Karvonsaroy
Energiya

TAPH loyihasini amalga oshirayotgan Turkmaniston gaz sohasiga investitsiyalarni jadallashtirmoqda

Jumaguli Annayev

TAPH gaz quvuri uchun moʻljallangan qurilish materiallari, 2016-yilning may oyida Mari viloyatining Yoʻloʻtan tumanida olingan surat. [Fayl]

TAPH gaz quvuri uchun moʻljallangan qurilish materiallari, 2016-yilning may oyida Mari viloyatining Yoʻloʻtan tumanida olingan surat. [Fayl]

ASHXOBOD – Turkmaniston - Afgʻoniston - Pokiston - Hindiston (TAPH) tabiiy gaz quvuri qurilishi davom etar ekan, Turkmaniston gaz va energetika sanoatini rivojlantirishga oid chora-tadbirlarni jadallashtirmoqda.

Gaz quvuri ishga tushadigan boʻlsa, Turkmaniston Janubiy Osiyoning ulkan bozoriga chiqib, uni Gazpromga qaramlikdan xalos qilishi mumkin. Rossiyaning monopol gaz kompaniyasi Turkmaniston gazini juda arzon narxlarda sotib oladi, chunki Turkmanistonning Xitoydan boshqa muqobil xaridorlari yoʻq.

Loyihada, shuningdek urush tufayli vayron boʻlayozgan Afgʻonistonda yangi ish oʻrinlari yaratish, gaz tranziti uchun manfaatli toʻlovlar hamda uglevodorod zaxiralari yetishmaydigan Pokiston va Hindiston uchun moʻl gaz yetkazib berish ham koʻzda tutilgan.

Dushanba-seshanba (24-25-fevral) kunlari Turkmaniston Dubayda “TAPH – tinchlik va hamkorlik uchun gaz quvuri” xalqaro konferensiyasi va forumini oʻtkazadi, deb xabar beradi Turkmaniston davlat axborot agentligi 20-fevral kuni.

Tadbirda Ashxobod rasmiylari bilan bir qatorda, xalqaro neft-gaz kompaniyalari, moliyaviy institutlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.

Xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirokida oʻtadigan davra suhbatida Turkmanistonda gaz va neft-kimyo sanoatini rivojlantirish hamda Kaspiy dengizining Turkmanistonga tegishli hududlariga kitirilajak investitsiyalar muhokama qilinadi.

Ushbu anjuman bilan bir qatorda, Turkmanistonning neft-gaz sohasiga xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilishga bagʻishlangan xalqaro forum ham boʻlib oʻtadi. Bu haqda “Trend” nashri Turkmaniston bosh vaziri oʻrinbosari Miratgeldi Meredovga tayanib xabar bergan.

Turkmanistonning energetika strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan TAPH quvuri loyihasi energiya tashuvchilarni jahon bozoriga eksport qilish yoʻnalishlarini diversifikatsiyalashga qaratilgan, deb taʼkidladi Vazirlar mahkamasi yigʻilishida qatnashgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov.

Bunday keng koʻlamli loyihani amalga oshirish mintaqa davlatlarining iqtisodiy rivojlanishiga yangi turtki berib, ijtimoiy, ekologik va gumanitar muammolarni hal qilishga koʻmaklashadi, dedi u.

Tinchlik va hamkorlik uchun gaz quvuri

TAPH quvurining Turkmaniston qismidagi qurilishi 2015-yil dekabrda boshlangan.

Gaz quvurining oʻtkazuvchanlik quvvati yiliga 33 milliard kub metrga yetishi mumkin. U Afgʻonistonning Hirot va Qandahor, Pokistonning Kvetta va Multan shaharlari hamda Hindistonning Fazilka shahri orqali oʻtishi kutilmoqda.

Quvurning Afgʻoniston qismidagi qurilishiga 2018-yil fevral oyida start berilgan, Pokiston uchastkasining qurilishi esa 2020-yilda boshlanishi kutilmoqda.

TAPH quvuri loyihasi joriy yil boshidan beri Turkmaniston Vazirlar mahkamasi majlislari va xalqaro yigʻilishlarda 10 martadan ortiq muhokama qilindi.

17-yanvar kuni prezident Berdimuhamedov Vazirlar mahkamasi aʼzolariga quvurning Turkmaniston uchastkasidagi ishlarni jadallashtirish, yangi investorlar topish va ushbu loyiha boʻyicha xorijiy sheriklar bilan muzokalar boshlashga buyruq berdi, deb xabar qiladi Turkmaniston Davlat axborot agentligi.

1 fevral kuni tashqi ishlar vaziri Rashit Meredov boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasi Kobul va Nyu-Dehlida bir nechta uchrashuvlar oʻtkazdi, ularda TAPH quvuri muhokama markazida boʻldi, deb xabar beradi CentralAsia.news nashri.

Xavf va muammolar

Ishlar davom etayotganiga qaramay, TAPH loyihasini amalga oshirishga bir qancha omillar toʻsqinlik qilishi mumkin, deydi ashxobodlik iqtisodiy nashrlar tahlilchisi, familiyasini oshkor qilmaslikni soʻragan Vladimir.

“Muammolarning qay biri birlamchi va qay biri ikkilamchi ahamiyatga ega ekanligini aytish qiyin. Ularning barchasi hal etilishi kerak”, dedi u.

Quvurning 774 kilometrlik qismi Afgʻonistonning beshta viloyatidan oʻtgani bu mamlakatdagi xavfsizlik va barqarorlikka oid xavotirlarini kuchaytiradi.

“Gaz quvuri inshootlarini himoya qilish uchun Afgʻoniston tarafidan 700 kishilik askarlar guruhi tuzilganiga qaramay, sabotaj xavfi yuqoriligicha qolmoqda. Buning natijasida qurilishni moliyalashtirish muammolari yuzaga kelmoqda”, dedi Vladimir.

Hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 10 milliarddan 12 milliard AQSH dollarigacha (35,1 milliard manatdan 42,1 milliard manatgacha), dedi u. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB), Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va boshqa moliyaviy institutlar qurilishni moliyalashtirishga yordam berish niyatini bildirgan boʻlsa-da, hozirgacha faqat Saudiya sarmoya kiritgan.

Konsorsiumga aʼzo boʻlmaganlarning esa oʻz eʼtirozlari bor. Eron oʻz gazini eksport qilish niyatida va quvurning barpo etilishiga qarshi. Bu haqda-2018 yilda Afgʻonistonning Hirot viloyatida qoʻlga tushgan Tolibon guruhi aʼzolari xabar bergan.

Xitoy qolgan mijozlar bilan boʻlishishni istamay, Mari viloyatining Galkinish konidagi hamma gazni sotib olmoqchi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Turkmanistonga kelsak, u gaz quvurining oʻz qismini albatta quradi va kelishuv shartlarini bajaradi”, dedi Akmuradova.

“Gaz hammaga yetadi”

Turkmaniston tabiiy gaz zahiralari boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egallaydi va oʻz bozorini kengaytirish uchun barcha choralarni koʻrmoqda.

“Turkmangaz”ga koʻra, zahiralar Turkmanistonga mavjud kelishuvlar va gaz quvurlari boʻyicha shartlarni bajarishga imkon beradi, shu bilan birga Yevropa va Janubiy Osiyo bozorlariga istiqbolli yoʻnalishlarni ham ocha oladi.

“Gaz koʻp. Hammaga yetadi”, dedi “Turkmangaz”ning Mari viloyatidagi gaz qazib olish boʻlinmasi “Marigazdobicha” kompaniyasining bosh mutaxassisi Rovshen Xalliyev.

Ayni vaqtda yiliga sharqdagi Xitoyga 35 mlrd. kub metr va shimoldagi Rossiyaga 5,5 mlrd. kub metr turkman gazi yetkazib berilyapti, dedi u.

“TAPH orqali janub tomonga yiliga jami 33 milliard kub metr gaz yetkazish rejalashtirilmoqda, shundan Pokiston va Hindistonning har biriga 14 mlrd. kub metr va Afgʻonistonga 5 mlrd. kub metr gaz yetkazish rejalangan”, dedi Xalliyev.

“Harakat qilmasdan hech nimaga erishib boʻlmaydi”, dedi Xalliyev gaz quvuri qurilishidagi qiyinchiliklarni nazarda tutib.

“TAPH loyihasini topshirish muddati kechikishi mumkin, ammo loyiha amalga oshiriladi”, dedi Xalliyev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500