Karvonsaroy
Salomatlik

Markaziy Osiyo koronavirusga qarshi kurash choralarini kuchaytirmoqda

Aydar Ashimov

27-fevral kuni himoya kiyimidagi qozogʻistonlik tibbiy mutaxassislar Xitoydan Nur-Sultonga uchib kelgan samolyotni kutib olmoqdalar. [Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi]

27-fevral kuni himoya kiyimidagi qozogʻistonlik tibbiy mutaxassislar Xitoydan Nur-Sultonga uchib kelgan samolyotni kutib olmoqdalar. [Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi]

NUR-SULTON – Shifokorlar zararli mish-mishlar va dezinformatsiyadan ogohlantirayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari COVID-19 koronavirusi pandemiyasiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda.

Ayrim mamlakatlarda kasallikka chalinish bilan bogʻliq holatlar aniqlanmagan boʻlsa-da, vaqt oʻtishi bilan vaziyat oʻzgarishi mumkin.

17-mart (seshanba) holatiga koʻra, Qirgʻizistonda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq birorta holat qayd etilmagan. Ayni vaqtda mamlakat boʻylab 321 kishi karantinda saqlanmoqda. Bu haqda Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vazirligining koronavirus profilaktikasi guruhi maʼlum qilgan.

Virus tarqalishining oldini olish maqsadida tungi klublar, kinoteatrlar, kafelar, oʻyin maydonchalari va kompyuter klublari vaqtincha yopildi.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 16-mart kuni mamlakatda favqulodda holat joriy etilgani haqida maʼlum qildi, videomurojaatdan olingan kadr.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 16-mart kuni mamlakatda favqulodda holat joriy etilgani haqida maʼlum qildi, videomurojaatdan olingan kadr.

“Bugundan boshlab hukumat aʼzolari dam olishsiz ishlaydi”, dedi Qirgʻiziston bosh vaziri Muxammedkali Abilgaziyev dushanba (16-mart) kungi brifingda.

Davlat organlari rahbarlari va viloyat hokimlari kechayu kunduz fuqarolarning savollariga javob berishga tayyor, dedi u.

“Men Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin bilan ikki marta gaplashdim. Biz vaziyatni muhokama qildik. Albatta, fuqarolarning harakatlanishi cheklanadi. Ammo, bu cheklovlar yuk tashish yoki biznesga taʼsir qilmaydi”, dedi u.

1566 kishi karantinga olingan Tojikistonda seshanba kuniga qadar koronavirusga chalinish bilan bogʻliq holat haqida xabar berilmagan.

Dushanba kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Tojikiston hukumati tomonidan virusning oldini olish va uning oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ona va bola salomatligini muhofaza qilish kompleks loyihasi doirasida 100 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.

Turkmanistondan ham koronavirus holatlari haqida xabarlar olinmagan.

Shunday boʻlsa-da, Ashxobod yaqinidagi Choʻganlida joylashgan kasalxona xodimi 2-mart kuni Ozodlik (RFE/RL) radiosi bilan suhbatda 10 kundan beri ikki bemor karantin va “qatʼiy izolyatsiya” ostida ekanligini aytgan.

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning soʻzlariga koʻra, mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 10 taga yetgan.

15-mart kuni mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat tasdiqlangani haqida xabar bergan Oʻzbekiston rasmiylari zudlik bilan virusga qarshi kurash choralari haqida eʼlon qilganlar.

Rasmiy Toshkent chegaralarni yopish bilan birga, oʻquv muassasalari uchun ham taʼtil eʼlon qilgan, xalqaro reyslarni toʻxtatgan va ommaviy tadbirlarni taqiqlagan.

Qozogʻistonda favqulodda holat

Seshanba kuni Qozogʻiston koronavirusga chalinganlar soni 32 kishiga yetgani, jumladan Olma-ota shahrida 15 va Nur-Sultonda 17 bemor qayd etilgani haqida xabar berar ekan, mintaqada kasallikdan eng koʻp jabrlangan mamlakatga aylandi.

Qozogʻistonda 16-martdan 15-aprelga qadar favqulodda holat eʼlon qilindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev dushanba kungi videomurojaatida maʼlum qilgan.

“Qozogʻiston qonunchiligiga binoan men mamlakatimiz hududida favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi Farmonga imzo chekdim. Favqulodda holat 2020-yil 16-mart kuni ertalab soat 8 dan boshlab kuchga kiradi va 30 kun davom etadi. Zarurat yuzaga kelsa, bu muddat uzaytirilishi mumkin”, dedi Toʻqayev.

Mamlakat boʻylab keng koʻlamli tadbirlarning oʻtkazilishi taqiqlangan, kinoteatrlar, madaniy muassasalar, koʻrgazmalar hamda boshqa ommaviy tadbirlar va maydonlar vaqtincha yopilgan, dedi u. Oziq-ovqat doʻkonlari odatdagi rejimda ishlaydi.

Hukumat safarlarga cheklovlar joriy etib, dori-darmonlar, sinov va laboratoriya uskunalarini sotib olish uchun mablagʻ ajratdi, deb qoʻshimcha qildi u.

Qozogʻiston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi dushanba kuni har hafta amalga oshiriladigan 49 ta xalqaro aviareys, jumladan Qozogʻistondan Xitoy va Eronga barcha parvozlar toʻxtatilganini maʼlum qildi. Shuningdek, qoʻshni davlatlar bilan aksar temiryoʻl aloqalari vaqtincha toʻxtatilgan.

Profilaktika choralariga chaqiriq

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 1600 dan ortiq bemor kasalxonalarda, 1000 ga yaqin odam oʻz uyida karantinga olingan.

Vazirlik bayonotiga koʻra, Xitoy va qoʻshni davlatlardan kelgan fuqarolar nazoratga olinmoqda.

Vazirlik aholini profilaktika choralarini koʻrish, jumladan qoʻllarni va yuzni tez-tez va yaxshilab yuvishga, gavjum joylardan va bemorlar bilan aloqadan tiyilishga chaqirgan.

“Kasallik alomatlarini kuzatsangiz, kasalxonaga oʻzingiz bormang. Buning oʻrniga tez yordam chaqirishingizni soʻraymiz”, dedi Sogʻliqni saqlash vazirligining koll-markazi xodimi.

“Bizda barcha dori-darmonlar va sinov toʻplamlari bor, shifokorlar ertayu kech ishlamoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi qayd etilgan yangi holatlar haqida xabar berib boradi va zaruriy choralarni koʻradi”, dedi u.

Qozogʻistonliklar Sogʻliqni saqlash vazirligining Facebook sahifasi yoki 1406 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, 24 soat ishlaydigan koll-markazidan maʼlumot olishi mumkin.

“Biz odatdagidek faoliyat yuritmoqdamiz, ammo tanglik kuchaygan. Tabiiyki, biz profilaktika choralari va aholini xabardor qilishga alohida eʼtibor bermoqdamiz. Epidemiologik vaziyat nazorat ostida, mamlakatda sanoqli holatlar qayd etilgan xolos”, dedi chimkentlik shifokor Meruyert Abdualiyeva.

“Zarur hollarda odamlar karantin yoki davolanishga zinhor qarshilik qilmasliklari kerak. Oʻzingiz, oila aʼzolaringiz va atrofingizdagilarni xavf ostiga qoʻymang”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Har kuni bir necha marta tana haroratini oʻlchang, uylaringizni toza tuting, xonalarni shamollating va qoʻllaringizni sovun bilan tez-tez yuvib turing”, dedi Abdualiyeva.

“Vahima qilmayapmiz”, deydi tarazlik Nazgul Kasumova.

“Hukumat vaziyatni nazorat qilayotganiga va infeksiya tarqab ketmasligiga ishonamiz. Qoʻllarimizni yuvishimiz, odamlar gavjum joylarga bormasligimiz va xotirjamlikni saqlashimiz kerak”, dedi u.

Mish-mishlar va dezinformatsiya

Dushanba kuni TV orqali murojaatida Toʻqayev koronavirus haqida vahimaga sabab boʻluvchi soxta xabar tarqatganlar qonunga muvofiq jazolanishi haqida aytib oʻtgan.

Qirgʻiziston politsiyasi ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalari orqali soxta axborot tarqatgan 15 ta fuqaroni qoʻlga olgan. Bu haqda dushanba (16-mart) kuni politsiya xabar bergan.

Bundan avvalroq AQSH Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Filipp Riker Rossiya COVID-19 epidemiyasi boʻyicha dezinformatsiya kampaniyasini boshlagani haqida ogohlantirgan edi.

“Rossiyaning yovuz niyatli kuchlari koronavirus haqida yolgʻon xabarlarni tarqatish bilan odamlar eʼtiborini global tibbiy-sanitar choralardan chalgʻitib, jamoat xavfsizligiga tahdid solmoqda”, dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlardagi Rossiyaga aloqador minglab akkauntlar yangi koronavirus haqidagi fitna nazariyalarini tarqatish boʻyicha uyushgan harakatlarni boshlagan.

Dezinformatsiya kampaniyasi COVID-19 virusining tarqalishi ortida AQSH turgani haqidagi asossiz fitna nazariyalarini ilgari surmoqda, bundan koʻzlangan maqsad – AQSHning dunyodagi obroʻsiga putur yetkazish.

Twitter, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi soxta akkauntlar Rossiyaning bu nazariyasini turli tillarda tarqatishda davom etgan. AFP AQSH rasmiylariga Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashish vazifasi yuklatilgani haqida xabar bergan.

“Rossiyaning maqsadi AQSH tashkilotlari va ittifoqlariga ichkaridan, shu jumladan, zararli taʼsirga asoslangan kampaniyalar orqali zarba berish”, dedi Riker.

Xitoy koronavirus pandemiyasining dunyo boʻylab tarqalishidagi roliga nisbatan tanqidlarga qarshi kurashar ekan, virusning kelib chiqishi haqida fitna nazariyalarini ilgari surmoqda.

Bu fitna nazariyalari oddiy fuqarolar tomnidan emas, balki Xitoy hukumatidagi yuqori mansabdor shaxslar tomonidan tarqatilmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500