Karvonsaroy
Terrorizm

Koronavirus jangari guruhlarning sogʻliqni saqlash borasidagi ikkiyuzlamachiligini fosh etdi

Karvonsaroy

Himoya kostyumi va yuz niqobi kiygan koʻngillilardan biri 2020-yil 18-mart kuni Kobulda COVID-19 virusining tarqalishiga qarshi profilaktika choralarining boshlanishiga hozirlik koʻrmoqda. [Vakil Kohsar /AFP]

Himoya kostyumi va yuz niqobi kiygan koʻngillilardan biri 2020-yil 18-mart kuni Kobulda COVID-19 virusining tarqalishiga qarshi profilaktika choralarining boshlanishiga hozirlik koʻrmoqda. [Vakil Kohsar /AFP]

KOBUL – Dunyo boʻylab avj olayotgan koronavirus pandemiyasi tinch aholining kundalik hayotini izdan chiqarish va rahbarlarni halokatli kasallikka qarshi turishga majbur qilish bilan bir qatorda, jangari guruhlarning aholi salomatligiga nisbatan ikkiyuzlamachi munosabatini ham fosh etgan.

Dushanba (30-mart) holatiga koʻra, dunyoda COVID-19 virusiga chalinish bilan bogʻliq tasdiqlangan holatlar soni qariyb 750 mingtani tashkil etgan, 30 mingdan ortiq oʻlim qayd etilgan.

Halokatli virus Afgʻoniston va Pokistondagi Tolibondan tortib, Yaqin Sharq va uning tashqarisidagi “Islom davlati” (ID) guruhiga doxil jangari guruhlarni salomatlik va gigiyenani himoya qilishga majburladi. Bu ayni guruhlar tomonidan oʻnlab yillar davomida dunyodagi sogʻliqni saqlash tizimlariga nisbatan olib borilgan zoʻravonlik va tashviqot choralarining tamoman aksidir.

Tolibon soʻnggi bir necha hafta davomida halokatli koronavirus tarqalishi sharoitida oʻzini odamlar salomatligi uchun qaygʻuradigan guruh sifatida koʻrsatishga harakat qilmoqda.

27-mart kuni Tolibonlar tomonidan eʼlon qilingan fotosuratda guruhning koronavirus tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha “tashviqot choralari” aks etgan. [Fayl]

27-mart kuni Tolibonlar tomonidan eʼlon qilingan fotosuratda guruhning koronavirus tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha “tashviqot choralari” aks etgan. [Fayl]

Yuziga niqob taqqan askarlar Taftan chegara punkti orqali Erondan qaytayotgan pokistonliklar uchun moʻljallangan karantin hududiga olib boruvchi yoʻlni qoʻriqlamoqda. 17-mart, Sukkur, Sind provintsiyasi. [Shohid Ali/AFP]

Yuziga niqob taqqan askarlar Taftan chegara punkti orqali Erondan qaytayotgan pokistonliklar uchun moʻljallangan karantin hududiga olib boruvchi yoʻlni qoʻriqlamoqda. 17-mart, Sukkur, Sind provintsiyasi. [Shohid Ali/AFP]

Tahlilchilar va oddiy fuqarolarga koʻra, bu ochiqdan-ochiq ikkiyuzlamachilikdir, negaki bu guruh oʻnlab yillar davomida tibbiy muassasalarga hujum qilgan, shifokorlarni oʻldirgan va fuqarolarni emlash amaliyotlarini man qilgan.

“Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy idorasi rasmiy vakili Suhayl Shaxin 16-mart kuni oʻz Tvitterida “guruh koronavirusga qarshi kurashda barcha xalqaro sogʻliqni saqlash tashkilotlari va JSST bilan hamkorlik qilish hamda oʻzaro choralarni muvofiqlashtirishga tayyor ekanligi va buni oʻz sogʻliqni saqlash komissiyasi orqali tasdiqlashini” aytgan.

Bu bayonot guruhning Afgʻonistondagi sogʻliqni saqlashga doir xalqaro saʼy-harakatlarga nisbatan uzoq yillik qarshiligi, xususan oʻtgan yil aprel oyida Jahon sogʻliqni saqlash va Qizil Xoch tashkilotlari xodimlarini oʻz nazoratidagi hududlardan quvib chiqargan Tolibonning pozitsiyasiga mutlaqo zid keladi.

Oʻtgan yil davomida sukut saqlagan Tolibon yaqinda shu kabi xavotirlarni bildirdi – 15-mart kuni Tolibon vakili Zabiulla Mujohid “40 mingga yaqin odam saqlanayotgan Afgʻoniston qamoqxonalarida sanitar-gigiyenik sharoitlar va tibbiy muassasalarning yoʻqligi jiddiy xavf tugʻdirishini” aytgan.

Jangarilar virusning tezlik bilan tarqalishini, ularning safdoshlari va hibsdagi aʼzolari xavf ostida qolishini biladilar, deydi kobullik doktor Mina Naz.

Shu sababli ular endi tibbiyot xodimlari bilan hamkorlik qilmoqdalar, dedi Naz.

“Afgʻonistondagi sogʻliqni saqlash tizimining abgor holatda ekanligiga xuddi shu jangarilar masʼul, chunki shifokorlar, tibbiyot xodimlari va hamshiralar emlash va tibbiy xizmat koʻrsatishga tayyor emas”, dedi u.

“Ular sogʻliqni saqlash muassasalariga zarar yetkazishdi va islomiy taʼlimotlarga zid deb bilganlari uchun emlash bilan shugʻullangan tibbiyot xodimlarini oʻldirdilar”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tolibon guruhi soʻnggi yarim yil ichida Maydan-Vardak viloyatida Shvetsiya yordam guruhi boshqaruvidagi oʻnlab tibbiyot muassasalarini yopib qoʻydi. Bu voqeadan bir oy oʻtib esa minalangan avtomashinani portlatish bilan Zabuldagi shifoxonani yer bilan yakson qildi.

Bu Tolibon harakatining soʻnggi bir necha oʻn yillik davomida jamoat sogʻliqni saqlash tizimiga putur yetkazish bilan bogʻliq son-sanoqsiz harakatlariga ikkitagina misol, xolos.

Chegaraning narigi tarafida – Pokistonda ham tibbiyot xodimlari Tolibonning kasallik tufayli dabdurustdan xavotirga tushib qolganini xuddi shunday sovuqqonlik bilan qarshi olishgan.

“5000 dan ortiq aʼzosi Afgʻoniston qamoqxonalarida saqlanayotgani tufayli “Tolibon”ning xavotirga tushishi kulgili, negaki oʻtmishda jangarilar oʻzlari nazorat qilayotgan hududlarda tibbiyot xodimlarining emlash ishlariga toʻsqinlik qilishgan”, dedi Pokistonning Svat viloyatidagi sobiq sogʻliqni saqlash xodimi, doktor Abdur Rauf.

“Toliblar koronavirus kasalligi paydo boʻlguniga qadar profilaktik tibbiy choralarni islomga qarshi deb bilganlar”, dedi Rauf.

“Ular shu yoʻl bilan mamlakat aholisi va butun dunyoga afgʻonistonliklar sogʻligʻi haqida qaygʻurayotganini koʻrsatmoqda, aslida esa ularga baribir ... negaki ular oʻz terrorchilik hujumlari bilan har kuni afgʻonlar hayotini xavf ostiga qoʻyishda davom etmoqda”, deydi kobullik siyosiy tahlilchi Aminulloh Shariq.

“Agar Tolibon haqiqatan ham insonlar hayotini saqlab qolishni istasa, otashkesimga rozi boʻlib, tinchlik bitimi imzolashi va hukumat bilan birgalikda koronavirusga qarshi kurashishi lozim”, dedi u.

Tashviqot urushi

Tolibonda xalqaro aralashuvni talab qiladigan yashirin motivlar bor, deydi 26 yashar kobullik Nosir Ahmadiy.

“Ular xalqaro tashkilotlardan mablagʻ olishga va ularni oʻz terrorchilik faoliyatlari uchun sarf qilishga urinmoqdalar”, dedi u.

“Tolibonlar shifokorlarni oʻldirish, shifoxonalar va tibbiyot muassasalarini portlatish bilan minglab odamlar hayotini xavf ostiga qoʻymoqda”, dedi Ahmadiy. “Bu guruh uchun insonlar hayoti ahamiyatsiz.”

“Tolibonlarda tibbiy laboratoriyalar va klinikalar oʻrniga narkotik moddalar laboratoriyalari va ularni ishlab chiqarish markazlari bor.”

Tahlilchilarga koʻra, Tolibonlar yordam berishni istagan taqdirda ham koronavirusga qarshi kurashga qodir emas.

“Tolibonlar zaruriy resurslar, malakali shifokorlar, tibbiy jihozlar, tibbiyot xodimlari, shifoxona va klinikalarga ega emas”, deydi Afgʻonistonning Volisi Jirgʻa (parlament quyi palatasi) aʼzosi, sogʻliqni saqlash qoʻmitasi vakili doktor Yarbaz Xon Hamidiy.

Pandemiyaga qarshi kurashish uchun tolibonlar “hukumat shifokorlari va boshqa sogʻliqni saqlash xodimlarini oʻz nazorati ostidagi hududlarga kiritishlari lozim”, dedi Hamidiy.

Rasmiylarga koʻra, kasallikka qarshi kurashda Tolibonlarning global sogʻliqni saqlash tashkilotlaridan yordam soʻrashi tashviqotdan boshqa narsa emas.

“Tolibonlarning koronavirusga qarshi kurash niyati boʻlganida, ular otashkesimga rozi boʻlib, hukumat va xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilar edi”, dedi Afgʻonistonning Paktika viloyatidan boʻlgan Volisi Jirgʻa vakili Xalid Asad.

Buning oʻrniga ular “butun dunyo eʼtiborini jalb qilishga urinmoqda”, dedi u.

ID “gigiyenasi”

Afgʻoniston Tolibonlari toʻsatdan omma salomatligi haqida qaygʻurib qolgan yagona jangari guruh emas.

ID oʻzining “Al-Naba” xabarnomasida koronavirus bilan zararlangan Yevropani “pandemiya oʻlkasi” deb atab, jangarilarni undan uzoqlashishga chaqirgan. Bu haqda “Gulf News” 15-mart kuni xabar berdi.

Yevropadagi hujumlarni qoʻllab-quvvatlagan terrorchilik guruhi koronavirusni yuqtirganlikda gumon qilingan Yevropadagi izdoshlarini oʻsha yerda qolishga va kasallik tarqalishining oldini olishga chaqirmoqda.

U oʻz izdoshlariga “esnash va aksirish chogʻida ogʻizlarini yopishni” va qoʻllarini tez-tez yuvib turishni maslahat bergan.

“Dunyo jangarilarning odamlar haqida qaygʻurmayotganini va faqat oʻzini saqlab qolish niyatida ekanligini tushunishi kerak”, deydi JSST sobiq xodimi, peshovorlik doktor Umar Xon.

Dunyo boʻylab faoliyat olib borayotgan jangari guruhlar oʻz manfaatlari yoʻlida islomni notoʻgʻri talqin qilmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

“Jangarilarda tibbiy bilimlar yoʻq, ular islom nomi bilan bu masalada odamlarni adashtirmoqdalar”, dedi u.

[Maqolani tayyorlashga Peshovardan Ashfaq Yusufzay va Kobuldan Sulaymon koʻmaklashdi]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500