Karvonsaroy
Terrorizm

Dushanbe ekstraditsiya qilingan tojikistonlik ID jangarilarining sirini fosh etmoqchi

Karvonsaroy

Soʻgʻd viloyati prokuraturasida matbuot anjumani, 14-fevral, Xoʻjand. (Neʼmatillo Mirsaidov)

Soʻgʻd viloyati prokuraturasida matbuot anjumani, 14-fevral, Xoʻjand. (Neʼmatillo Mirsaidov)

DUSHANBE – Tojikiston hukumati qator hujumlarga aloqador boʻlgan va terrorchilikka yollash bilan shugʻullangan toʻrt nafar “Islom davlati” (ID) jangarisini Suriyadan ekstraditsiya qilishni rejalashtirmoqda.

Tojikiston hukumati Parviz Saidrahmonov va Tojiddin Nazarovlar kurd kuchlari tomonidan qoʻlga olingani hamda “Suriya va Iroqdagi qamoqxonalarda” ekanligini aniqladi. Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosiga koʻra, bu haqda Tojikiston bosh prokuraturasi 28-yanvar kuni xabar bergan.

Stokholm hujumiga aloqadorlik

32 yashar tojik fuqarolari – Abu Dovud taxallusi bilan tanish Saidrahmonov va Abu Usoma Nurakiy nomi bilan tanilgan Nazarovlar Rossiya va Tojikistonda qidiruvda edilar.

Ular 2017-yil 7-aprelda Stokholmda oʻgʻirlangan yuk mashinasini piyodalar ustiga haydab, uch nafar shved, britaniyalik erkak va belgiyalik ayolni oʻldirganlikda ayblangan va Shvetsiyada umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan oʻzbekistonlik etnik tojik Rahmat Oqilovning sheriklari boʻlishgan. Shvetsiyadagi qurbonlar orasida 11 yoshli qiz ham bor edi.

Suriyadagi ID jangarilari karvoni, 2018-yil. (Fayl)

Suriyadagi ID jangarilari karvoni, 2018-yil. (Fayl)

“Biz Saidrahmonovni vataniga qaytarish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini yakunlayapmiz va tez orada uning Tojikistonga olib kelinishiga umid qilamiz”, dedi bosh prokuratura idorasi vakili Muzaffar Yusufiy.

“Saidrahmonovdan tashqari tojikistonliklarni yollash bilan shugʻullangan boshqa ID jangarilari ham ekstraditsiya qilinadi”, dedi Yusufiy. U Tojikistonga qaytarish rejalashtirilayotgan boshqa ekstremistlar haqida batafsil maʼlumot bermagan.

Tojikistonga qaytishi kutilayotgan terrorchilar qatorida Dilovar Dodoyev va Abdulahad Nazarov ham bor. Bu haqda RFE/RL radiosiga Tojikiston huquq-tartibot idoralaridagi manba xabar bergan. Ular 2019-yilda Suriyada qoʻlga olingan edi.

“Ularning hammasi vataniga qaytariladi va qonuniy jazosini oladi”, deb aytgan Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon 31-yanvar kuni Dushanbeda.

“Parviz Saidrahmonov ayni damda Suriyada. Biz Suriya hukumati bilan uning Tojikistonga ekstraditsiyasi boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdik”, dedi Tojikiston fuqarolarining ekstremistik va terrorchilik tashkilotlariga qoʻshilishining oldini olish boʻyicha respublika boshqarmasi rahbari Yusuf Qurbon Muzaffar xuddi shu matbuot anjumanida.

“Ishimiz ijobiy yakun topishiga umid qilamiz. U bilan birga, Suriya qamoqxonalaridagi boshqa tojikistonlik ID yetakchilari ham ekstraditsiya qilinadi”, dedi u.

“Roʻyxatimizda boshqalar bilan bir qatorda Tojiddin Nazarov ham bor”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tugunlarni yechish

Tojikiston ilk bor Yaqin Sharqdagi ID jangarilarining oila aʼzolarini emas, balki ularning oʻzini ekstraditsiya qilishga urinmoqda, deb taʼkidladi RFE/RL.

2019-yilda terrorchi guruh “xalifaligi” inqirozga yuz tutgach, Dushanbe tojikistonlik ID aʼzolarining oʻnlab yosh farzandlarini vataniga qaytargan edi.

Hukumatga koʻra, “ID” jangarilari va oila aʼzolarining chet elda qolishi Tojikiston milliy xavfsizligi uchun tahdiddir.

2014-yildan beri 2000 ga yaqin tojikistonlik, jumladan ayollar va yosh bolalar Suriya va Iroqqa joʻnab ketgan, ularning 1000 dan ortigʻi oʻldirilgan, deb aytgan ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda oʻtgan hafta Avesta.tj nashriga koʻra.

“Suriya oʻz aholisini boqa olmay boshi qotgan. Shunday boʻlsa-da, u jangarilarni hibsda ushlab ularni oziq-ovqat bilan taʼminlayapti”, dedi Soʻgʻd viloyati prokurorining oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha yordamchisi Tavakkal Fayzullo Ahmadiyon (sobiq ismi Tavakkal Fayzullozoda).

“Suriya hukumati boshqa davlatlardan kelgan jangarilarning imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishini istaydi. Shunday ekan, bu borada muammo boʻlmaydi. Ammo jangarilarni qanday qilib ekstraditsiya qilish muammosi bor”, dedi u.

“Xavfli jinoyatchilarni transportda olib ketish muammosi hal qilinishi lozim”, dedi Ahmadiyon. “Bu oson ish emas.”

Saidrahmonov va Nazarovning ekstraditsiyasi “koʻplab xavflarni bartaraf etib, postsovet hududdagi ID faoliyatiga oid sirlarni oshkor qiladi”, deydi bir vaqtlar Tojikiston prezidenti qoshidagi strategik tadqiqot markazida faoliyat yuritgan dushanbelik tahlilchi Sherali Rizoiyon.

Hukumat “ID safiga fuqarolarni yollash texnologiyalari, qanday va qaysi shart-sharoitlarda yuzlab kishilar yollanganiga oid muhim maʼlumotlardan voqif boʻladi”, dedi u.

Gʻoyaviy magʻlubiyat

“Hibsga olinganlarning biri gapirmasa, boshqasi albatta gapiradi. Ular biz oʻylaganchalik jasur emas... Ular tergovchining munosib muomalasiga “erishish uchun” oʻz fanatlarini ham osongina sotishga tayyor”, deydi Rizoiyon.

“Ular oʻnlab hamtovoqlarining qayerda ekanligi, ular bilan nima yuz bergani, ularning qoʻporuvchilik rejalari haqida soʻzlab berishlari mumkin. Bu terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda huquq-tartibot idoralari uchun juda foydali maʼlumot boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

“ID tomonidan boy berilgan urushni IDning harbiy magʻlubiyati deb ataydigan boʻlsak, jangarilarning vataniga topshirilishini mafkuraviy magʻlubiyat deyish mumkin, chunki ular baxtli hayot vaʼdasi bilan oʻz vatandoshlarini aldab, terrorga yollagan yolgʻonchilar sifatida sharmanda boʻladilar”, deydi Soʻgʻd viloyati hokimligining diniy ishlar boshqarmasi boshligʻi Suhrob Rustamzoda.

Saidrahmonov va Nazarov kabi mafkurachilar siyosiy sahnadan olib tashlangach, “ID Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarini yollashga ixtisoslashgan asosiy kanaldan mahrum boʻlishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tojikiston Suriya va Iroqda ID safida kurashgan tojik fuqarolarini qamoqqa olish bilan birga, oʻz hududida ham ekstremizmga qarshi kurashni davom ettirmoqda.

Oʻtgan yili Tojikiston ichki ishlar idoralari tomonidan 161 terrorchi va ekstremist hibsga olindi, dedi oʻtgan hafta ichki ishlar vaziri Rahimzoda. Bundan tashqari, mamlakat huquq-tartibot idoralari yordami bilan chet elda jang qilgan 218 tojik jangarisi vataniga qaytgan.

Oʻtgan yili mamlakatda ikkita terakt sodir etilgan, ikkitasining oldi olingan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500