Karvonsaroy
Terrorizm

Oʻzbekistonda sobiq ekstremistlarni jamiyatga qayta moslashga bagʻishlangan Markaziy Osiyo anjumani boʻlib oʻtdi

Maksim Yeniseyev

5-mart kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari tahlilchilari va rasmiylari “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi” xalqaro anjumani doirasida Termizdagi “Barqaror hayot” nodavlat tashkilotiga tashrif buyurib, Yaqin sharqdan qaytarilgan ayollar bilan uchrashdilar. [OʻzA]

5-mart kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari tahlilchilari va rasmiylari “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi” xalqaro anjumani doirasida Termizdagi “Barqaror hayot” nodavlat tashkilotiga tashrif buyurib, Yaqin sharqdan qaytarilgan ayollar bilan uchrashdilar. [OʻzA]

TOSHKENT – Markaziy Osiyo mamlakatlari Suriya va Iroqdan qaytarilgan ekstremistlarni jamiyatga qanday qilib moslash haqida tushunchaga ega boʻlish maqsadida Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasini oʻrganmoqda.

3-5-mart kunlari Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston rasmiylari va tahlilchilari Oʻzbekistonning reabilitatsiya jarayonidagi tajribasini muhokama qilish maqsadida Toshkent va Termizda uchrashuv oʻtkazdilar.

“Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi” deb nomlangan anjuman keyinchalik Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida qoʻllanishi mumkin boʻlgan samarali va amaliy takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan, deydi tahlilchi va rasmiylar.

Anjuman ishida Nur-Sulton (Qozogʻiston) va Bishkek (Qirgʻiziston) shahar hokimlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichki ishlar vazirliklari rasmiylari ham ishtirok etdi.

Oʻzbekiston milliy axborot agentligi xabariga koʻra, tadbirda “Qaytib kelganlarni reintegratsiya qilishning siyosiy va huquqiy jihatlari: milliy amaliyot sharhi” va “Reabilitatsiya jarayonida ijtimoiy dasturlarning roli” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

Oʻzbekiston ekstremistlarni tinch hayotga qaytarish borasida katta tajribaga ega. 2019-yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik operatsiyalari davomida Suriya va Iroqdagi qurolli mojarolar hududlaridan 261 ayol va bola vataniga qaytarildi. Oldinroq OAVda qaytganlar soni 218 kishi deb xabar berilgan edi.

Toʻrt yuz etmish ikki nafar ekstremist avf etildi hukumat yana 20 ming fuqaroni qora roʻyxatlardan chiqarib tashladi. Bunday roʻyxatlarni yuritish toʻxtatildi.

Oʻzbekistonga qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishda hukumat ularga psixologik va moddiy yordam koʻrsatishga oid keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirdi, dedi konferentsiyada soʻzlagan tahlilchilar.

Bundan tashqari, ularning taʼlim va ijtimoiy dasturlardan foydalanishi, ishga joylashishi va uy-joy olishi uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Oʻzbekistonda amaliyotga tatbiq etilayotgan islohotlardan saboq olishga intilmoqda, deydi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev.

“Mehr” insonparvarlik operatsiyalari kabi xayrli tashabbuslar boshqa davlatlarni ham oʻz fuqarolarini mojaroli hududlardan qaytarishga undamoqda, dedi u.

2016-yilga qadar mamlakatda ekstremizm bilan aloqador odamlarga nisbatan mutlaqo boshqacha, qattiq siyosat yuritilar edi, shu bois ham Oʻzbekistonnning bugungi kundagi tajribasi alohida ahamiyatga molik, dedi u.

“Bu bamisoli “bir tarafga chipta” edi. Bir marta shubha ostiga tushsangiz, undan chiqish imkonsiz edi. Ortga yoʻl yoʻq edi”, dedi u. “Bu odamlarning yanada radikallashuviga sabab boʻlgan.”

Bundan tashqari, oʻtgan yilning avgust oyida Oʻzbekistonda “Jasliq” qamoqxonasi yopildi. Inson huquqlari tashkilotlari bu muassasada qiynoqlar qoʻllanishini aytgan edi. 1999-yilgi teraktlardan keyin tashkil etilgan bu qamoqxonada terrorchilar va ekstremizmda ayblanganlar saqlangan.

Radikallashuv sabablari

Anjuman davomida oʻzbekistonlik tahlilchilar oʻzbek ayollarning nima sababdan Suriya va Iroqqa ketgani haqida fikr bildirdilar.

“Oʻrganishlarimizdan maʼlum boʻlishicha, vataniga qaytarilgan ayollarning 60 foizga yaqini Suriyaga 2016–2017-yillarda, urush avjiga chiqqan paytda borgan. Urush davom etayotganini bilgan holda shunday qaror qabul qilish uchun jiddiy sabablar boʻlishi kerak”, deydi Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti mutaxassisi Baxtiyor Bobojonov “Podrobno.uz saytiga koʻra.

Bobojonovga koʻra, bunga “Islom davlati” (ID) mafkurasining targʻiboti sabab boʻlgan, uning muvaffaqiyat qozonishiga esa nafaqat mohirona targʻibot mahsuli, balki Markaziy Osiyo davlat idoralarining xatolari ham rol oʻynagan.

Ayollar taʼlim darajasining pastligi sababli “xalifalik” tashviqoti taʼsiriga tushganlar.

“Vataniga qaytgan ayollarning deyarli barchasi yaxshi oʻqimagan. Ular yaxshi taʼlim olmagani sababli Oʻzbekistonni tark etgan. Ular real hayotni baholay olmasdan, nimalar sodir boʻlayotganini anglamaganlar”, dedi Bobojonov.

Nizoli hududlardan qaytgan ayollar

Shu bilan birga, anjuman ishtirokchilari Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarni amaliyotda koʻrish uchun Termezga bordilar. Xususan, ular mojaroli hududlaridan qaytgan ayollarni jamiyatga qayta integratsiya qilish bilan shugʻullanuvchi “Barqaror hayot” nodavlat tashkiloti tashabbuslari bilan tanishdilar.

Bu ayollar koʻngillilar yordamida tikuvchilik, qandolatchilik va hunarmandchilikni oʻrganmoqda.

“Surxondaryo viloyatiga kelib koʻp narsadan boxabar boʻldik”, dedi Qozogʻistonning Olmaota shahridagi Voyaga yetmaganlarni ruhiy-ijtimoiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi mutaxassisi Lyubov Risakova OʻzAga.

“Meni ayniqsa, reabilitatsiya jarayonida diniy elementlar rolini aniqlash ishlari hayratga soldi. Qozogʻistonga qaytganimda bu tajribani oʻz faolyatimda qoʻllashga ahd qildim”, dedi u.

Ayollar javobgarlikka tortilishdan qoʻrqib uyga qaytmagan, dedi Strategik va tergov tadqiqotlari instituti tahlilchisi Fariza Ramazanova.

Podrobno.uz nashriga koʻra, ayollarga amnistiya qoʻllanilib, ular afv etilgan.

“Vataniga qaytgan ayollarning hammasi advokatlar ishtirokida soʻroqqa tutilgan”, deb qoʻshimcha qildi Ramazanova. “Ular ixtiyoriy ravishda iqrornoma yozib berishgan, keyin esa prezidentga ularni avf etishni soʻrab xat yozishdi.”

“Undan keyin sud har bir ish boʻyicha hukm chiqardi. Baʼzilar amnistiya qilindi, yaʼni javobgarlikka tortilmadi, boshqalari aybdor deb topilsa ham, ularga qamoq jazosi berilmadi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500