TEHRON – Eron rejimi Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) yadroviy nazorat organiga maxfiy obyektlarga kirish uchun ruxsat bermaydi, dedi Eronning ushbu idoradagi vakili chorshanba (4-mart) kuni. Mamlakat turli xalqaro kelishuvlarga zid ravishda uran zaxirasini toʻplayotgani taxmin qilinmoqda.
Seshanba (3-mart) kuni Vena shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Tehronning yadroviy dasturi yuzasidan xavotir bildirib, oʻtgan yil oxirida Tehronda uran zarrachalari topilgan va bungacha Eron tomonidan eʼlon qilinmagan obyekt boʻyicha “tushuntirish berishni” talab qildi.
“Eron zaruriy tushuntirishlar berish uchun agentlik bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishi lozim”, dedi XAEAning yangi rahbari Rafael Grossi.
“Uran izlarining topilgani bilan bogʻliq holat juda muhim. Bu xalqaro nazoratdan tashqari va kelib chiqishi yoki maqsadi biz uchun nomaʼlum boʻlgan yadroviy faoliyat va materiallar borligini anglatadi. Meni tashvishga solayotgan narsa shu”, deb qoʻshimcha qildi Grossi.
XAEA qaysi obyekt haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Lekin, agentlik Eron rejimidan Tehronning Turkuzobod tumanidagi obyekt haqida soʻragan, deb xabar bergan diplomatik manbalar AFP agentligiga.
Eronning XAEAdagi elchisi Kozim Gʻarib Abadiy agentlik maʼlumotlarini “soxta” deb atadi.
Yadro qurolini ishlab chiqarish uchun yetarli material
Bu raddiya XAEA Eronning boyitilgan uran zahirasi 2015-yilda jahon davlatlari bilan birgalikda imzolagan shartnomada koʻrsatilgan limitdan besh barobar koʻpligini maʼlum qilganidan bir kun oʻtib yangragan.
19-fevral holatiga koʻra, Eronning zahirasi kelishuvdagi 300 kg limitdan oshib, 1510 kilogrammni tashkil etgan, deyiladi XAEAning 3-mart kungi hisobotida.
Ayrim mutaxassislarga koʻra, bu koʻrsatkich yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun ham yetarli boʻlishi mumkin.
Shunday boʻlsa-da, qurol ishlab chiqarish uchun u yana bir necha bosqichdan oʻtishi, jumladan, qoʻshimcha boyitilishi zarur boʻladi.
Bu Tehronning yadroviy dasturga oid xalqaro kelishuvlardagi majburiyatlarini bosqichma-bosqich kamaytirib borish yoʻlidagi soʻnggi harakatlaridan biridir.
5-yanvar kuni Eron rejimi oʻz yadroviy dasturiga oid majburiyatlaridan voz kechishi va “sentrifugalar soniga qoʻyilgan cheklov”ni bekor qilishini aytgandi.
Oradan bir hafta oʻtgach, Britaniya, Frantsiya va Germaniya Tehronni bir necha bor shartlarni buzganlikda ayblab, 2015-yilda imzolangan yadroviy bitimga asosan nizolarni hal qilish mexanizmini ishga tushirdilar.
Oʻtgan yil iyul oyida Eron hukumati yadroviy bitimda belgilangan uranni boyitish cheklovidan oʻtgani va xalqaro hamjamiyatning faoliyatni toʻxtatish haqidagi chaqiriqlarini bir necha bor eʼtiborsiz qoldirib, boyitish koʻrsatkichini 4,5 foizga yetkazganini tan oldi.
Shaffoflik muammolari
Oxirgi bir necha oy ichida Tehron shaffoflikka oid bir qator xatolarga yoʻl qoʻydi, buning natijasida aholi va xalqaro hamjamiyat oldida uning obroʻsiga sezilarli putur yetgan.
Oxirgi paytlarda Eron rejimining jamoatchilikka aniq maʼlumotlarni yetkazishda shaffof emasligi xalqaro maydondagi xavotirni kuchaytirmoqda, mamlakatda koronavirus tarqalishining nazoratga olinmagani esa unga qoʻshni va boshqa davlatlarga tahdid solyapti.
Yanvar oyida Ukraina xalqaro aviakompaniyasiga qarashli PS752 samolyoti “yer-havo” toifasidagi raketa bilan urib tushirilganini isbotlovchi videolavha va bilvosita dalillarga qaramay, Tehron samolyotning raketa hujumi tufayli yerga qulaganini bir necha kun davomida rad etib keldi.
Ammo tobora kuchayib borayotgan xalqaro va ichki bosimga duch kelgan hukumat oxir-oqibat, haqiqatni – samolyot Eron harbiylarining “halokatli xatosi” bilan urib tushirilganini tan olishga majbur boʻldi.
Bu iqror va haqiqatni yashirishga urinish Eronda bir necha kunlik aksilhukumat namoyishlarini keltirib chiqargan.
Oʻn minglab namoyishchilar Homanaiyga qarata “diktatorga oʻlim”, “yolgʻonchilarga oʻlim” degan hayqiriqlar va boshqa shiorlar bilan koʻchalarga chiqishgan.
Shu bilan birga, BMT noyabr oyida Tehronning eronlik namoyishchilarni bostirish vaqtidagi qurbonlar va qoʻlga olinganlarga nisbatan munosabatida ochiqlik yoʻqligidan xavotir bildirgan.