland. 15-24 yoshdagilar orasidagi ishsizlik koʻrsatkichi 28 foizni tashkil etadi, deyiladi Jahon banki hisobotida.

14-yanvar kuni Britaniya, Fransiya va Germaniya 2015-yilda Eron hukumati bilan imzolangan shartnoma talablarining Tehron tomonidan buzilgani tufayli nizolarni hal etish mexanizmini ishga tushirdilar. Shu sababli vaziyat yanada ogʻirlashishi kutilmoqda.

AQSH hukumatiga koʻra, Eronning Keng miqyosli qoʻshma harakatlar rejasi (JCPOA) nomli bitim shartlariga rioya qilmagani 2018-yilda AQSHni bu bitimdan chiqishga va Tehronga nisbatan sanksiyalar qoʻllashga majbur qilgan.

2019-yil may oyidan AQSH sanksiyalari va Yevropaning ularni chetlab oʻta olmasligiga javoban, Eron bitim boʻyicha ayrim majburiyatlarini oʻzidan soqit qila boshladi.

Iqtisodiy beqarorlik

Eron rejimi iqtisodiy muammolar uchun Amerika Qoʻshma Shtatlarini ayblashga oshiqayotgan bir paytda Eron xalqi orasida hukumat siyosatiga norozilik kuchaygan.

Benzin narxini 200 foizga oshirish haqidagi kutilmagan qaror 15-noyabr kuni mamlakat boʻylab norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.

Eron hukumatining hisob-kitoblariga koʻra, namoyishlarda 120 mingdan 200 minggacha odam ishtirok etgan.

Norozilik namoyishlari benzin narxining koʻtarilishi bilan bogʻliq boʻlsa-da, tartibsizliklar koʻlami chuqur iqtisodiy muammolar – qarzga botgan bank sektoridan tortib, harbiy tashkilotlarning iqtisodiyotdagi yirik va noshaffof roliga ishora qilmoqda.

Koʻplab eronliklarning taʼkidlashicha, rejim oʻz mamlakatiga sarmoya kiritish oʻrniga mintaqada, xususan, Suriya, Iroq va Yamanda davom etayotgan urushlarni qoʻllab-quvvatlab, oʻz xalqining iqtisodiy muammolarini ogʻirlashtirmoqda.

Noyabr namoyishlari ortidan rejimning namoyishchilar, jurnalistlar, huquq himoyachilari va talabalarga qarshi shafqatsiz bosimi odamlarni tinchlantirish oʻrniga xavotirlarni kuchaytirgan.

Keskin bayonotlar va kichik qasos

Mazkur iqtisodiy muammolar va ularning natijasida kelib chiqqan ichki tartibsizliklar Eron rejimining Gʻarb bilan kurashishga hozirligini susaytirishi mumkin.

Sulaymoniy oʻldirilganidan keyin dastlab Homanaiy, prezident Hasan Ruhoniy va boshqa bir qator yuqori martabali rasmiylar AQSHdan “shiddatli qasos” olinishi haqida ogohlantirganlar.

Ushbu “qasos” 8-yanvar kuni AQSHning Iroqdagi bazalariga qarata uchirilgan 22 dona raketa koʻrinishida kelib tushdi.

Eron rasmiylari hujumda AQSHning 80 askari halok boʻlganini iddao qilgan. Aslida esa, Pentagon maʼlumotlariga koʻra, hujum natijasida kichik miqdorda moddiy zarar koʻrilgan va 11 amerikalik askar jarohatlangan.

Gʻarb davlatlariga qarshi tura olmasligini anglagan Eron rahbarlari avvalgi balandparvoz gaplaridan qayta boshladilar.

“Aslida dushman tarafning askarlarini oʻldirishni maqsad qilmagandik. Bu muhim emasdi”, dedi IIPK bosh qoʻmondoni Husayn Salamiy 8-yanvar kuni parlamentda qilgan chiqishida.

Eron rahbariyatining rejim salohiyatini boʻrttirib koʻrsatishga zoʻr berib urinishi va harbiylarning “dahshatli qasos” olishga jurʼatsizligi ruhoniyat va harbiy mahkamalarning eng asosiy zaifliklarini fosh etgan.

16 yanvar kuni Ruhoniy Eron “har kuni harbiy qarama-qarshilik yoki urushning oldini olish ustida ishlayotgani” va jahon hamjamiyati bilan muloqot imkoniyati saqlanib qolganini taʼkidladi.

Eron rejimi eronliklar bilan muloqotga kirishish va uning talablarini tinglashga tayyor boʻladimi-yoʻqmi, bu nomaʼlumligicha qolmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500