Karvonsaroy
Namoyishlar

Ichki norozilik kuchayib borayotgan bir vaqtda qurollangan shaxs eronlik qoʻmondonni oʻldirdi

Karvonsaroy va AFP

Suratda: yanvar oyi boshida xavfsizlik kuchlari bilan toʻqnashgan eronlik namoyishchilar, Tehron. (Fayl)

Suratda: yanvar oyi boshida xavfsizlik kuchlari bilan toʻqnashgan eronlik namoyishchilar, Tehron. (Fayl)

TEHRON – Eronning Bosij safarbarlik kuchlari qoʻmondoni janubi-gʻarbiy Huziston viloyatida nomaʼlum shaxs tomonidan otib oʻldirilishi ortidan mamlakat ichidagi tartibsizliklar kuchayib bormoqda. Bu haqda IRNA axborot agentligi xabar bergan.

Abdulhusayn Mujdamiy 22-yanvar kuni viloyat poytaxti Axvazdan 70 km uzoqlikdagi Darxovinda oʻz uyi tashqarisida “Kalashnikov avtomati va toʻpponcha bilan qurollangan ikkita mototsiklchi” tomonidan oʻldirilgan, deb xabar beradi Fars axborot agentligi.

Ultrakonservatorlarga yaqin boʻlgan Fars agentligiga koʻra, Mujdamiy Eron rahbariyatiga sodiq Bosij koʻngillilar guruhi aʼzosi boʻlgan.

Nashr uning Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) kapitani formasidagi suratini chop etgan.

Uni halok qilgan “terrorchilik hujumi” uchun hech kim javobgarlikni oʻz boʻyniga olmagan.

Huziston noyabr oyining oʻrtalarida yoqilgʻi narxlarining koʻtarilishiga javoban 100 ga yaqin qishloq va shaharlarni qamrab olgan shiddatli noroziliklarning asosiy markazlaridan biriga aylangan edi.

Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiya tashkilotining maʼlum qilishicha, tartibsizliklarni bostirish vaqtida 300 dan ortiq odam, shu jumladan Huzistonda 40 kishi oʻlgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari idorasi (OHCHR) ham Eron rejimining qurolsiz namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatganini tasdiqladi.

Namoyishchilar Bosij jangchilari va IIPK aʼzolari tomonidan oʻqqa tutilgan, deyiladi OHCHR bayonotida.

Kamida 13 nafar ayol va 12 ta yosh bola halok boʻlgan.

Tartibsizlik kuchaymoqda

Eronda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari shu oy boshida IIPK Ukrainaga qarashli yoʻlovchi samolyotni urib tushirganini tan olganidan keyin qayta avj olgan.

Bu iqror va IIPK hamda Eronning yuqori martabali rasmiylari voqeani yashirish maqsadida yolgʻon soʻzlaganining fosh boʻlishi Eron boʻylab noroziliklarning yanada kuchayishiga va misli koʻrilmagan namoyishlarga sabab boʻldi.

Xalq noroziligining kuchayishi va iqtisodiyotning qulab borayotgani bilan yuzma-yuz kelgan Eron rahbariyati nazoratni ushlab qolishga va bir vaqtning oʻzida Gʻarbga nisbatan qatʼiy pozitsiyasini koʻrsatishga urinmoqda.

Soʻnggi noroziliklar Eron hukumatining samolyotni urib tushirishi va rahbariyatning vaziyatni boshqarishga layoqatsizligi tufayli kelib chiqqan boʻlsa-da, Eronning davomli iqtisodiy muammolari bilan bogʻliq yashirin norozilik ham yoʻq emas.

Mazkur iqtisodiy muammolar va ularning natijasida kelib chiqqan ichki tartibsizliklar soʻnggi nizoda Eron rejimining Gʻarb bilan kurashishga ishtiyoqini soʻndirishi mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500