Karvonsaroy
Jamiyat

Qirgʻizistonlik huquq faollari “Gazprom” maktabining noqonuniy egallab olinishiga qarshi kurashmoqchi

Kanat Altinbayev

Bishkekda “Gazprom” tomonidan barpo etilgan yangi maktab, sanasiz surat. “Gazprom” umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻrniga qimmat xususiy maktab qurgan va “20 foiz oʻquvchilar nogiron bolalardan iborat boʻladi” degan vaʼdasida turmagan. (Fayl)

Bishkekda “Gazprom” tomonidan barpo etilgan yangi maktab, sanasiz surat. “Gazprom” umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻrniga qimmat xususiy maktab qurgan va “20 foiz oʻquvchilar nogiron bolalardan iborat boʻladi” degan vaʼdasida turmagan. (Fayl)

BISHKEK – Qirgʻizistonlik huquq faollari Rossiya energetika sohasi giganti – “Gazprom” tomonidan amalga oshirilgan ayrim xatti-harakatlar, jumladan “jamiyatga qarshi qalloblik” va energetika sohasidagi manfaatli kelishuvni buzish kabilarga qarshi kurashni davom ettirmoqchi.

Bishkek sudi bishkeklik huquq faollarining daʼvo arizasini rad etgan holda, umumtaʼlim maktabini “Gazprom”ga topshirishga oid bahsli qarorni maʼqulladi.

Oʻtgan yil noyabr oyida “Bizning huquqimiz” (“Nashe pravo”) nodavlat tashkiloti maktab topshirilishiga qarshi chiqib sudga ariza topshirgan edi. Maktabning Rossiya kompaniyasiga topshirilishini Bishkek hokimiyati ham maʼqullagan.

Rossiyaning energetika giganti tomonidan qurilgan maktab oʻtgan yili ochilgan edi. Shu tariqa “Gazprom” 2013-yilda Qirgʻizistonning eng yirik gaz taʼminotchisi – “Qirgʻizgaz”ning 100 foiz aktsiyalarini ramziy 1 AQSH dollariga sotib olishga oid talablardan birini bajargan.

Kompaniya mahalliy aholiga nogiron va kam taʼminlangan, ijtimoiy nochor oilalarning farzandlari bepul oʻqiydigan oʻta zamonaviy oʻrta taʼlim maktabi qurib berishni vaʼda qilgan. Shu bilan birga, u mamlakatlarning turli shaharlarida sport va taʼlim inshootlarini qurib berishi ham kerak edi.

Maktabning Bishkek hokimiyati tasarrufida boʻlishi koʻzda tutilgan edi.

Ammo oʻtgan yilning kuzida oʻz eshiklarini ochgan “Gazprom” maktabi atrofida mojaro kelib chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, farzandlari oʻqishga qabul qilingan taqdirda, ota-onalar har oy qirgʻizistonlik oilaning qurbi yetmaydigan haq toʻlashi kerak boʻlgan.

“Gazprom” maktabida bir oylik taʼlim haqi 22 ming qirgʻiz soʻmi (315 AQSH dollari). Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilda Qirgʻizistondagi oʻrtacha oylik maosh 16415 qirgʻiz soʻmi (235 AQSH dollari) boʻlgan.

Farzandlarining maktabga borishini intiqlik bilan kutgan aholi “Gazprom”ning bu ishini “jamiyatga qarshi firibgarlik” deb atadi. Huquq faollari esa davlat taʼlim muassasasini xususiy tashkilotga topshirish noqonuniy ekanligini aytmoqda.

Hokimiyat maktab faoliyati uchun pul toʻlay olmasligini aytib, uni “Gazprom”ga oʻtkazib berdi va bu bilan xalq gʻazabini qoʻzgʻadi.

Sud oʻtgan hafta qaror chiqardi, deb xabar bergan Kaktus.media 7-fevral kuni.

“Gazprom”ning noqonuniy harakatlari

Sud maktabning “Gazprom”ga topshirilishi qonuniy ekanligi haqida qaror chiqarmagan, dedi “Bizning huquqimiz” vakili Svetlana Antropova. Buning oʻrniga, sud qarorida daʼvogarning huquqlari buzilmagani aniqlangan.

Huquqbon tashkilot prokuraturaga sud qaroridagi kamchiliklarni koʻrsatgan holda maktub tayyorladi. Antropovaning soʻzlariga koʻra, u mazkur qaror ustidan Oliy sudga shikoyat qilmoqchi.

“Maktabni “Gazprom”ga oʻtkazib berish jinoyat, chunki bizning (qirgʻizlarning) 3,5 gektar yeri hech qanday tendersiz, hech qanday toʻlovlarsiz “Gazprom”ga mutlaqo bepul abadiy berib yuborilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolar manfaati hisobga olinmagan”, dedi Antropova.

“Bu hududdagi elektr tarmoqlari va yoʻllar soliq toʻlovchilar hisobidan qurilgan boʻlsa-da, “Gazprom” ulardan foydalanadi, ammo aholiga maktabdan hech qanday foyda yoʻq, chunki u boylar uchun maxsus qurilgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bishkekdagi jamoatchilik va inson huquqlari faollari maktabni “Gazprom”ga topshirish boʻyicha hukumatlararo shartnomani imzolamaslikni soʻrab, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xat yoʻllaganlar.

“Maktubda biz Putindan “Gazprom” faoliyatining qonuniyligini tekshirishini soʻraganmiz”, dedi Antropova.

Bishkekliklardan deyarli hech kim Putindan yordam kutayotgani yoʻq.

“Putin Rossiya tashqi siyosatida davlatlarimiz manfaatlarini, jumladan oddiy xalq manfaatini ham eng oxirga oʻringa qoʻyadi”, deydi bishkeklik Ayzad Kidirova. U taʼlim olish haqining oʻta yuqoriligi sabab oʻgʻlini “Gazprom” maktabiga bera olmagan.

“Gazprom” uchun manfaatli boʻlgan narsa Rossiyaga ham foyda keltiradi, shu sabab u bizga yon bosmaydi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Katsaplarga zinhor ishonmaslik kerak.

Javob berish