Karvonsaroy
Iqtisodiyot

YOIIdan norozilik kuchayib borayotgan bir paytda Qozogʻiston himoya choralarini qoʻllamoqchi

Kanat Altinbayev

Rossiya avtomobillari sotiladigan dilerlik markazi, 20-fevral, Olmaota. Rossiyaning “GAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi Qozogʻiston bozorini monopollashtirish maqsadida YOII savdo imtiyozlaridan foydalanmoqda. [Kanat Altinbayev]

Rossiya avtomobillari sotiladigan dilerlik markazi, 20-fevral, Olmaota. Rossiyaning “GAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi Qozogʻiston bozorini monopollashtirish maqsadida YOII savdo imtiyozlaridan foydalanmoqda. [Kanat Altinbayev]

OLMAOTA – Qozogʻiston Rossiyaning siyosati va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining (YOII) adolatsiz harakatlariga javoban bir qator protektsion choralar qoʻllashni koʻzlamoqda.

Qozogʻiston Savdo va integratsiya vazirligi 2021-2025-yillarga moʻljallangan savdoni rivojlantirishga oid davlat dasturi konsepsiyasini tayyorladi, deb xabar beradi Nur.kz 12-fevral kuni.

“YOII bozorlarida Qozogʻiston tovar va xizmatlarining erkin harakatlanishini cheklaydigan toʻsiqlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish boʻyicha ishlar jadallashtiriladi”, deyiladi hujjatda.

Nur-Sultonning yangi savdo konsepsiyasi “boshqa davlatlarning ichki bozorlarni himoya qilishga oid tajribasi”ni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, mahalliy kompaniyalarga davlat tomonidan diplomatik yordam koʻrsatilishini nazarda tutadi.

Qozogʻistonning “Raxat” qandolatchilik korxonasi muntazam ravishda Rossiyaning tartibga soluvchi idoralari tarafidan diskriminatsion choralarga uchrab kelmoqda. Suratda – Olmaotadagi “Raxat” doʻkonlaridan biri, 2-fevral. [Kanat Altinbayev]

Qozogʻistonning “Raxat” qandolatchilik korxonasi muntazam ravishda Rossiyaning tartibga soluvchi idoralari tarafidan diskriminatsion choralarga uchrab kelmoqda. Suratda – Olmaotadagi “Raxat” doʻkonlaridan biri, 2-fevral. [Kanat Altinbayev]

“Chet el davlatlari tomonidan keng miqyosda cheklov choralarining qoʻllanishi va proteksionizmning kuchayishi sharoitida, Qozogʻistondan keladigan tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk bu kabi choralar obyektiga aylanishi xavfi mavjud”, deyiladi vazirlik hujjatida.

Hujjat biznes hamjamiyati va davlat idoralarini yangi savdo siyosatini birgalikda amalga oshirish va “ichki bozorni himoya qilish uchun takliflarni ishlab chiqish va vositalarni qoʻllashga” yoʻnaltiradi.

Shu munosabat bilan Savdo va integratsiya vazirligi iqtisodiy masalalar bilan shugʻullanuvchi barcha davlat idoralaridan tarkib topgan operativ shtabni ishga tushiradi. Shtab davlat nomidan yechimlar ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi.

“Qabul qilingan” javob choralari “xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalariga, Qozogʻiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tarzda va Qozogʻistonning iqtisodiy manfaatlarini samarali himoya qilish uchun zarur boʻlgan (yetkazilgan zarar hajmiga teng) darajada amaliyotga tatbiq etiladi”, deyiladi hujjatda.

Qozogʻiston oʻz qonunlarini tashqi savdodagi tahdid va xatarlarga tezda javob bera oladigan qilib isloh qilmoqchi.

Rossiya proteksionizmiga qarshi javob choralari

Yangi siyosat Rossiyaning adovatli hatti-harakatlariga nisbatan ochiq javobdir, deydi kuzatuvchilar.

Qozogʻistonlik eksportchilar Rossiyada oʻz mahsulotlarini sotishda sunʼiy toʻsiqlar va hatto tartibga solish organlarining bosimiga duch kelayotganliklaridan muntazam shikoyat qilib kelishgan. Boshqa davlatlar YOII komissiyasining yigʻilishlarida doimiy ravishda bu muammolarni koʻtaradilar, ammo ular hal qilinmaydi.

Olmaotada yashovchi sobiq qozoq diplomati va “Markaziy Osiyodagi geosiyosat” kitobining muallifi Rasul Jumalining soʻzlariga koʻra, YOII Rossiya ishbilarmonlari, investitsiyalari va mahsulotlari uchungina qulay shart-sharoitlar yaratgan, tashkilotga aʼzo boshqa mamlakatdagi raqobatchilar esa ogʻir va teng boʻlmagan sharoitlarda ishlashga majbur.

Rossiya “raqobatchilarni yoʻq qilish” uchun nobozor mexanizmlar va nazorat tashkilotlarni ishga solmoqda, deydi u.

Olmaotalik iqtisodiy tahlilchi Denis Krivosheyev YOII doirasidagi tajovuzkor harakatlarga nisbatan Qozogʻistonning “javob” choralari qoʻllash siyosatini qoʻllab-quvvatlamoqda.

“Biz koʻp hollarda proteksionistik siyosat qanday shakllantirilishini anglamay, ancha vaqt orqaga chekinib keldik”, dedi u.

“Ichki toʻsiqlar va cheklovlarni bartaraf etish, yanada murakkab va noshaffof toʻsiqlarni hosil qilish – bu nafaqat isteʼmolchi, balki ishlab chiqaruvchi ham gʻalaba qozonishi kerak boʻlgan haqiqiy savdo urushidir”, deya qoʻshimcha qildi u.

Qirgʻizistonda norozilik kuchaymoqda

YOII faoliyatidan norozilik tashkilotga 2015-yil avgustdan beri aʼzo boʻlgan Qirgʻizistonda ham kuchayib bormoqda.

Xalqaro respublika instituti (IRI) nodavlat tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, soʻnggi ikki yil ichida Qirgʻizistonning YOIIga aʼzoligi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi, deb hisoblaydigan fuqarolar soni 10 foizga oshgan.

IRI 2019-yilning noyabr va dekabr oylarida mamlakat boʻylab 1500 ga yaqin qirgʻizistonliklar ishtirokida soʻrovnoma oʻtkazgan.

2017-yili oʻtkazilgan tadqiqotda 7 foiz respondent YOIIga aʼzolik mamlakatga “salbiy taʼsir” koʻrsatganini bildirgan edi. Soʻralganlarning uch foizi esa bu taʼsirning “oʻta salbiy” boʻlganini aytgan.

2019-yilgi raqamlar sezilarli darajada oʻzgardi. Respondentlar orasida YOIIga aʼzolikning samarasi haqida berilgan savolga 13 foiz odam “salbiy” va 4 foiz “oʻta salbiy”, deb javob bergan.

Shu bilan birga, Yevroosiyo integratsiyasiga oʻta xayrixoh boʻlganlar soni keskin qisqargan.

Ikki yil ichida ularning ulushi 29 foizdan 19 foizga kamaydi.

Hukmronlik doirasi

Bunday munosabatni yil boshida YOIIga qoʻshilishdan bosh tortgan Oʻzbekistonda ham kuzatish mumkin.

20 yanvar kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Rossiya yetakchiligidagi YOIIga aʼzo boʻlmasligini, balki kuzatuvchi maqomida boʻlishini eʼlon qilgan edi.

“Biz bu ittifoqqa aʼzo boʻlib kirmaymiz”, deb aytgan Mirziyoyev yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlardan soʻng parlament yuqori palatasiga qilgan murojaatida.

“Bir narsani bilib qoʻyinglar. Hech kim mustaqillikni hech kimga berib qoʻymaydi. Mustaqillik xalq ishongan prezidentning qoʻlida”, deb aytgan edi u.

Oʻzbekistonning asosiy prinsipi oʻz mustaqilligini saqlab qolish, degan edi oʻshanda Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahlil markazi rahbari Farhod Tolipov.

“Tahlilchilar Rossiya postsovet hududini yana oʻz taʼsir doirasi va nazoratiga qaytarishga urinayotganini taʼkidlamoqda, bu esa Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetiga rahna soladi”, dedi Tolipov YOIIni nazarda tutib.

Oʻzbekistonni YOIIga aʼzo qilish taklifi “YOIIga aʼzo boshqa kichik davlatlar bilan boʻlgani kabi Rossiyaga qaramlikning oʻziga xos zamonaviy koʻrinishi sifatida baholanishi mumkin”, dedi Tolipov.

Oʻzbekistonning YOIIga aʼzo boʻlishi tarafdorlari kelajakdagi iqtisodiy manfaatlar haqida gapirsa-da, hozirga qadar hech kim bu qarorni qoʻllab-quvvatlaydigan ishonchli dalil keltirmagan, dedi Tolipov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qozogʻiston, bu ittifoqni tark et! Xalqing bu yerdan qochib ketmasidan!

Javob berish

Moskva viloyati Podolsk shahridagi 5-politsiya uchastkasining navbatchi zobiti bilan suhbat audioyozuvi https://www.youtube.com/watch?v=cdvDEwwjKVA

Javob berish

Moskvada migrantlar “ovi”: https://www.youtube.com/watch?v=7B9kd-X4THY

Javob berish

Bojxona ittifoqi samarasiz tashkilot boʻlib chiqdi.

Javob berish