Karvonsaroy
Inson huquqlari

Sizdirilgan hujjatlarda Xitoyning qozoq va uygʻurlarni qanday taʼqib qilgani va hibsga olgani maʼlum boʻldi

Karvonsaroy va AFP

2019-yilning 31-may kuni olingan surat: Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon viloyatining Xotan shahri yaqinidagi asosan musulmon etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlar hibsda saqlanadigan qayta tarbiyalash maskanini oʻz ichiga olgan majmuaning tashqi devorlari. [Greg Beyker / AFP]

2019-yilning 31-may kuni olingan surat: Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon viloyatining Xotan shahri yaqinidagi asosan musulmon etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlar hibsda saqlanadigan qayta tarbiyalash maskanini oʻz ichiga olgan majmuaning tashqi devorlari. [Greg Beyker / AFP]

NUR-SULTON - Yangi oshkor qilingan hujjatda Xitoyning Shinjon mintaqasidagi etnik qozoqlar, uygʻurlar va boshqa ozchiliklarni muntazam ravishda taʼqib qilgani toʻgʻrisida maʼlumot berilgan.

Soʻnggi bir necha yil davomida Shinjon maʼmurlari yuz minglab musulmonlar, jumladan etnik qozoqlarni ham qayta tarbiyalash markazlariga joylashtirgan. Mintaqada kamida 1,5 million qozoq istiqomat qiladi. Ular bu yerda uygʻurlardan keyin ikkinchi eng yirik turkiy guruh vakilidir.

Xitoy hukumatining iddaosiga koʻra, Shinjonda olib borilayotgan siyosat terrorchilik va ayirmachilik qarshi kurashga qaratilgan boʻlib, lagerlar mandarin (Xitoy) tilini va boshqa koʻnikmalarni oʻrgatishga ixtisoslashgan.

Biroq, yaqinda eʼlon qilingan hujjatda hibslarning qanday amalga oshirilgani va alohida shaxslarga oid tafsilotlar sinchkovlik bilan oʻrganilgani haqida batafsil maʼlumot berilgan boʻlib, bu Pekinning lagerlar oddiy maktab ekanligi haqidagi daʼvosiga ziddir, deyiladi dushanba (17-fevral) kuni The New York Times nashrida eʼlon qilingan hisobotda.

Matbuotga sizdirilgan hujjatlarning birinchi sahifasida Xitoy hukumati musulmon ozchiliklarining “muammoli” xatti-harakatlari va munosabatlarini qanday kuzatgani haqida soʻz yuritilgan. [Fayl]

Matbuotga sizdirilgan hujjatlarning birinchi sahifasida Xitoy hukumati musulmon ozchiliklarining “muammoli” xatti-harakatlari va munosabatlarini qanday kuzatgani haqida soʻz yuritilgan. [Fayl]

2-fevral kuni AQSHning Nur-Sultondagi elchisi qarorgohidagi oʻtovda AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Qozogʻiston fuqarolari bilan uchrashdi. Ular Shinjondagi qarindoshlari Xitoy hukumati tomonidan hibsga olinganini aytganlar. [Kevin Lamark / AFP]

2-fevral kuni AQSHning Nur-Sultondagi elchisi qarorgohidagi oʻtovda AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Qozogʻiston fuqarolari bilan uchrashdi. Ular Shinjondagi qarindoshlari Xitoy hukumati tomonidan hibsga olinganini aytganlar. [Kevin Lamark / AFP]

137 sahifalik jadvaldan iborat bu hujjatda Shinjonning Qoraqosh okrugi maʼmurlari lagerlarda saqlanayotgan 300 dan ortiq kishi, shuningdek, ularning qoʻshnilari va qarindoshlari haqida maʼlumot yiqqani aytiladi.

Sinchkovlik bilan kuzatilganlar orasida 16 yoshdan kichik bolalar ham bor.

Batafsil yozuvlarda lagerga olib kelingan shaxslarning kelib chiqishi, diniy urf-odatlari va oʻzaro munosabatlari, shuningdek, hukumat muammoli deb topgan turli xatti-harakatlar qayd etilgan.

Shuningdek, spirtli ichimliklardan bosh tortish, diniy ziyoratga borish yoki dafn marosimida qatnashish kabi beozor ishlar ham qayd etib borilgan. Hujjat shuningdek, odamlar necha mahal ibodat qilishlari, diniy libos kiyishi yoki uzun soqol qoʻyishi, kim bilan muloqotda boʻlgani va oilasining xatti-harakatlarini ham oʻz ichiga olgan.

Jadvalning oxirgi ustunida qoʻlga olinganlarni hibsda qoldirish yoki ozod qilish va ozod qilinganlarni hibsga qaytarish boʻyicha hukmlar bildirilgan.

Roʻyxatdagilarning biri – 38 yashar ayol bir necha yil oldin hijobda yurgani uchungina lagerga “qayta oʻqitish” uchun joʻnatilgan, deb xabar bergan BBC hujjatni oʻrganib chiqib.

Shuningdek, “alohida xavf tugʻdirmaydi” deb tavsiflangan 34 yoshli erkak xorijga chiqish pasportini olish maqsadida davlat organlariga murojaat qilgani uchun lagerga tashlangan.

28 yoshli shaxs “bir havolaga (link) bosib, bexosdan xorijiy veb-saytga kirib qolgani uchun” lagerga joʻnatilgani yozilgan.

2019-yil oxirida Xitoy “kasb-hunarga oʻqitish markazlari”dagi har bir kishi oʻqishni “tugallaganini” eʼlon qilgan boʻlsa-da, ayrim markazlar “oʻz xohishi bilan” qatnashni istagan yangi talabalar uchun ochiq qolishi mumkinligini aytgan.

BBCning taʼkidlashicha, Qoraqosh roʻyxatidagi 311 shaxsning qariyb 90 foizi allaqachon ozod qilingan yoki lagerlarda yillik muddatni oʻtagan va ozod qilinishi kutilayotganlar qatorida koʻrsatilgan.

Qozoqlar gʻazabda

Etnik qozoqlar boshpana izlab Qozogʻistonga qochib kelayotganitufayli Xitoyning Shinjonda olib borayotgan siyosati qozogʻistonliklarning gʻazabiga uchragan.

Qozogʻiston sudi yanvar oyida Shinjondan qochib, Qozogʻistondan boshpana soʻragan ikki Xitoy fuqarosining ishi yuzasidan hukm chiqardi. Hukumat ularni Xitoyga qaytarmaslikka qaror qildi, deb xabar beradi AFP.

Advokat Lazzat Axatning AFP nashriga maʼlum qiligicha, Qozogʻiston sudi chegarani noqonuniy kesib oʻtgani uchun Kaster Musoxon va Murager Aliuliga bir yillik qamoq jazosi belgilagan edi.

Sud qoʻlgan olinganlarni Xitoyga qaytarmaslikka va shu choqqacha qamoqda oʻtirgan muddatini inobatga olgan holda yana 5 oylik qamoq jazosi berilishi haqida qaror chiqargan.

Oktabr oyida chegarani kesib oʻtishidan avval Xitoy qamoqxonalarida kaltaklangan mahkumlar yana qoʻlga tushishdan qoʻrqishini aytgan.

Bunga oʻxshash voqealar avval ham yuz bergan.

2019-yil oxirlarida rasmiy Ostona Pekinning Xitoydan Qozogʻistonga qochib oʻtgan etnik qozoq Kaisha Akanni deportatsiya qilish talabini rad etdi.

Buning oʻrniga, 23-dekabr kuni Olmaota viloyatining Jarkent sudi Kaisha Akanni “chegarani noqonuniy kesib oʻtishda” ayblab, olti oylik shartli qamoqqa hukm qildi. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qozoq xizmati xabar bergan.

Bu orada, oʻtgan yil iyunda Xitoyda tugʻilgan etnik qozoq Sayragul Sautbay Qozogʻistondan Shvetsiyaga qochib oʻtgan va u yerda qochqin maqomini olgan.

42 yashar Xitoy fuqarosi Sautbay 2018-yil aprel oyida soxtalashtirilgan hujjatlar bilan Qozogʻistonga oʻtgan va mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olingan edi.

Oʻsha yilning yoz oylarida Jarkentda boʻlib oʻtgan sud jarayonida u Xitoyning Shinjon viloyatidagi musulmon ozchiliklar uchun moʻljallangan qayta tarbiyalash maskanlariga oid mudhish tafsilotlarni ochiqladi.

Lager aslida “haqiqiy qamoqxona” va u yerda 2500 dan ortiq etnik qozoqlar saqlanadi, deb aytgan u.

Sud Sautbayga shartli hukm chiqarib, uni qamoqdan ozod qildi va Xitoyga deportatsiya qilinmasligini aytdi. Oxir-oqibat, Sautbay Shvetsiyaga koʻchib ketgan.

Qochqinlarni saqlab qolish

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo oʻzining Markaziy Osiyoga qilgan soʻnggi tashrifidavomida Qozogʻiston pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlab, boshqa davlatlarni ham Shinjondan qochayotgan etnik ozchilik aʼzolariga boshpana berishga chaqirdi.

“Biz mamlakatlardan Xitoydan qochib kelayotganlar uchun boshpana va himoya taqdim etishni soʻraymiz”, deb aytgan Pompeo 2-fevral kuni Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi bilan oʻtkazgan anjumanida.

“Inson sharafini himoya qiling, toʻgʻri boʻlgan ishni qiling”, dedi Pompeo.

Pompeo Oʻzbekistonga tashrifidan avval Qozogʻistonning yuqori lavozimli rasmiylari bilan uchrashgan.

U poytaxt Nur-Sultonga tashrifi davomida 2-fevral kuni qarindoshlari Shinjonda hibsda boʻlgan qozogʻistonliklar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

“Qoʻshma Shtatlar sizning holatingiz va Shinjondagi Xitoy repressiyasiga yechim topish uchun barcha choralarni koʻradi”, deb aytgan Pompeo qozogʻistonliklarga Nur-Sultondagi AQSH elchixonasi bayonotiga koʻra.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qozogʻistonning Xitoy bilan munosabatlari yaxshi

Javob berish

Xitoy Qozogʻistonni qoqib yotibdi, shunga hammasi yaxshi

Javob berish