Karvonsaroy
Jamiyat

Oʻzbekiston hukumati aholini koronavirusga oid yolgʻon xabarlardan ehtiyot boʻlishga chaqirmoqda

Maksim Yeniseyev

Suratda: Toshkentdagi Hazrati imom majmuasi, 7-mart. [Aydar Ashimov]

Suratda: Toshkentdagi Hazrati imom majmuasi, 7-mart. [Aydar Ashimov]

TOSHKENT – Oʻzbekiston hukumati va mamlakatdagi diniy peshvolar odamlarni koronavirus bilan bogʻliq dezinformatsiya va vahimadan ehtiyot boʻlishgachaqirmoqda.

Jons Xopkins universitetining global xaritasiga koʻra, chorshanba (25-mart) holatiga Oʻzbekistonda virusga chalinishi bilan bogʻliq 55 ta holat tasdiqlangan. COVID-19 virusining boshqa shaharlar va viloyatlarga tarqalishining oldini olish maqsadida, seshanba (24-mart) kunidan Toshkentga kirish-chiqish yoʻllari yopildi.

16-mart kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi karantin va epidemiya vaqtida musulmonlarning oʻzini tutish qoidalari tushuntirilgan fatvo chiqardi.

Fatvo Oʻzbekistonning bosh muftiysi Usmonxon Alimov tomonidan milliy televideniye orqali oʻqib eshittirildi.

Oʻzbekiston bosh muftiysi Usmonxon Alimov 16-mart kuni milliy televideniye orqali qilgan chiqishida epidemiya munosabati bilan chiqarilgan fatvoni oʻqib eshittirmoqda.

Oʻzbekiston bosh muftiysi Usmonxon Alimov 16-mart kuni milliy televideniye orqali qilgan chiqishida epidemiya munosabati bilan chiqarilgan fatvoni oʻqib eshittirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Toshkentda koronavirus epidemiyasi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga murojaat qildi. [Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati]

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Toshkentda koronavirus epidemiyasi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga murojaat qildi. [Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati]

Kundalik ibodatlarni uyda ado etsa ham boʻladi, dedi Alimov. U jamoatchilikni kasallikka qarshi kurashga koʻmaklashish va Sogʻliqni saqlash vazirligi tavsiyalariga rioya qilishga chaqirdi.

Bunday favqulodda vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarni narxini oshirish, sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish sharʼan haromdir”, deyiladi fatvoda.

Oʻzbekistondagi boshqa dinlar yetakchilari ham oʻz qavmlarini tinchlikni saqlashga va fitnalar taʼsiriga tushmaslikka chaqirdilar.

“Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish lozim. Ammo eng asosiy, xotirjamlikni saqlash va vahimaga yoʻl qoʻymaslik. Butun Oʻzbekiston aholisi uchun duodamiz”, deydi rus pravoslav cherkovining Toshkent va Oʻzbekiston mitropoliti Vikentiy 18-mart kungi video murojaatida.

Yevangeliya nasroniylari, katolik va arman nasroniy jamoalarining yetakchilari ham shunga oʻxshash murojaatlarlar bilan chiqishgan.

Igʻvogarlikka qarshi kurash

Ayni paytda Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari mish-mishlar tarqalishining oldini olish va jamoatchilik orasida vahimani yumshatish uchun jiddiy choralar koʻrmoqda.

Bosh prokuratura xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh internetda buzgʻunchi maʼlumotlar tarqatib, jamoatchilik orasida vahima keltirib chiqarayotgan va osoyishtalikni buzayotgan 33 ta akkauntni aniqlagan, deb habar beradi Ichki ishlar vazirligi (IIV) 17-mart kuni.

Bu akkauntlarning 25 tasi xorijda roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarga tegishli boʻlgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar bergan IIV.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari ijtimoiy tarmoqlar orqali yolgʻon maʼlumot tarqatish bilan shugʻullangan 13 kishini soʻroq qilgan, ulardan toʻrt nafariga jinoiy javobgarlik belgilandi. Qolgan toʻqqiztasiga ogohlantirish berildi.

“Mamlakatni beqarorlashtirmoqchi boʻlganlarning fitnasiga uchmang. Yoddan chiqarmang: har bir holat aniqlanadi va aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar koʻriladi”, dedi IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov.

Oʻzbekiston qonunchiligiga binoan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 4600 dollarlik jarimadan tortib, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bunday maʼlumotlarni tarqatganlarga esa 7000 dollar miqdoridagi jarimadan tortib, 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi qoʻllanishi mumkin.

18-mart kuni xalqqa murojaat bilan chiqqan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham dezinformatsiya masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

“Hozirgi vaziyatda ayrim masʼuliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va oʻzini “piar qilishni” yaxshi koʻradigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi”, dedi Mirziyoyev.

“Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak”, dedi u. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri, asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatishga yoʻl qoʻymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim.

Bu choralar mahalliy dezinformatsiya manbalariga qaratilgan boʻlsa-da, bugungi kunda Xitoy, Rossiya va Eron hukumatlarining koronavirus bilan bogʻliq faol dezinformatsiya kampaniyalari xalqaro hamjamiyatining diqqat markazida boʻlib turibdi.

“Koronavirus-info”

Soxta yangiliklar va dezinformatsiyaga qarshi kurash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, AOKA, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida “Koronavirus-info” Telegram kanali tashkil qilingan.

Mazkur tashabbusda koʻplab oʻzbekistonlik jurnalistlar va bloggerlar ishtirok etmoqda.

15-19-mart kunlari ushbu Telegram kanaliga 500 000 ga yaqin foydalanuvchi qoʻshildi, bu esa uni Oʻzbekistondagi eng yirik kanallardan biriga aylantirgan.

“Telegram – Oʻzbekistonda eng ommabop xabar almashish ilovasi. Shu sababli “Koronavirus-info” hozirgi kunda epidemiya va virusga qarshi kurash boʻyicha muhim maʼlumot manbaiga aylandi”, deydi oʻzbekistonlik jurnalist Alisher Muhammadaliyev.

“Epidemiya boshlangan vaqtda internet turli ahmoqona mish-mishlarga toʻlib ketdi”, dedi u.

“Turli ekstremistik kanallar virusni “uygʻurlarga zulm qilgan Xitoy uchun jazo” deb atashdi, odamlar bu kasallik musulmonlarga yuqmaydi, faqat nasroniy va buddistlarga yuqadi, dedilar”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Etnik ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi mish-mishlardan tashqari, karantinning ilk kunlarida Oʻzbekistonda vahima qoʻzgʻashga qaratilgan koʻplab ahmoqona xabarlar tarqala boshladi”, dedi Muhammadaliyev. “Masalan, osmondan turib shaharni dezinfektsiya qiladigan vertolyotlar va shaharda yuzlab kasallanganlarning borligi aytildi”.

“Facebook va Telegramda diniy mazmundagi koʻplab radikal kanallar mavjud. Ular “koronavirus” soʻzida “Qurʼon” soʻzi borligini va virus faqat “kofirlarni” jazolashini aytmoqda, deydi toshkentlik Manzura Abduxoliqova.

“Ularning aytishicha, namoz oʻqiyotgan odamlar virusdan qoʻrqmasligi kerak. Koʻplab musulmonlar faol ravishda bu kabi yolgʻon xabarlarni tarqatdilar”, deydi Abduxoliqova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500