BISHKEK – 30 yashar qirgʻizistonlik etnik oʻzbek Husniddin Zaynobiddinovning ishi Rossiya politsiyasining Markaziy osiyolik migrantlarni tanlab olib, qiynoqqa solishi bilan bogʻliq holatlarga misol boʻla oladi, deydi faollar.
Zaynobiddinov portlashga aloqadorlikda gumon qilinib, 13 oy davomida nohaq hibsda ushlab kelingan . Voqea 2018-yil dekabrda Rossiyaning Magnitogorsk shahridagi koʻp qavatli uyda yuz bergan edi, deb yozadi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining oʻzbek xizmati.
Portlash natijasida podyezdlarning biri qulab tushgan va 39 kishi hayotdan koʻz yumgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari voqeaga gaz portlashi sabab boʻlganini aytgan. 2019-yil yanvar oyida esa asossiz daʼvolari bilan tanilgan “Islom davlati” (ID) eʼtiborni oʻziga tortish maqsadida portlash bilan bogʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan edi.
Oʻshanda politsiya “mutaxassislar va kriminologlar voqea sodir boʻlgan yerda portlovchi moddalar yoki ularning tarkibiy qismlarini topmaganini” taʼkidlab, jamoatchilikni IDga eʼtibor qaratmaslikka chaqirgan.
Voqea jinoyatga aloqador emasligi aniqlangan boʻlsa-da, 2019-yil yanvarda Zaynobiddinov terrorchilik faoliyatida ayblanib qoʻlga olingan. Bu haqda u oʻz ayoliga aytgan. Magnitogorsk prokuraturasi “xalqaro qidiruvda boʻlgan Zaynobiddinovni qoʻlga olgani haqida” hisobot bergan.
Zaynobiddinov Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) tergov izolyatorida yetti oy va mahalliy deportatsiya lagerida olti oy hibsda ushlangan va fevral oyi oʻrtalarida dalillar yetarli emasligi sababli qoʻyib yuborilgan.
RFE/RL xabariga koʻra, u oʻz shikoyatnomasida “FSB xizmatchilari uni qiynagani, burni va qovurgʻalarini sindirgani, aybiga iqror qildirish uchun elektr toki qoʻllaganini” aytgan.
Xavfsizlik xizmati xodimlari unga notanish soqolli erkaklar suratlarini koʻrsatib, ular haqida maʼlumot soʻragan va ularga qarshi koʻrsatma berishini talab qilgan.
Ozod qilinganidan keyin Moskvaga kelgan Zaynobiddinov RFE/RL radiosiga poymol qilingan huquqlari uchun adolat izlab kelganini aytgan.
“Shuncha vaqt sababsiz qiynoqqa duchor qilindim”, deb aytgan u. “Tanamda sogʻ joy qolmagan edi. Koʻrsangiz qoʻrqib ketardingiz. Rossiyada oz boʻlsa-da qonun boʻlishi kerak-ku! Men Moskvaga adolat izlab keldim. Xavfsizlik xodimlarini javobgarlika tortmoqchiman. Kerak boʻlsa, Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qilaman”, dedi u.
Ommaviy reydlar
Magnitogorsk politsiyasi Zaynobiddinov bilan cheklanib qolmadi. Ular butun Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan bosimni kuchaytirdilar.
2019-yil yanvar oyida mahalliy huquq-tartibot organlari xodimlari Markaziy osiyolik migrantlar yashaydigan va ishlaydigan yerlarda ommaviy reydlar oʻtkazishni boshladilar. Bu haqda hukumatparast “Komsomolskaya Pravda” nashri xabar bergan.
“Avvaliga, mikroavtobus haydovchilariga nisbatan tekshiruvlar oʻtkazilgan. Haydovchilarning hujjatlari tekshirilgan... Dam olish kunlari politsiya katta savdo markazi yaqinidagi bozorlarga borgan”, deb yozadi “Komsomolskaya Pravda”.
Gazetada yozilishicha, guvohlar u yerda oʻnlab tojiklar va oʻzbeklar qoʻlga olinganini aytganlar. Shu bilan birga, Markaziy osiyolik migrantlarga ish beruvchi qurilish kompaniyalari qora roʻyxatga kiritilgan.
“Bundan tashqari, magnitogorskliklarning yozishlaricha, mahalliy politsiyachilar va koʻngillilar patrullari uyma-uy yurib tekshiruvlar oʻtkazmoqda”, deb qoʻshimcha qilgan nashr. “Ular, ayniqsa xorijliklar, besh va undan ortiq odam yashaydigan xonadonlar bilan qiziqqanlar.”
Politsiya xodimlari migrantlarning farzandlari oʻqiydigan maktablarni ham tekshirib chiqishgan.
“Hatto, maktab direktorlariga oʻquvchilarning roʻyxatda turganini tekshirish haqida norasmiy koʻrsatma berilgan... Shaharda noqonuniy migrantlar poyezdlarda uylariga yuborilayotgani haqida mish-mishlar ham yuribdi”, deb yozgan nashr.
“Badanimda sogʻ joy qolmadi”
Huquq himoyachilariga koʻra, Zaynobiddinov ishi va Magnitogorskdagi taʼqiblar Rossiya politsiyasining adolatsizliklariga birgina misol, xolos.
Mamlakatdagi markaziy osiyoliklar Rossiya huquq-tartibot idoralarining muntazam hibslari va qiynoqlaridan shikoyat qilib keladi.
Soʻnggi yillarda inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudining Rossiyadagi qiynoqlar masalasida Markaziy osiyolik shikoyatchilar foydasiga koʻplab qarorlar chiqargani u yerda hali ham qiynoqlar davom etayotganini tasdiqlaydi, dedi Markaziy Osiyo inson huquqlari Assotsiatsiyasi prezidenti Nadejda Atayeva.
Zaynobiddinov uchun Rossiya huquq-tartibot tizimiga qarshi kurash qiyin kechadi, chunki “hokimiyatdagi amaldorlarning kelishilgan xatti-harakatlari qiynoqlarga aloqador xodimlarni javobgarlikka tortishga intilayotgan qurbonlar huquqlarining cheklanishiga olib keladi”, dedi Atayeva.
“Xususan, qiynoqqa oid dalillar oʻz vaqtida hujjatlashtirilmagan, chunki jabrlanuvchilar dalillarning yoʻqotilishidan manfaatdor masʼullar nazorati ostida”, dedi u.
“Tong jahoni” huquqbon tashkiloti direktori Valentina Chupikka koʻra, Markaziy osiyoliklarni tahqirlash Moskva politsiyachilari orasida keng tarqalgan holatdir.
“Menga migratsion roʻyxat muddati oʻtib ketgani uchungina hibsga olinib, kameraga joylangan va bir necha kun yemak-ichmaksiz qoldirilgan odamlar murojaat qilishgan”, dedi u. “Politsiya koʻrinishi slavyancha boʻlmaganlarni hibsga olib, ularni haqoratlaydi va taʼmagirlik qiladi.”
Aksariyat migrantlar oʻz huquqlaridan bexabar va ularni himoya qilishga intilmay, hokimiyat odamlariga boʻysunishni yoki ularga pora berishni afzal koʻradi, dedi u.
Bunday jazosizlik Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlarining qonunga xilof harakatlari uchun yanada kengroq yoʻl ochmoqda va ular kurashishlari kerak boʻlgan jinoyatlarga oʻzlari qoʻl urmoqdalar, dedi u.
Ular xorijliklarni emas, pullarni koʻradilar, ular fyurerga juda yaxshi xizmat qilgan boʻlishardi, yahudiylarni tutish ular uchun bayram boʻlar edi.
Javob berishFikrlar 3
Marazlar, gastarbayterlar boʻlmaganida mahalliy aholining oʻzi ishlamas edi. Alkashlar
Javob berishFikrlar 3
Rossiya bamisoli hayvonot bogʻi
Javob berishFikrlar 3