Karvonsaroy
Terrorizm

Qozoq ayollarining Suriyada boshdan kechirgan dahshatlari haqida hikoya qiluvchi film namoyish etildi

Kseniya Bondal

Farzandlari bilan dala oralab ketayotgan qozoq ayoli, “Jusan isi” hujjatli filmidan olingan kadr. U “Jusan” operatsiyasi doirasida Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan va filmda ishtirok etgan toʻrt ayoldan biridir.

Farzandlari bilan dala oralab ketayotgan qozoq ayoli, “Jusan isi” hujjatli filmidan olingan kadr. U “Jusan” operatsiyasi doirasida Suriyadan Qozogʻistonga qaytarilgan va filmda ishtirok etgan toʻrt ayoldan biridir.

OLMAOTA – Yangi hujjatli filmda oʻz turmush oʻrtoqlari bilan urush changalida qolgan Suriyaga joʻnab ketgan qozogʻistonlik ayollarning mudhish kechinmalari tasvirlangan.

“Jusan isi” filmida oilasi bilan Suriyaga joʻnab ketgan va u yerda erlari “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilgan toʻrt ayol haqida hikoya qilinadi.

2019-yil oxirida chiqqan filmni suratga olishga AQSH Tinchlik instituti, “PeaceTech Lab” (Vashingtonda joylashgan nodavlat tashkilot), Olmaotadagi “MediaNet” jurnalistika xalqaro markazi koʻmaklashdi, film muallifi esa – qozogʻistonlik jurnalist Juldiz Toleu.

Oʻtgan yili “Jusan” operatsiyasi doirasida Qozogʻiston Suriyadan bir nechta aviareys bilan 600 nafar fuqaro, jumladan 400 ta yosh bolani vataniga qaytargan.

Suriyadagi ID jangarilari, 2018-yil. Koʻplab harbiy yoʻqotishlar va muvaffaqiyatsizliklar ortidan guruh “xalifaligi” 2019-yil boshida tor-mor etilgan. (Fayl)

Suriyadagi ID jangarilari, 2018-yil. Koʻplab harbiy yoʻqotishlar va muvaffaqiyatsizliklar ortidan guruh “xalifaligi” 2019-yil boshida tor-mor etilgan. (Fayl)

Ayni damda YouTube tarmogʻiga joylangan film uchun qahramonlar izlab, Toleu Qaragʻanda, Satbayev va Jezqozgʻonga safar qilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali ham izladim, hatto Milliy xavfsizlik qoʻmitasiga (MXQ) yordam soʻrab yozdim”, dedi Toleu. MXQ vataniga qaytgan qozogʻistonlik ayollar bilan intervyu qilishga ruxsat berdi, ammo ularning koʻpchiligi jurnalist bilan uchrashishdan bosh tortgan.

“Ayrimlar dastlab rozilik bildirib, keyin fikridan qaytdi, baʼzilarga yaqinlari ruxsat bermadi”, dedi u.

Jurnalist taklifiga javob bergan 15 ayolning faqat toʻrttasi bilan suhbatlashish va ular haqida 40 daqiqali hujjatli film olish imkoni boʻlgan.

Rimma, Ayganim, Aygerim

Filmning birinchi qahramoni Rimma boʻlib, u Qaragʻandada istiqomat qiladi, uch oʻgʻli va bir qizini yakka oʻzi katta qilmoqda. Suriyaga ketishidan oldin Qozogʻistonda ikki bor ona boʻlgan, 2013-yilda eri bilan Suriyaga joʻnab ketganidan keyin yana ikkita farzandli boʻlgan.

Oʻshanda Rimmaning yoshi 21 da edi. Suriyada oilasi bilan deyarli yetti yil yashagan va “Jusan-3” operatsiyasi doirasida vatanga qaytgan. Suriyada turmush oʻrtogʻini yoʻqotish bilan birga, ochlik va zoʻravonlikka ham duch kelgan.

Rimma eri aldab olib bormaganida, hech qachon Suriyaga ketmasligini aytib oʻtgan.

Qaragʻandalik yana bir qahramonning ismi – Ayganim.

2015-yilda endigina 23 ga kirgan yosh ona – Ayganim vatanni tashlab, erining ortidan yosh bolasi bilan (Turkiya orqali) Suriyaga ketgan va u yerda 3 yil yashagan.

“Ocharchilik boshlanganida oziq-ovqat juda qimmatlashdi: bir kilo goʻsht narxi 50 AQSH dollari (19 ming tenge), bir kilo xurmo narxi ham 50 AQSH dollari boʻlgan”, deb eslaydi u. “Puli yoʻqlar oʻt-oʻlan yerdi. Chorva mollari kabi oziqlanganmiz. Bomba hujumlari paytida ham yemak qidirib chiqqanman. Koʻp bolalar ochlikdan oʻlib ketgan. Hech kim ovqati bilan boʻlishmas edi.”

Oʻsha vaqtda ID jangarilar safida urishishni istamaganlarni qamashni va oʻldirishni boshlagan edi, dedi u.

“Bu yerda Islom davlati, shariat yoʻqligini tushunib yetdik. Odamlarni tiriklay yoqishar edi. Biz toʻp yemiga aylangan yedik”, dedi Ayganim.

Suriyada uning turmush oʻrtogʻi halok boʻlgan, farzandi kasal boʻlib oʻlgan. U bir nechta ayol bilan birga kurdlarga taslim boʻlib, jon saqlab qolganini aytgan. Ayganim ham “Jusan-3” operatsiyasi doirasida vataniga qaytgan.

Film ijodkorlari bilan suhbatlashgan yana bir ayol – Aygerim 2015-yilda 20 yoshligida eri va yosh bolasi bilan Qozogʻistondan chiqib ketgan. Uning eri Suriyadagi urush haqida tashviqot filmlarini koʻrgan va u yerga borib ID safiga qoʻshilishga qaror qilgan.

“Men u bilan ketishimni aytganman”, dedi u. Suriyada u qiz farzandli boʻlgan.

Aygerim Suriyadagi bomba hujumlari chogʻida eridan va farzandlaridan ayrilgan va “Jusan-2” operatsiyasida Qozogʻistonga qaytgan.

“Mamlakatni tark etganidan afsusda”

Qozogʻistonga qaytganlaridan soʻng, ayollar Oqtovda uch oy davomida reabilitatsiya jarayonidan oʻtdilar. Ular oyiga bir yoki ikki marta imomlar bilan suhbatda boʻlishgan.

“Ular bu mamlakatga [Suriya] borganiga pushaymon boʻlgan”, dedi Toleu. “Endi esa erlari va farzandlarining oʻlimi bilan bogʻliq musibatni unutishga harakat qilmoqda. Masalan, ayollardan biri suratga olish jarayonida tinmay kular edi – bunday himoya reaksiyasi boshdan kechirganlarini unutishga urinish sababli kelib chiqqan.

Avvallari niqob oʻragan ayollar hozir hijobda, dedi Toleu. Ular masjidlarga boradilar, yana turmush qurish niyatlari bor.

“Ular shaharda bemalol yuradilar”, dedi Toleu. “Ota-onalari va qarindoshlari ularni qabul qildi. Suratga olish ishlaridan oldin ayollar film keng auditoriyaga namoyish etilganida, tanishlari ularning Suriyadagi hayotidan xabar topishidan qoʻrqqan edilar. Men film namoyishidan keyin ular bilan gaplashdim va bu borada hech qanday muammo yoʻqligiga amin boʻldim”.

Hujjatli film 2019-yil oxirida universitetlarda namoyish etildi va talabalar orasida muhokama qilindi.

“Film Qaragʻanda, Satpayev va Jezqozgʻonda namoyish qilindi. Bu eng koʻp aholisi – yuzlab yoshlari Suriyaga ketgan shaharlardir”, dedi Toleu.

Filmni koʻplab yoshlar koʻrdilar, bugungi kunda u YouTube tarmogʻida 1200 marta tomosha qilingan.

Ulardan biri – Chimkent ijtimoiy pedagogika universiteti talabasi, 20 yashar Miras Abdurahmanov. Film tomoshabinlarga terrorizmning asl tahdidini anglashga yordam beradi, deydi u.

“Bunday tashviqotchilardan himoyalanishning eng yaxshi usuli – faktlarni tekshirish”, dedi u.

Abdurahmonov urush hududlaridan qaytgan ayollarga hamdard ekanini aytadi. Agar ularni qutqarish imkoniyati boʻlsa, uni ishga solish kerak, deydi u.

Munozaralar chogʻida “katta avlod va oʻqituvchilar ayollarning qaytishiga qarshi boʻlishdi – ularni Suriyada qoldirish yoki qamoqqa olish kerakligini aytishdi”, dedi Toleu. “Yoshlar esa ularning holatini yaxshiroq tushundilar. Talabalarning fikricha, davlat ularni vataniga qaytarib toʻgʻri ish qilmoqda.”

Olmaotadagi Turon universiteti talabasi, 22 yashar Aliya Moldabayeva Qozogʻistonga qaytgan “bechora ayollarga” qarshilik qilganlarni tushunmaydi.

“Birinchidan, hamma ham xato qilishi mumkin”, dedi u. “Bular shu xatoni qilishdi. Qolganlar boshqa xato qilishadi. Bir-birimizni kechirishni oʻrganishimiz kerak.”

“Ikkinchidan, bizning yurt – xuddi men va siz uchun boʻlgani kabi, ular uchun ham vatan”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ular oʻsha dahshatli hayot va urushni koʻrganliklari sababli tinch Qozogʻistonni yanada koʻproq qadrlaydilar.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bolalarni qarindoshlariga topshirish, xonimlarni esa Suriyaga qaytarib yuborish kerak.

Javob berish