MONREAL, Kanada – Ikki oydan ortiq davom etgan qarshilikdan soʻng, Eron rejimi chorshanba (11-mart) kuni “Ukraina xalqaro havo yoʻllari” aviakompaniyasiga qarashli PS752 samolyotining qora qutilarini tahlil uchun Ukraina yoki Fransiyaga topshirishga rozi boʻldi.
Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkilotinining (IKAO) Monrealda oʻtgan uchrashuvida Eron vakili Farhod Parvaresh qurilmalar Kiyevga yuborilishini maʼlum qildi, deb xabar beradi AFP.
Qora qutilarda 8-yanvar kuni Tehron aeroportidan havoga koʻtarilganidan koʻp oʻtmay halokatga uchragan samolyotning soʻnggi lahzalariga oid maʼlumotlar bor deb taxmin qilinmoqda.
Samolyot “yer-havo” toifasidagi raketa bilan urib tushirilganini isbotlovchi videolavha va bilvosita dalillarga qaramay, Tehron bir necha kun davomida “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ga qarashli PS752 samolyoti raketa hujumi tufayli yerga qulaganini rad etib keldi.
Ammo, 11-yanvar kuni xalqaro va ichki bosimga duch kelgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy haqiqatni – bortidagi barcha 176 odam halok boʻlgan samolyot Eron harbiylarining “mudhish xatosi” tufayli urib tushirilganini tan oldi.
Samolyot bortida Kanada, Afgʻoniston, Ukraina, Eron, Shvetsiya va Buyuk Britaniya fuqarolari boʻlgan.
Ruhoniyning iqrori va haqiqatni yashirishga urinish Eronda bir necha kunlik aksilhukumat namoyishlarini keltirib chiqargan.
Oʻn minglab namoyishchilar Eron oliy ruhoniysi Homanaiyga qarata “diktatorga oʻlim”, “yolgʻonchilarga oʻlim” degan hayqiriqlar va boshqa hukumatga qarshi shiorlar bilan koʻchalarga chiqishgan.
Talabalardan iborat ayrim namoyishchilar IIPKni “layoqatsiz” va “xalq uchun sharmandali” deb atagan.
Samolyot halokati 3-yanvar kuni Bagʻdodda IIPKning “Al-Quds” boʻlinmasi qoʻmondoni, general Qosim Sulaymoniy AQSH droni hujumi yordamida oʻldirilganidan besh kun oʻtib yuz bergan.
“Toʻgʻri yoʻnalishdagi qadam”
Ottavada soʻzlagan Kanada tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan Tehronning qora qutilarni topshirishga tayyorligini olqishlar ekan, buni “Eron tomonidan toʻgʻri yoʻnalishda qoʻyilgan qadam” deb baholadi.
“Men Eronning soʻzlarini boricha qabul qilaman”, dedi u. “Ammo qora qutilar Yevropaga kelgunicha xulosa qilishga shoshilmagan boʻlardim. Bizda ularni tahlil qila oladigan mutaxassislar bor.”
Ukraina “Eronning qora qutilarni topshirish qarorini” olqishlaydi, deb yozgan Ukrainaning Kanadadagi elchisi Andriy Shevchenko oʻz tvitterida. U “agar qoʻshimcha ekspertizaga ehtiyoj boʻlsa” qora qutilar tahlil uchun Fransiyaga yuborilishini qoʻshimcha qildi.
IKAO yigʻilishida qatnashgan Kanada transport vaziri Mark Garno shunday dedi: “Barcha faktlar aniqlanib, tahlil qilinmagunicha, PS752 halokati yuzasidan xulosa qilib boʻlmaydi”.
“Iltimoslarga qaramay, Eronning voqeadan ikki oy oʻtib ham qora qutilarni tahlil qilish uchun sharoit yaratib bera olmagani bizni sergaklantirishi lozim”, dedi u oʻz nutqida.
“Eron qora qutilar tahlilini tashkillashtirishga hoziroq harakat qilishi lozim... Kanadaliklar va xalqaro hamjamiyat ortiq kuta olmaydi.”
IKAO shuningdek, Tehrondan “aviahalokatlar tergovini bu borada qabul qilingan xalqaro nizomlariga muvofiq” oʻz vaqtida amalga oshirishni talab qilgan.
Aliya, lekin aybdor mamlakat rahbarlari Allohga ishonmaydi, hammasi ularga bumerang kabi qaytib keladi, Qurʼonga koʻra, bu dunyodagi barcha yomon ishlar jazosiz qolmaydi.
Javob berishFikrlar 1