Karvonsaroy
Terrorizm

Soʻnggi hibslar Oʻzbekistonning jangarilikka yollashga qarshi kurashayotganidan darak bermoqda

Maksim Yeniseyev

10 yanvar kuni Toshkentda Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ekstremizmda gumonlanganlarni qoʻlga oldi. (Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi)

10 yanvar kuni Toshkentda Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ekstremizmda gumonlanganlarni qoʻlga oldi. (Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi)

TOSHKENT – Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari ekstremistlarning onlayn vositalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni nishonga olishi va yollashiga qarshi kurashni davom ettirmoqda.

18-fevral kuni Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari Toshkentda 21 kishidan iborat ekstremistik guruhni fosh etgani haqida xabar berdi. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga (IIBB) koʻra, jangarilar “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti aʼzolari boʻlishgan.

Kuch tuzilmalari 10-yanvar kuni Toshkentda yana bir guruhni qoʻlga oldi, deb yozadi “Pravda Vostoka” gazetasi.

Nashrning yozishicha, Ichki ishlar vazirligi (IIV) va Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan oʻtkazilgan qoʻshma operatsiya davomida Oʻzbekistonda taqiqlangan jihodchilar guruhi aʼzolari qoʻlga olingan.

Ular Suriyadan koʻrsatmalar olish bilan birga, yoshlarni jinoyatga va Suriyaga borishga chorlaganlar, deyiladi xabarda.

“Hibslardan maʼlum boʻladiki, Oʻzbekistonda ekstremistlarning ishlab turgan tarmoqlari yoʻq va ular tasodifiy odamlarnigina yollay oladi”, dedi toshkentlik siyosiy tahlilchi Valeriy Xon. “Odatda, bular oʻqimagan yoshlar boʻladi . Ekstremistlar bundan ortigʻiga umid ham qilolmaydilar, bu yerda ularni qoʻllab-quvvatlovchilar yoʻq.”

Tavhid va jihod katibasi “Katibat al-Tavhid val-Jihad” nomi bilan ham tanilgan. Bu guruh Oʻzbekistonda 2016-yilda Oliy sud tomonidan taqiqlangan.

U halok boʻlgan iroqlik terrorchi Abu Musʼab az-Zarqaviy asos solgan mashhur “Jamoat al-Tavhid val-Jihod” guruhining parchasi deb ishoniladi. Guruh dunyo boʻylab koʻpgina terrorchilik hujumlari uchun javobgardir.

Oʻtgan yil dekabr oyida Oʻzbekiston Din ishlari qoʻmitasi (DIQ) guruhning tashviqot materiallarini mamlakat hududida taqiqlangan materiallar roʻyxatiga kiritgan edi. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi yanvarda xabar bergan.

“Katibat al-Tavhid va al-Jihod” 2017-yil aprel oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida portlash sodir etganidan keyin tanilgan.

Oʻtgan yil Rossiya sudi Oʻzbekiston, Tojikiston va qirgʻizistonlik 11 nafar migrantni portlashni tashkillashtirishga yordam berganlikda ayblagan edi. Terakt natijasida 15 kishi halok boʻlgan, deb xabar beradi BBC.

Rossiya hukumati xabariga koʻra, ayblanuvchilarning barchasi ushbu guruh aʼzolari boʻlgan, oʻsha vaqtda uni Suriyada jang qilayotgan asli qirgʻizistonlik etnik oʻzbek Abu Saloh boshqargan.

Saloh hamon qochqinlikda va Suriyada boʻlishi mumkin deb taxmin qilinadi. Katibaning Telegram tarmogʻidagi postiga koʻra, u oʻtgan yil aprel oyida guruh rahbarligidan voz kechgan.

2018-yilda Oʻzbekiston televideniyesi katibaning sobiq aʼzosi Sherzod Joʻrayevning guruh safida Suriyada jang qilganidan pushaymon boʻlgani haqidagi koʻrsatuvni efirga uzatgan.

Moʻljal – yoshlarning zaif qatlami

Jangarilikka yollovchilar internet va Oʻzbekistonda mashhur boʻlgan Telegram xabar almashish ilovasi orqali yoshlarning zaif qatlamini nishonga olishda davom etmoqda.

22-yanvar kuni Oʻzbekiston milliy axborot agentligi 23 yashar qoʻqonlik fuqaro T.A. Telegram orqali ekstremistik mazmundagi audio va videofayllarni tarqatganlikda ayblanib, ikkinchi marta hibsga olingani haqida xabar berdi.

T.A. ilgari ham sudlangan va axloq tuzatish ishlariga hukm qilinib, uch yillik jazoni oʻtagan.

U bilan birga boshqa bir qoʻqonlik, 21 yoshli T.I. ham sudning qora kursisiga oʻtirgan. U Telegramda 45 nafar obunachidan iborat guruh tashkil etib, u yerda “Tavhid va Jihod” katibasi va Turkiston islom harakati (Boshqa nomi – Oʻzbekiston islom harakati) materiallarini joylashtirgan.

Fevral oyida hibsga olingan 21 kishi bilan bogʻliq ishda huquq-tartibot idoralari 24 yashar oʻzbek fuqarosi A. Shodibekovni jangarilikka yollashda ayblagan edi.

Hozirgi vaqtda u oʻz ekstremistik faoliyatini Suriyadan turib amalga oshirayotgani aytiladi.

Shu kabi xavf-xatarlarni eʼtiborga olib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yoshlarni shubhali veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar taʼsiriga tushmaslikka va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmaslik, ularni saqlamaslik va tarqatmaslikka chaqirdi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent boʻlimi aʼzosi Anvar Muzaffarovning fikricha, “oʻzbek yoshlarini ekstremistlarga ishonishga moyil deb boʻlmaydi”. “Ammo bu taʼlimdagi kamchiliklar va axborot savodxonligining pastligi tufayli kelib chiqayotganini tushunish kerak. Biz bu masala ustida ishlamoqdamiz.”

Reabitatsiya choralari

Suriyadan Oʻzbekistondagi tinch hayotga qaytgan sobiq ekstremistlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli kampaniya avj pallaga kirgan bir paytda ekstremistik guruh aʼzolariga qarshi kurash choralari davom etmoqda.

“Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida Suriyadan vataniga qaytgan 156 nafar Oʻzbekiston fuqarosi orasida “Tavhid va Jihod” katibasining sobiq aʼzolari ham bor edi.

Oʻtgan yil dekabr oyida hukumat navbatdagi amnistiya doirasida 79 nafar ekstremistni afv etdi. Hukumat ularni va oila aʼzolarini tinch hayotga qaytarish va ish bilan taʼminlash choralarini koʻrmoqda.

Umumiy hisobda 2019-yilda sudlangan ekstremistlardan 472 nafari afv etildi, 20 ming fuqaro “qora roʻyxat”dan chiqarildi va bunday roʻyxatlarni yuritish bekor qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston din ishlari qoʻmitasi.

Ushbu statistik maʼlumotlar 30-yanvar kuni Toshkentda eʼtiqod erkinligiga bagʻishlangan davra suhbatida eʼlon qilingan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500