DUSHANBE – Tojikiston hukumati “Islom davlati” (ID) parchalanganidan keyin urush ichida qolib ketgan Suriyadagi qochqinlar lagerlaridan 500 ga yaqin fuqarolarini vataniga qaytarishni rejalayotgani haqida xabar berdi.
Koalitsiya kuchlari oʻtgan yil mart oyida IDning Suriyadagi soʻnggi istehkomini egallagan .
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinning seshanba (18-fevral) kuni Dushanbeda maʼlum qilishicha, “Suriya lagerlarida qolib ketgan barcha fuqarolarni Tojikistonga olib kelish rejalashtirilmoqda” deb xabar beradi ASIA-Plus.
“Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, hozirda Suriyadagi jamloqlarda 500 ga yaqin tojikistonlik bor”, dedi u. “Xalqaro tashkilotlar taqdim etgan axborotga koʻra 212 nafar tojikistonlik ayol va yosh bolalar Suriyadagi qochqinlar lagerlarida va ular uyga qaytishni istamoqda . Biz Suriyadagi tojikistonliklar sonini aniqlash choralari koʻrilmoqda, muzokalar olib borilyapti.”
Suriya hukumati hamda “ID jangarilari va ularning sheriklari” joylashgan jamloqlarni nazorat qiluvchi Suriya demokratik kuchlari bilan muzokaralar davom etmoqda, dedi Muhriddin.
“Quvayt va Suriyadagi elchimiz Suriya tomoni bilan muzokara oʻtkazdi”, dedi Muhriddin. “Shuningdek, UNICEF va ICRC (Xalqaro qizil xoch qoʻmitasi) bilan ham hamkorlik qilyapmiz. Ikkala tashkilot Tojikiston hukumatining repatriatsiya va reabilitatsiya choralariga koʻmaklashishga tayyorligini bildirgan.
Suriyada Tojikistonning muvaqqat diplomatik missiyasini ochish haqida berilgan savolga Muhriddin ushbu masala koʻrib chiqilayotganini aytdi.
Tojikiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari Suriya va Iroqdagi radikallashgan fuqarolar va ularning oila aʼzolarini vataniga qatarish ustida ishlamoqda.
Qozogʻiston hukumati shu oy 600 dan ortiq qozogʻistonlikni vataniga qaytarish boʻyicha operatsiyani yakunladi. Oʻtgan yili may oyida Oʻzbekiston Yaqin Sharqdagi turli nizo nuqtalaridan 156 nafar fuqaroni uyiga qaytarish boʻyicha insonparvarlik operatsiyasi oʻtkazgan edi.
Oʻtgan yil oktyar oyida Oʻzbekiston hukumati 64 ta oʻzbekistonlik, jumladan 14 nafar yosh bola va uch yoshdan kichik bolakaylarni Iroqdan Toshkentga olib kelgan.
Oʻtgan yil aprel oyida Tojikiston Iroq qamoqxonalaridagi tojik ayollarining 84 nafar farzandini vataniga qaytardi.
Bolalar vataniga qaytishi bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, kerakli tibbiy muolajalarni olishgan va emlangan. Bolalar bilan maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan psixologlar va murabbiylar ishlagan.
Oʻtgan oyda Tojikiston ilk marta tojikistonlik ID jangarilarini ekstraditsiya qilishni rejalashtirdi , ular bir qator hujumlarga va jangarilikka yollash tadbirlariga aloqador deb topilgan edi.
Al-Hol jamlogʻi
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2014-yildan beri 1900 ga yaqin tojikistonlik Iroq va Suriyaga ketgan, deb yozadi ASIA-Plus nashri.
Nashrga koʻra, ularning 1700 dan ortigʻi xalqaro qidiruvga berilgan shaxslar edi. Yaqin Sharqdagi toʻqnashuvlarda taxminan 500 tacha tojikistonlik oʻldirilgan va 700 dan ortigʻi qoʻlga olingan.
Ularning ayrimlari Tojikistonga qaytarilgan va chet eldagi terrorchilik tashkilotlari safida jangarilik qilish yoki yollash faoliyatini olib borishda ayblangan, deb xabar beradi nashr.
Oʻtgan yil sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Suriyani tekshirish boʻyicha komissiyasi al-Hol jamlogʻida 70 ming kishi saqlanayotgani, ularning aksariyati ayollar va 12 yoshdan kichik bolalar ekanligi haqida xabar bergan.
Komissiya vakili Paulo Pinyeyruga koʻra, BMTga aʼzo aksar davlatlar ekstremizmga aloqador boʻlishi mumkinligi bois bolalarni, ayniqsa 12 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarni vataniga qaytarishdan bosh tortadi.