Karvonsaroy
Salomatlik

Koronavirusga qarshi kurashayotgan Eron AQSHning yordamidan bosh tortdi, kasallanganlar soni oshib bormoqda

Karvonsaroy va AFP

22-mart kuni Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Homanaiy televideniye orqali xalqqa murojaat qildi. [IRNA]

22-mart kuni Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Homanaiy televideniye orqali xalqqa murojaat qildi. [IRNA]

Yakshanba (22-mart) kuni Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Homanaiy koronavirusga qarshi kurashda hargiz AQSHning yordamini qabul qilmasligini aytdi. Bu orada mamlakat kasallanganlar sonining koʻpayib borayotgani va puxta oʻylanmagan siyosat tufayli dunyo aholisi salomatligi uchun xavf epitsentriga aylanib bormoqda.

Dushanba (23-mart) kuni Eron sogʻliqni saqlash vazirligi kasallik tufayli oʻlganlar soni 1812 ta yetganini rasman maʼlum qilar ekan, ushbu mamlakat Italiya, Ispaniya va Xitoy bilan birga COVID-19 virusidan eng koʻp jabr koʻrgan mamlakatlardan biriga aylangan.

Soʻnggi 24 soat ichida 1411 dan ortiq yangi holat qayd etilib, jami 23049 odamning virus bilan kasallangani tasdiqlandi, dedi sogʻliqni saqlash vazirligi vakili Kianush Jahonpur.

29-fevral kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Eron rahbarlari koʻmak soʻrab murojaat qilsa, Vashington virusga qarshi kurashda yordam berishga tayyorligini aytdi.

Suratda: Eron vazirlar mahkamasining tushkun kayfiyatdagi aʼzosi, 18-mart kuni Tehronda prezident Hasan Ruhoniy bilan uchrashuv chogʻida. [IRNA]

Suratda: Eron vazirlar mahkamasining tushkun kayfiyatdagi aʼzosi, 18-mart kuni Tehronda prezident Hasan Ruhoniy bilan uchrashuv chogʻida. [IRNA]

Televideniye orqali soʻzlagan Homanaiy Amerika taklifini rad etar ekan, bu Eronda virus inqirozini kuchaytirishga urinish saʼy-harakatlarni yashirishga qaratilgani haqidagi fitna nazariyasini ilgari surgan.

Xitoy va Rossiya kabi, Eron ham faol ravishda virus haqida fitna nazariyalarini yoyinlab, yolgʻon yoki yanglish maʼlumot tarqatish bilan yanada koʻproq odamlar hayotini xavf ostiga qoʻymoqda.

Dushanba (23-mart) kuni Homanaiyni keskin tanqid qilgan AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo uning “uydirmalari” dunyoni yanada kattaroq xavf ostida qoldirayotganini aytgan.

Kuzatuvchilarga koʻra, Homanaiy yordamni qabul qilish oʻrniga, mamlakat aholisining eʼtiqodiga koʻproq umid qilayotgan koʻrinadi.

U eronliklarni epidemiyaga qarshi kurash boʻyicha hukumatning koʻrsatmalariga amal qilishga chaqirib, “barcha narsaga Qodir Zot Eron xalqi, barcha musulmon xalqlar va butun insoniyat boshiga kelgan bu musibatga barham berishini” aytgan.

Ammo, Eron hukumatiga ishonch har doimgidan ham pastroq.

Shubhali raqamlar

Eronda koronavirusning nazoratsiz tarqalishi unga qoʻshni va boshqa davlatlarga tahdid solar ekan, Eron rejimining jamoatchilikka aniq maʼlumotlarni yetkazishda shaffof emasligi xalqaro maydondagi xavotirni kuchaytirmoqda.

Virusdan eng koʻp jabrlangan davlatlardan biri boʻlishiga qaramay, Eron boshqa mamlakatlar kabi izolyatsiya choralarini qoʻllamagan.

Eʼtiborlisi, virusni nazorat qilishda qatʼiyroq choralar koʻrgan mamlakatlardagi raqamlarga nisbatan Eronda yangi qayd etilgan va oʻlim holatlari soni kamroq.

Masalan, harakatlanishga oid qatʼiy cheklovlar joriy etgan Italiyada har kuni 800 ta oʻlim holati va 5000 ta yangi bemor qayd etilmoqda.

Boshqa tafsilotlar Tehron haqiqiy raqamlarni juda kamaytirib berayotganini koʻrsatmoqda.

Masalan, juma (20-mart) kuni Erondagi Qizil xoch jamiyati 17-martdan beri uch million fuqaro virus eng koʻp tarqagan 13 ta viloyatdan chiqib ketgani va kasallikning mamlakat boʻylab mislsiz darajada tarqalishiga sababchi boʻlgani haqida xabar bergan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi vakili Jahonpur ularni “koʻrsatmaga rioya qilmagan ozchilik”, deb atagan.

Sunʼiy yoʻldoshlar orqali olingan suratlar va joylardagi videotasvirlarga koʻra, Eron hukumati Qum shahrida 100 metr uzunlikda xandaq qazigan boʻlib, u virus qurbonlari uchun ommaviy qabr vazifasini oʻtaydi.

Boshqa bayonotlar ham Eron rejimining vaziyatni toʻgʻri qabul qilishiga foyda bermagan.

“Baʼzilar nima uchun hukumat aralashmayapti deb soʻrashi mumkin, ammo menimcha biz sezilarli darajada aralashdik”, dedi prezident Hasan Ruhoniy oʻtgan hafta televideniye orqali qilgan murojaatida.

“Ulkan ishlar, jumladan boshqa hech bir mamlakatda amalga oshirilmagan choralar koʻrildi”, dedi u niqob taqib olgan vazirlar qurshovida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

AQSHda kasallik yoʻq deysizmi? Yoki sizdagi bemorlar butun dunyo uchun tahdid emasmi? Eron kuchli davlat va Allohning izni bilan bu baloni yenga oladi!

Javob berish