Karvonsaroy
Terrorizm

Yil boshidan beri Qozogʻistonda ikki terrorchilik hujumining oldi olindi

Aydar Ashimov

14-fevral kuni Olmaotada terrorchilik hujumlarini rejalashtirishda gumonlangan shaxslar qoʻlga olindi. (KNB)

14-fevral kuni Olmaotada terrorchilik hujumlarini rejalashtirishda gumonlangan shaxslar qoʻlga olindi. (KNB)

NUR-SULTON – Qozogʻiston rasmiylariga koʻra, yil boshidan beri xavfsizlik idoralari tomonidan ikkita ehtimoliy hujumning oldi olingan.

“14-fevral kuni Olmaotada ikki radikal diniy oqim aʼzosi qoʻlga olindi”, deb xabar bergan 18-fevral kuni Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB).

“Ular yashab turgan joydan oskolkali qoʻlbola portlovchi moslama, bomba yasashda ishlatiladigan ashyolar, oʻtkir tigʻli qurollar, ehtimoliy nishonlarning foto va videotasvirlari olingan smartfonlar musodara qilindi”, deb xabar beradi KNB.

KNB xabariga koʻra, qoʻlga olinganlar Qozogʻistonda terrorchilik faoliyati olib borishni rejalagan. Ayni damda tergov harakatlari davom etmoqda.

Terrorchi-gumondorlardan musodara qilingan portlovchi moslama va uning tarkibiy qismlari, Olmaota, 14-fevral. (KNB)

Terrorchi-gumondorlardan musodara qilingan portlovchi moslama va uning tarkibiy qismlari, Olmaota, 14-fevral. (KNB)

Jinoyatchilardan musodara qilingan qurollar, Chimkent, 2019-yil, iyul. (KNB)

Jinoyatchilardan musodara qilingan qurollar, Chimkent, 2019-yil, iyul. (KNB)

Bu yil boshidan beri Qozogʻistonda terrorchi-gumondorlarning qoʻlga olinishi bilan bogʻliq ikkinchi holatdir.

27-yanvar kuni KNB xodimlari Taraz va Qaragʻandada jamoat joylarida terrorchilik hujumlari sodir etishni rejalagan besh gumondorni qoʻlga olgan edi.

Qozogʻiston davomli xavfni tushungan holda terrorizm va jangovar ekstremizmga qarshi choralarni koʻrishda davom etmoqda.

18-fevral kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev “Shanxay hamkorlik tashkilotining ekstremizmga qarshi kurashga oid konvensiyasini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.

Konventsiya Qozogʻistonning terrorizmga qarshi qonunlarini, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro munosabatlarni takomillashtirish, internetni monitoring qilish va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha boshqa chora-tadbirlarni koʻzda tutadi.

Terrorchilarni fosh etish

Ayni paytda, huquq-tartibot idoralari terrorchilar qoʻliga tushishi mumkin boʻlgan qurol va oʻq-dorilar savdosi kanallariga barham berish ustida ishlamoqda.

6-fevral kuni Chimkent sudi noqonuniy ravishda oʻqotar qurollar ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh aʼzolariga hukm chiqardi.

Gumondorlar oʻtgan yilning iyul oyida hibsga olingan. Tintuv chogʻida sakkizta avtomat, ikkita toʻpponcha va oʻq-dorilar musodara etilib, qurol-yarogʻ ustaxonasi yoʻq qilingan.

Sudlanuvchilar uch yildan toʻrt yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Oʻtgan yil noyabr oyida Oqmola viloyati xavfsizlik kuchlari portlovchi moddalarni oʻgʻirlash va sotish bilan shugʻullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻygan edi.

Xavfsizlik xodimlari 200 kg portlovchi moddalar va 400 dan ortiq detonator kapsulasini sotishga urinish vaqtida musodara qilishgan.

“Soʻnggi yillarda Qozogʻiston maxsus xizmatlari bir nechta terrorchilik harakatining oldini olishga muvaffaq boʻldi. Profilaktik choralar oʻz samarasini bermoqda – terrorchilar oʻq-dorilar va portlovchi moddalarni qoʻlga kiritish va terrorchilik harakatlarini rejalashtirish bosqichida ushlanmoqda”, dedi chimkentlik siyosatshunos Rauan Dautaliyev.

Huquq-tartibot idoralari uchun qurollarning radikal muhitga kirishiga yoʻl qoʻymaslik juda muhim, dedi u Qozogʻistonda 2019-yilda musodara bilan bogʻliq 17 ta holat qayd etilganini taʼkidlab.

“Fuqarolar ogoh boʻlishlari lozim, chunki terrorchilarning xatti-harakatlar zanjiri terror hujumiga olib keladi”, dedi Dautaliyev.

“Odatda, ular oʻzlariga hamfikr odamlar bilan uchrashib, jinoiy rejalarni muhokama qiladi, ijara xonadonlarda yashaydi, qoʻlbola portlovchi moslamalar ashyolari va qurollar sotib olishadi va terrorchilik xuruji sodir etadigan joylarini oʻrganishadi” dedi u.

“Ogohlik va politsiyaga oʻz vaqtida qilingan qoʻngʻiroq odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500