Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rasmiylar: Oʻzbekiston-Tojikiston chegarasini minalardan tozalash yakunlandi

Neʼmatillo Mirsaidov

Isfara tumanidagi Xonobod jamoasi fermerlari, yanvar. Ular oʻzbek askarlari chegarani minasizlantirganidan mamnun boʻlsa-da, yer koʻchkilari tufayli minalar Oʻzbekistondan Tojikiston tomoniga siljigan boʻlishi mumkinligidan xavotirda. (Neʼmatillo Mirsaidov)

Isfara tumanidagi Xonobod jamoasi fermerlari, yanvar. Ular oʻzbek askarlari chegarani minasizlantirganidan mamnun boʻlsa-da, yer koʻchkilari tufayli minalar Oʻzbekistondan Tojikiston tomoniga siljigan boʻlishi mumkinligidan xavotirda. (Neʼmatillo Mirsaidov)

DUSHANBE – Hukumat rasmiylariga koʻra, Oʻzbekiston Tojikiston bilan chegarani minalardan tozalash jarayonini yakunladi. Shu tariqa jangarilarning ehtimoliy hujumlarini toʻxtatishni maqsad qilgan bir necha oʻn yillik xavfsizlik choralari tugatilgan.

Mamlakatlar minasizlantirish dasturi haqida rasmiy xabar bermagan boʻlsa-da, Tojikiston hukumatidagi bir nechta manba ish yakunlanganini aytib oʻtgan.

“Biz hali ham rasmiy bayonot olmadik, ammo minalarni faqat oʻzbekistonliklar qoʻygani sababli ularning oʻzi qaysi hudud tozalanishi kerakligini bilgan”, dedi Soʻgʻd viloyati hokimiyatining maʼmuriy-huquqiy boʻlimi mudiri Temur Toʻychizoda.

Oʻzbekistonga bildirilgan ishonch

“Ikki davlat rahbariyati tomonidan oʻrnatilgan yuqori darajadagi ishonch ish oʻz vaqtida va vijdonan bajarilgan deb hisoblashimizga asos boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi Patar-Andarxon chegara punkti, yanvar. (Neʼmatillo Mirsaidov)

Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi Patar-Andarxon chegara punkti, yanvar. (Neʼmatillo Mirsaidov)

Javohir Ibrohimov jiyani bilan, 2020-yil yanvarda olingan surat. Javohir va uning singlisi Zarinaning otasi 2010-yil Zarhok qishlogʻi yaqinidagi mina portlashida halok boʻlgan. (Neʼmatillo Mirsaidov)

Javohir Ibrohimov jiyani bilan, 2020-yil yanvarda olingan surat. Javohir va uning singlisi Zarinaning otasi 2010-yil Zarhok qishlogʻi yaqinidagi mina portlashida halok boʻlgan. (Neʼmatillo Mirsaidov)

Oʻzbekiston 2018-yil mart oyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi asnosida imzolangan shartnomaga muvofiq, Tojikiston bilan chegarani minalardan tozaladi, deb xabar bergan Asia-Plus nashri 3-yanvar kuni xavfsizlik idorasida xizmat qiluvchi manba xabariga asoslanib.

Tojikiston parlamenti quyi palatasining huquq-tartibot, mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi raisi Joʻraxon Majidzoda ham oʻzbeklarning minalardan tozalash dasturi yakunlanganiga ishonch bildirdi.

“Tomonlar erishgan kelishuvga koʻra, bu ish 2019-yil oxirida tugatilishi kerak edi, ammo biz hanuzgacha rasmiy xabarni kutyapmiz”, dedi u.

Oʻzbekiston islom harakati (OʻIH) Tojikiston va Qirgʻiziston orqali Oʻzbekistonga bostirib kirishga uringanidan keyin, oʻzbek askarlari 2000-2001-yillarda Tojikiston va Oʻzbekiston chegarasiga piyoda harbiylariga qarshi minalarni joylashtirgan edilar.

Toshkentda sodir etilgan bir nechta terrorchilik hujumlari ham Oʻzbekiston hukumatining qoʻshnilarga nisbatan ishonchiga putur yetkazgan edi.

Jangarilar hujumlarini oldini olish maqsadida Oʻzbekiston harbiylari Soʻgʻd viloyatidagi Isfara, Konibodom, Asht, Mastchoh, Zafarobod, Shahriston va Panjikent tumanlarining Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududlariga mina oʻrnatib chiqishgan edi.

Keyinchalik Tojikiston janubi bilan chegaradosh boʻlgan Oʻzbekiston hududlariga ham mina yotqizilgan.

Fuqarolar orasidagi qurbonlar

Oʻzbek mina maydonlari jangarilarga qarshi kutilganidan kamroq foyda bergan. Deyarli 20 yil ichida minalardan birorta ham jangari halok boʻlmagan.

“Ikki tomonda faqat oddiy aholi va chorva mollarigina qurbon boʻlgan”, dedi mina qurbonlari bilan ishlagan konibodomlik tojik tahlilchisi Zaynuddin Orifiy.

Tojikiston va Oʻzbekiston chegarasida ilk mina portlashi 2000-yil 29-avgustda sodir boʻlgan, oʻshanda toʻrt fuqaro – ikki ayol va ikkita yosh bola hayotdan koʻz yumgan edi. Bu haqda Tojikiston Qizil yarim oy jamiyati xabar bergan. Yana ikki kishi mina parchalaridan jarohatlangan.

Jabrlanganlarning hammasi Isfara tumanining Qizilpilol qishlogʻidan boʻlgan.

Oʻzbekiston tomonidagilarning ham hikoyalari shunga oʻxshash. Odatda ular oddiy, ehtiyojmand kishilar boʻlib, yaqin atrofdagi yaylovlarga oʻtin yiqqani va mol boqqani chiqishgan.

2001-yil may oyida Konibodom tumanining Ravot mahallasida yashovchi Bahrom va Sarviniso Umarovlar mahalliy fermadan ipak qurtlari olib yoʻlga tushadilar. Ular pilla daromadi bilan oila boqishni maqsad qilgan edilar.

Er-xotin pilla oʻrash uchun ishlatiladigan quruq choʻplar terish maqsadida qishloq chekkasiga chiqqanlar, oqibatda Oʻzbekiston hududiga kirib qolib, mina portlashi tufayli qurbon boʻlganlar.

Falokat haqida birinchi boʻlib Bahrom Umarovning qaynisi Oʻktam Roʻziyev xabar topadi. Bahrom voqea joyida halok boʻlgan, Sarviniso esa oʻzbekistonlik chegarachilar tomonidan Beshariq tumanidagi shifoxonaga yetkazilgan, ammo ertasi kuni u ham hayotdan koʻz yumgan.

“Men qaynimning jasadini olish uchun Qoʻqondagi oʻlikxonaga borgan edim”, dedi Ravot mahallasi raisi Qoʻziyev. “Konibodomga qaytganimda, shifokorlar Sarvinisoni ham saqlab qola olmaganlari haqida xabar berishgan. Natijada bir emas, ikkita mayyitni olib ketganman.”

Isfara tumanining Zarhok qishlogʻi kengashi raisi Lola Parpiyeva ham 10 yil avval shu kabi voqeani boshdan kechirganini aytadi.

2010-yil oxirlarida qishloq yaqinida mina portlab ketgan, falokat natijasida qishloq chetida oʻtin terishga chiqqan er-xotin Oybek Ibrohimov va Zarifa Karimova halok boʻlgan.

Ularning ikki nafar farzandi – 10 yashar Zarina va 6 yashar Jahongirni bobosi va buvisi katta qilgan.

Minalardan tozalash jarayoni yakunlanar ekan, tojikistonlik va oʻzbekistonliklar bunday fojiali hodisalar ortiq yuz bermasligiga umid qilmoqdalar, dedi konibodomlik tojik tahlilchisi Orifiy.

“Umid qilamizki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari bilan doʻstlik, hamkorlik va islohotlarni rivojlantirish yoʻlini belgilab olgan boʻlib, yaqin kelajakda minalarga oid Ottava shartnomasini imzolaydi va bundan keyin ikki mamlakat fuqarolari ham mina portlashi qurboni boʻlmaydilar”, deb qoʻshimcha qildi Orifiy.

Oxirgi 20 yil ichida Tojikistonda piyoda qoʻshinlarga qarshi minalar tufayli 376 kishi hayotdan koʻz yumgan, yana 485 kishi kishi ogʻir jarohatlangan, deb xabar bergan TMAC.

Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududda 76 ta tojikistonlik oʻlgan va 160 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Norasmiy xabarlarga koʻra, Oʻzbekistonda 150 kishi oʻlgan va jarohat olgan.

Saqlanib qolayotgan xavf

Mina boʻyicha mutaxassislarning ogohlantirishicha, hududning minalardan tozalangani haqidagi xabarlar chegara hududining toʻliq xavfsiz ekanini anglatmaydi. Yomgʻir va sellar bilan yuviladigan togʻ yon bagʻirlari va jarliklar alohida xavf tugʻdiradi.

Isfara tumani, Neftobod qishlogʻi yaqinidagi tojik chegarachilariga koʻra, oʻtgan yil may oyida Zarhok qishlogʻi yaqinida mina portlagan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan.

“Yozda kuchli yomgʻirlar yogʻib, sel togʻ jinslari va toshlarni olib tushdi. Ular bilan birga hududga bir nechta mina ham kelib qolgan. Shundan soʻng, sapyorlar kelib, qolgan minalarni ham zararsizlantirdilar, deydi chegara qoʻshinlari serjanti Abubakr Mirov.

Xalqaro tashkilotlar xodimlari ham bu borada hushyor boʻlishga chaqirmoqda.

“Yerga koʻmilgan minalar mahalliy topografiya va tabiiy hodisalar taʼsirida turgan joyidan siljishi mumkin, shu bois ham oʻtmishda minalar portlagan joyni xavfsiz deb eʼlon qilishga va belgi yoki koʻrsatkichlarni olib tashlashga shoshilmaslik kerak”, deydi Tojikiston Qizil Yarim Oy jamiyatining “aholini minalar xavfi haqida ogohlantirish” loyihasi koordinatori Oʻlmas Davlatov.

2000-yildan 2011-yilgacha tez-tez mina portlashlari yuz bergan Oʻzbekiston bilan chegaradosh tumanlar aholisi oʻtin yigʻish va chorva mollarini oʻtlatishni allaqachon toʻxtatgan. Yangi yerlarni oʻzlashtiruvchi bogʻbonlar ham ehtiyotkorlik bilan harakat qilishadi.

Navgilem qishlogʻida yashovchi Roʻziboy Rahimovning katta oilasi bor. U Xonobod qishlogʻi yaqinidagi qiyalikda joylashgan yer uchastkasini oʻzlashtirishga bel bogʻladi.

Rahimov mahalliy hokimiyat koʻmagida ikki gektarlik qarovsiz dasht yerini oʻzlashtirdi, daraxtlar ekdi, suv nasoslarini oʻrnatdi va puxta rejalashtirishni amalga oshirdi. Oʻrik va shaftolidan ilk bor hosil olgach, uzum ekib koʻrmoqchi boʻldi.

Uzum uchun u yangi yer uchastkasini oʻrganishga qaror qildi. Yaqin-atrofda minalar portlashi holatlari sodir boʻlgani sababli, u ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.

“Yerimizda minalar yoʻqligini bilamiz, ammo yomgʻir ularni Oʻzbekiston hududidan olib kelishi mumkinligidan qoʻrqamiz”, dedi Rahimov. “Oʻzbekiston oʻz hududini minalardan tozalagani maʼlum boʻlgach, oʻzimizni xavfsizroq his qilamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500