Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Rasmiylar Rossiyaning koronavirusga oid tashviqoti halokatli oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Yuziga sharf oʻragan xavfsizlik xodimi 19-mart kuni Moskvadagi “Zaryadye” parkini qoʻriqlamoqda. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Yuziga sharf oʻragan xavfsizlik xodimi 19-mart kuni Moskvadagi “Zaryadye” parkini qoʻriqlamoqda. [Yuriy Kadobnov/AFP]

BRUSSEL, Belgiya – Juma (20-mart) kuni koronavirusdan oʻlganlar soni 10 minglik noxush marrani bosib oʻtar ekan, Yevropa Ittifoqi (YI) Moskvani halokatli virus haqida yolgʻon yoki yanglish maʼlumot tarqatish boʻyicha “yirik kampaniya” olib borish va bu bilan odamlar hayotini xavf ostiga qoʻyishda ayblab chiqqan.

Yevropa Ittifoqining ichki hujjatida aytilishicha, “kremlparast ommaviy axborot vositalari sogʻliqni saqlash tizimlariga nisbatan ishonchni soʻndirish orqali Gʻarbdagi inqirozni yanada ogʻirlashtirish maqsadida COVID-19 haqida dezinformatsiya tarqatmoqda”, deyiladi AFP nashri koʻzdan kechirgan hujjatda.

Bryusselning bu ogohlantirishidan bir oycha avval, AQSH rasmiylari ijtimoiy tarmoqlardagi Rossiya bilan aloqador minglab akkauntlar virus haqida vahima tarqatish uchun uyushgan xatti-harakatlarni amalga oshirganini aytgan edi.

YIning Rossiya dezinformatsiyasiga qarshi kurashuvchi Stratcom East ishchi guruhi 22-yanvardan beri koronavirusga oid 80 ta dezinformatsiya holati aniqlanganini maʼlum qilgan.

18-mart kuni Moskvaning “Sheremetyevo” aeroportidagi eskalatordan tushayotgan himoya kiyimidagi tibbiyot xodimlari. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-mart kuni Rossiyada koronavirus bilan bogʻliq vaziyat “nazorat ostida” ekanligi va infeksiya holatlari bartaraf etilganini aytdi. Mamlakat 18-martdan boshlab xorijliklar uchun oʻz chegaralarini yopib, madaniy va sport tadbirlarini toʻxtatgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

18-mart kuni Moskvaning “Sheremetyevo” aeroportidagi eskalatordan tushayotgan himoya kiyimidagi tibbiyot xodimlari. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-mart kuni Rossiyada koronavirus bilan bogʻliq vaziyat “nazorat ostida” ekanligi va infeksiya holatlari bartaraf etilganini aytdi. Mamlakat 18-martdan boshlab xorijliklar uchun oʻz chegaralarini yopib, madaniy va sport tadbirlarini toʻxtatgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

“Kremlning dezinformatsion xabarlari koronavirus Gʻarb uchun qurol oʻlaroq yaratilgan inson mahsuli ekanligini iddao qilmoqda”, deyiladi YIga aʼzo barcha 27 davlat orasida tarqatilgan hujjatda.

Rossiya bilan bogʻliq akkauntlar internetda koronavirus haqidagi maʼlumotlarni ingliz, ispan, italyan, nemis va fransuz tillarida tarqatmoqda, deb xabar bergan ishchi guruh.

Strategiya – sarosima va qoʻrquv paydo qilishga qaratilgan oʻnlab, ayrim hollarda bir-biriga zid gap-soʻzlarni tarqatishdan iborat.

“Ushbu saʼy-harakatlar Kremlning Yevropa jamoatchiligiga ichkaridan zarba berishga qaratilgan keng qamrovli strategiyasiga mosdir”, deyiladi ichki hujjatda.

Bunga “koronavirus Xitoy, AQSH yoki Buyuk Britaniya tomonidan ishlab chiqilgan biologik qurol boʻlib, u dastlab Xitoyda emas, balki AQSHda paydo boʻlgan yoki virus totalitar hukmronlik oʻrnatish vositasidir” degan iddaolarni misol oʻlaroq keltirish mumkin.

Kremlparast manbalar bu nazariyalarni oʻzi oʻylab topmayapti, deydi ishchi guruh bilan ishlayotgan tadqiqotchilar.

Buning oʻrniga ular Xitoy, Eron va AQSHdagi ultra oʻng guruhlardan chiqqan fitna nazariyalarini terib olib, ularni yanada kuchaytirmoqda.

Kreml bu ayblovlarni rad etgan.

Odamlar hayotini xavf ostiga qoʻyish

YIdan tashqaridagi, jumladan “Rossiyadan, Rossiyada joylashgan yoki kremlparast manbalarga qay yoʻl bilandir bogʻliq provayderlar” tomonidan tarqatilayotgan dezinformatsiya kuchaygan, dedi YI vakili Piter Stano.

YI dezinformatsiyani toʻxtatish uchun ittifoqqa aʼzo davlatlar, NATO va G7 bilan yaqindan ishlamoqda, dedi Stano.

Odamlar ishonchli, asosli axborot manbalariga murojaat qilishlari kerak, dedi Stano, yolgʻon mish-mishlar va tashviqot odamlar hayotini xavf ostida qoldirayotgani haqida ogohlantirib.

“Dezinformatsiya tarqatayotgan har qanday kimsa aslida odamlarning hayoti bilan oʻynashmoqda”, dedi u.

Google, Facebook va Twitter kabi yirik onlayn platformalar dezinformatsiya tarqalishiga barham berishda hukumat va sogʻliqni saqlash organlari bilan hamqorlikda ishlayapti.

Ammo, ular “tadqiqotchilar va boshqalar bilan xabarlar va statistik maʼlumotlarning tizimli almashinuvi” uchun yetarli harakat qilmayapti, deyiladi hisobotda.

Xitoy koronavirus pandemiyasining dunyo boʻylab tarqalishidagi roliga nisbatan tanqidlarga qarshi kurashar ekan, virusning kelib chiqishi haqida fitna nazariyalarini ilgari surmoqda.

AFP va Jon Xopkins universitetiga koʻra, 20-mart kuni Qozogʻistonda 44 ta kasallanish va 3 ta oʻlim holati tasdiqlanishi ortidan vaziyat keskinlashgan. Payshanba (19 mart) kuni ikkita yirik shahar – Olmaota va Nur-Sultonga kirish-chiqish toʻxtatilgan.

“Ikki shaharni sektorlarga ajratib, aholining piyoda va mashina orqali harakatini cheklash va nazorat qilish maqsadida blokpostlar tashkil etish choralari koʻrilmoqda”, deb xabar bergan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

Qozogʻistonda 15-martdan 15-aprelga qadar favqulodda holat eʼlon qilingan.

Markaziy Osiyoning barcha davlatlari COVID-19 koronavirusi pandemiyasiga qarshi kurashni kuchaytirganlar.

Tibbiyot xodimlari uchun qoʻlqop va niqoblar kabi shaxsiy himoya vositalarini xayriya qilish orqali Qoʻshma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarining yangi koronavirus (COVID-19) tarqalishiga qarshi hozirligiga yordam bermoqda.

Rossiyaliklar eng ogʻir vaziyatga tayyor

Shu bilan bir vaqtda, Rossiyada aholining aksar qismi virus haqidagi rasmiy daʼvolarga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Prezident Vladimir Putin “pandemiya nazorat ostida” deb ishontirishiga qaramay, rossiyaliklar real holat bundan ancha yomon ekanligidan xavotirda.

Rossiya hukumati yanvar oyida Xitoyda virus epidemiyasi kuchaygan payt tezlik bilan harakat qildi va 4200 km uzunlikdagi Xitoy-Rossiya chegarasini yopdi, koʻpchilik xitoylik fuqarolar, jumladan turistlarning mamlakatga kirishini taqiqladi.

6-martga kelib, Rossiya hududida virusga chalinish bilan bogʻliq 10 ta holat tasdiqlangan edi. Ammo keyinchalik vaziyat keskin oʻzgargan va 18 martga kelib bu koʻrsatkich 29 foizga oshgan, kasallanganlar soni esa 147 taga yetgan.

Rossiyadagi “vaziyat toʻliq nazorat ostida”, deb aytgan Putin 18-mart kuni Kommersant.ru nashriga koʻra.

Moskva va bir qator boshqa shaharlarda ommaviy tadbirlar hajmi cheklandi va taʼlim muassasalari yopildi. Shunda ham koʻpchilik rossiyaliklar oʻz hayotlarida keskin oʻzgarish sezmadilar.

“Vahimaga oʻrin yoʻq. Hozirda koʻrilayotgan choralarning bari profilaktik choralardir”, dedi bosh vazirning sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari Tatyana Golikova.

Shunga qaramay, ommaning xavotiri juda oʻrinli. Hafta boshidan beri ijtimoiy tarmoqlarda supermarketlardagi boʻm-boʻsh rastalar surati tarqaldi, koʻpchilik shahar chetidagi dala hovlilarga koʻchib ketdi.

“Men ikki quti grechka sotib oldim. Televizorda aytilayotgan narsalarga ishonmaslik mentalitetimizda bor”, deydi 47 yashar Sankt-peterburglik Svetlana Andropova.

Rossiyaning eng yirik oziq-ovqat riteyleri “X5 Group” xabariga koʻra, kompaniya oʻz zaxiralarini odatdagidan koʻra toʻrt baravar tezroq toʻldirmoqda.

Yuz niqoblari va antibakterial gellar Moskvada topilmas matohga aylanayozgan.

Bir-biriga zid raqamlar

Koʻpchilik tasdiqlangan rasmiy raqamlardan shubhalanib, ularni kamaytirilgan deb hisoblayapti.

Sogʻliqni saqlash organlari kasallanish holatlarini pnevmoniya va nafas yoʻllarining ogʻir infeksiyasi sifatida qayd etish bilan ularni yashirmoqda, dedi “Shifokorlar ittifoqi” mustaqil kasaba uyushmasi rahbari Anastasiya Vasilyeva.

Rasmiy raqamlar esa buning aksi. 2020-yil yanvar oyida Moskvada pnevmoniyaga chalinish koʻrsatkichi oʻtgan yilgiga nisbatan 37 foizga oshgan. Bu haqda “Rosstat” davlat statistika qoʻmitasi xabar bergan. Moskva shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasiga koʻra esa, ambulator bemorlar soni yanvarda 7 foiz, fevral oyida esa 8 foizga tushgan.

Sinov usullari ham savol ostida qolmoqda. Davlat sogʻliqni saqlash nazorat organi 110 mingta test oʻtkazilgani haqida xabar bergan boʻlsa, mashhur “Moskovskiy Komsomolets” kundalik gazetasi boshqa davlatlarda olib borilayotgan testlar bilan solishtirganda ularning ishonchli ekaniga shubha bildirgan. Nashrga koʻra, faqat ogʻir holatlargina ijobiy natija koʻrsatgan.

“Rossiyada yashar ekansan, eng avvalo oʻz haqingda qaygʻurishga va turli manbalardagi xabarlarni tahlil qilishga majbursan”, deb yozadi 29 yashar sport jurnalisti Sergey.

Virus haqidagi mish-mishlar tez urchimoqda. Inqirozni kuzatish uchun tashkil etilgan markaz ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan soxta xabarlarni aniqlab ularni oʻchirmoqda.

Yaqin kunlarda Moskvada favqulodda holat eʼlon qilinib, tungi komendantlik soati joriy etilishi haqidagi xabar 17-mart kuni rasman rad etildi.

Rossiyaliklar bu voqeaga odatiy qora yumor bilan munosabat bildirgan.

“Koronavirus Rossiya chegarasidan oʻtishi bilan oddiy grippga aylanadi” – shunday hazillardan biri.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Nega “Qozogʻistonda 20-mart holatiga koronavirusdan uchta odam oʻldi” deb yolgʻon gapiryapsizlar? Bugungi kungacha, 31-martgacha faqat bitta oʻlim qayd etilgandi, bugun esa yana ikkita. Bor gap shu. Aslida saytingizning oʻzi yolgʻonchi, sizlar Rossiya va Xitoy yolgʻonchi deb deysizlar. Laʼnati amerikaparastlar! Amerikoslar ham sizlarga oʻxshagan kazzob. Oldin hindular bilan yaxshi muomala qilishni oʻrganib olishsin, keyin eplay olsa bizga gapirsin. Sharmanda kozellar.

Javob berish

Rossiyaning oʻzida koronavirus epidemiyasi avj olmoqda, dedi Lukashenko. Balki Kreml uchun shunisi yaxshidir, millionlab rossiyalik pensionerlar oʻlib, hech vaqosi qolmagan pensiya jamgʻarmasiga kamroq yuk tushar.

Javob berish