Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, Turkmanistonga yana noqonuniy narkotiklar muammosi xavf solmoqda

Jumaguli Annayev

Koʻknori dalasidan afyun hosilini yigʻishtirib olayotgan afgʻonistonlik fermer, Surxrod tumani, Nangarxar viloyati, 2018-yil 17-aprel. 90-yillar boshida Turkmaniston Afgʻonistondan keltirilgan afyun va keyinchalik geroin bilan toʻlib toshgan edi. Mahalliy aholining eslashicha, giyohvand moddalar har bir muyulishda pistadek sotilgan. (Nurulloh Shirzoda/AFP)

Koʻknori dalasidan afyun hosilini yigʻishtirib olayotgan afgʻonistonlik fermer, Surxrod tumani, Nangarxar viloyati, 2018-yil 17-aprel. 90-yillar boshida Turkmaniston Afgʻonistondan keltirilgan afyun va keyinchalik geroin bilan toʻlib toshgan edi. Mahalliy aholining eslashicha, giyohvand moddalar har bir muyulishda pistadek sotilgan. (Nurulloh Shirzoda/AFP)

ASHXOBOD – Turkmanistonliklar hukumatning noqonuniy giyohvandlik moddalarga qarshi kurash choralarini olqishlayotgan bir paytda, tahlilchilar bu balo takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

“Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning koʻp ishlaridan mamnun boʻlmasam ham, mamlakatimizni giyohvandlik balosidan xalos qilgani va millatni tubanlik va tanazzuldan qutqarib qolganidan minnatdorman”, deydi tejenlik Nuragdi Cherkezov.

Cherkezov oʻz oilasi boshdan kechirgan voqealar sababli 90-yillarda va 2000-yillar boshida giyohvandlikning ayanchli oqibatlariga shaxsan guvoh boʻlgan.

Cherkezovning ikki oʻgʻli dozadan ortiq narkotik isteʼmol qilish oqibatida 20 yoshga yetmay halok boʻlgan. Qizi esa giyohvand odamga turmushga chiqib, ikkita nogiron bola tuqqan.

Cherkezov Axal viloyatining Tejen shahrida yashaydi. Sovet Ittifoqi davrida bu shahar narkotiklar va koʻknori yetishtirish bilan tanilgan edi.

“Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Tejen shahri va Turkmanistonning boshqa hududlari afgʻon afyuni va geroinga toʻlib ketdi. Narkotik moddalar pista kabi har bir koʻchada sotilardi”, deb eslaydi Cherkezov.

“Eng qoʻrqinchlisi, sobiq prezident Saparmurad Niyozov politsiyaga yonida bir necha gramm narkotik moddasi boʻlgan va uni kasallikni davolash uchun qoʻllaydigan odamlarni hisbga olishni taqiqlagan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Niyazov 1991-yildan 2006-yilgacha prezident boʻlgan.

Bugungi kunda bu yopiq davlatda giyohvandlik va u bilan bogʻliq jinoyatlarga oid statistik maʼlumotlar yoʻq.

Narkotiklarga qarshi kurashdagi gʻalaba

Narkotiklarga qarshi kurash davlat xizmatining sobiq tergovchisi Merdan N. giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga barham berilishida toʻrt asosiy omilni sanab oʻtdi.

Berdimuhamedov “jahondagi narkotik moddalarning eng katta qismi yetishtiriladigan Afgʻoniston va afgʻon geroini tranzitida asosiy hudud boʻlgan Eron bilan chegaralarni kuchaytirishda muhim rol oʻynadi. Bu mamlakatga narkotik moddalar oqimining sezilarni darajada kamayishiga olib keldi”, dedi Merdan.

Bir vaqtning oʻzida, hukumat mamlakat ichidagi koʻknori dalalarini yoʻq qilish choralarni kuchaytirdi va noqonuniy ekinlar yetishtirgan shaxslarni jazoladi, dedi u.

“Koʻknori” operatsiyalari doirasida minglab nasha va afyun ekinlari yoʻq qilindi, yuzlab “narkofermerlar” hibsga olindi, dedi u. Narkotik moddalarni sotish, tashish va saqlash uchun jazo choralari qatʼiylashtirildi.

“Bu giyohvandlikka qarshi ayovsiz urush ekanligi, narkotik moddalarni sotganlar afv etilmasligi va muddatidan avval ozod qilinmasligini hamma tushunib yetgach, afyun xomashyosi, geroin, nasha va marixuananing noqonuniy savdosi keskin kamaya boshladi”, dedi Merdan.

“Albatta, 2008-yilda hukumat tomonidan tuzilgan maxsus davlat idorasi xodimlarining saʼy-harakatlari ham diqqatga sazovor”, deb qoʻshimcha qildi u Davlat noqonuniy giyohvandlik nazorati xizmatini nazarda tutib.

2013-yilda idora Sogʻlom jamiyatni muhofaza qilish boʻyicha davlat xizmati deb qayta nomlandi. 2016-yilda esa Berdimuhamedov idora koʻzlagan maqsadlarga erishdi deya uni tarqatib yubordi. Uning narkotiklarga qarshi kurash vazifasi boshqa idoralar zimmasiga yuklandi.

“Sobiq idoramiz faoliyat yuritgan sakkiz yil davomida 5000 dan ortiq yirik narkofurushlar jazolangan, tergov davomida ularning koʻpchiligi ichki va milliy xavfsizlik vazirliklarida, bosh prokuraturada oʻz himoyachilarga ega ekanligi aniqlangan”, dedi Merdan.

“Idoramiz toʻgʻridan-toʻgʻri prezidentga hisobot bergani sababli “himoyachisi” bor hech bir narkofurush jazosiz qolmadi”, deya qoʻshimcha qildi u.

Xavotir sababi

Ammo, ayrim kuzatuvchilar mamlakatda giyohvandlik muammosi qayta yuzaga chiqishidan xavotirda.

“Turkmanistonda narkotiklar yana jiddiy ijtimoiy muammoga aylanmoqda”, deb xabar bergan Avstriyadagi “Xroniki Turkmenistana” migrantlar nashri 16-mart kuni.

“Chars va Atom deb nomlangan narkotik moddalar keng tarqalgan”, deyiladi xabarda. Unda mos ravishda nasha va afgʻon geroinidan tayyorlangan moddalar nazarda tutilgan.

Xabarga koʻra, “Chars”ning bitta dozasi 25-40 turman manati (7-11 AQSH dollari), “Atom”ning bir dozasi esa 60 turkman manati (17 AQSH dollari) turadi.

Turkmanistonga narkotiklar endi nafaqat Afgʻoniston va Erondan balki, Turkmanboshi porti orqali Turkiya va Ozarbayjon kabi uchinchi davlatlardan ham kirib kelishni boshlagan, deb tasdiqladi sobiq tergovchi Merdan.

Narkotiklar, odamfurushlik va qurol-yarogʻ savdosidan daromad oluvchi xalqaro terrorchilik sababchilari Turkmanistonni narkotik moddalar bilan toʻldirish niyatida, dedi u.

“Maʼlumotlarga qaraganda, fevral oyi oxirida Turkmanboshi portida tasodifan yirik hajmdagi narkotik moddalar ortilgan konteyner topilgan, ammo uning musodara qilinishi haqidagi xabar maxfiylashtirilgan”, dedi Merdan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hammasi tushunarli, narkomanlarni boshqarish osonroq, bir paytlar jangovar turkmanlarning sabr-bardoshiga qoyil qolardim, sababi oddiy boʻlib chiqdi

Javob berish