Karvonsaroy
Diplomatiya

Oʻzbekiston va Afgʻoniston koronavirus pandemiyasi sharoitida hamkorlikni yangilamoqda

Maksim Yeniseyev

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (oʻngda) 13-iyun kuni Qirgʻizistonning Bishkek shahrida afgʻonistonlik hamkasbi Ashraf Gʻani bilan uchrashdi. [Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati]

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (oʻngda) 13-iyun kuni Qirgʻizistonning Bishkek shahrida afgʻonistonlik hamkasbi Ashraf Gʻani bilan uchrashdi. [Oʻzbekiston prezidentining matbuot xizmati]

TOSHKENT – Oʻtgan hafta telefon orqali soʻzlashgan Oʻzbekiston va Afgʻoniston rahbarlari koronavirus tarqalishiga qarshi birgalikda kurashga kelishib, tinchlik va iqtisodiy hamkorlik oʻrnatish tarafdori ekanliklarini yana bir karra tasdiqladilar.

Payshanba (2-aprel) holatiga koʻra, kasallanganlar soni Oʻzbekistonda 190 (ikkita oʻlim), Afgʻonistonda esa 237 kishini (toʻrtta oʻlim) tashkil etgan.

26-mart kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev afgʻonistonlik hamkasbi Ashraf Gʻani bilan telefon orqali muloqotda boʻldi. Suhbat chogʻida Gʻani Mirziyoyevga Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Rahbarlar joriy vaziyat va Markaziy Osiyoda pandemiyaga qarshi kurash yuzasidan hukumat tomonidan koʻrilayotgan choralarni muhokama qildilar. Gʻani ushbu kasallikka qarshi kurashda Afgʻonistonga amaliy yordami uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.

23-mart kuni Afgʻonistonning Samangan viloyatida COVID-19 ni davolashga ixtisoslashgan shifoxona ochildi. [Afgʻoniston sogʻliqni saqlash vazirligi]

23-mart kuni Afgʻonistonning Samangan viloyatida COVID-19 ni davolashga ixtisoslashgan shifoxona ochildi. [Afgʻoniston sogʻliqni saqlash vazirligi]

26-mart kuni Afgʻonistonning Qunduz viloyatida COVID-19 virusiga qarshi kurash “mashgʻulotlarini” oʻtkazayotgan tolibonlar. [Twitter]

26-mart kuni Afgʻonistonning Qunduz viloyatida COVID-19 virusiga qarshi kurash “mashgʻulotlarini” oʻtkazayotgan tolibonlar. [Twitter]

Mirziyoyev matbuot xizmatining xabar berishicha, Gʻani oʻzbekistonlik ishchilar tomonidan qurilgan va boshqarilayotgan Hayraton – Mozori Sharif temir yoʻli, elektr energiyasi, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari, Afgʻonistonga yuklar va gumanitar yordamlarning toʻsiqsiz olib oʻtilishini pandemiyaga qarshi kurashda asosiy omillar sifatida eʼtirof etdi.

Ikki davlat rahbarlari yaqindan hamkorlik qilishni davom ettirish hamda oʻz mamlakatlarida sogʻliqni saqlash va epidemiologik vaziyatni monitoring qilishga oid qatʼiy choralar koʻrish muhimligini taʼkidladilar.

Gʻani va Mirziyoyev Afgʻonistonni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni jadallashtirishga kelishib olganlar.

Jumladan, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishini qisman moliyalashtirish uchun 45 mln. AQSH dollari ajratishni rejalashtirmoqda.

Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi bunday hamkorlikni yuqori baholaydi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 21-mart kuni Navroʻz bayrami munosabati bilan oʻzbek xalqiga yoʻllagan tabrigida Afgʻonistonga koʻrsatilayotgan yordam va jahon hamjamiyati bilan hamkorlikning muhimligini taʼkidladi.

3-fevral kuni Toshkentda oʻzbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlikka erishish jarayonidagi rolini alohida taʼkidlab oʻtdi.

“Men Afgʻonistondagi tinchlik va yarashuvni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan doimiy saʼy-harakatlari uchun hamkasblarimga minnatdorchilik bildiraman. Shu munosabat bilan, AQSH Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo va aloqalarni rivojlantirish uchun bir million dollar yordam ajratishini mamnuniyat bilan eʼlon qilaman”, dedi u.

“Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi mustahkam aloqalar nafaqat bu yerda va Afgʻonistonda, balki butun Janubi-Markaziy, Markaziy Osiyo va undan tashqarida tinchlik va farovonlikka erishishga hissa qoʻshadi”, dedi Pompeo.

Ikki xavf

“Hozirda Oʻzbekistonning iqtisodiy yordami Afgʻoniston uchun har doimgidan ham zarur”, deydi toshkentlik iqtisodchi Shukrullo Mavlonov.

“Bugungi kunda pandemiya tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi chegara punktlari (piyodalar va transport vositalari uchun) yopilgan va aviareyslar toʻxtatilgan boʻlsa-da, yuk tashish davom etmoqda”, dedi u. “Tovarlar Oʻzbekistondan temiryoʻl va yuk mashinalari yordamida yetkazib berilmoqda.”

“Afgʻoniston Oʻzbekistondan elektr energiyasi ham oladi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Bu kanallarsiz Afgʻonistonga koronavirusni toʻxtatish mushkul boʻladi.”

“Afsuski, afgʻonistonlik doʻstlarimiz bir vaqtning oʻzida ikkita xavfga qarshi kurashishlari kerak: bular epidemiya va terrorizm”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan.

Ekstremist va terrorchilar pandemiyaga qarshi kurashishni istamayapti, aksincha bu holatdan foydalanib oʻz hujumlarini kuchaytirishga urinmoqda, deb ogohlantiradi kuzatuvchilar.

“Oʻtgan hafta davomida hukumat Afgʻonistonda koronavirusning tarqalishi xavotirli ekani va millionlab odamlarni kasallantirishi mumkinligi haqida ogohlantirishi ortidan zoʻravonlik yanada kuchaygan. Oʻtgan haftada, koronavirus aniqlangan oʻnlab viloyatlarda Tolibonlar 300 dan ortiq hujumlarni amalga oshirgan”, deb xabar beradi “New York Times” nashri shaxsi ochiqlanmasligini soʻragan rasmiyga asoslanib.

25-mart kuni “Islom davlati” (ID) Kobulda qonli qirgʻin uyushtirdi – sikxlar ibodatxonasiga qilingan hujumda kamida 25 kishi oʻldirildi.

Keyinroq, 29-mart kuni Tolibonlarning ikki hujumi davomida yigirmaga yaqin afgʻon politsiyachilari va hukumatparast jangarilar halok boʻlgan.

Soxta yangiliklar

Pandemiya Tolibonlarning sogʻliqni saqlash sohasidagi ikkiyuzlamachiligini ham fosh etdi.

Guruh bir necha oʻn yillar davomida tibbiy muassasalarga hujum qilib, shifokorlarni oʻldirgan va aholining muhim vaksinalarni olishiga toʻsqinlik qilib kelgan.

Soʻngra, pandemiya avj olishidan bir oz avval Tolibonlar “profilaktik choralarning islomga zid ekanligini” taʼkidlagan edilar.

Uzoq vaqt davomida tolibonlarning aholi salomatligiga befarqligini tasdiqlovchi koʻplab dalillardan keyin, Tolibon jangarilarining COVID-19 virusiga qarshi kurash boʻyicha “mashqlar” olib borgani aks etgan fotosuratlar kuzatuvchilarni hayratga solgan. “Trening” davomida jangari guruh qurollar va ogʻir artilleriyani namoyish qilgan.

“#COVID19 ga qarshi kurashning toliboncha usuli”, deb hazillashgan oʻzining Twitter sahifasida jurnalist Nur Ali bu suratlarga munosabat bildirib.

Oʻzbekistonning koronavirus haqidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash va aholini xabardor qilishga oid tajribasi Afgʻonistonga qoʻl kelishi mumkin.

Soxta yangliklar va dezinformatsiyaga qarshi kurashda qoʻllanilayotgan vositalardan biri – Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil qilingan “Koronavirus-info” Telegram-kanalidir.

Mazkur tashabbusda koʻplab oʻzbek jurnalistlari va bloggerlar ishtirok etmoqda.

Kanal 1,3 milliondan ortiq obunachi toʻplashga ulgurdi. Ular oʻz smartfonlari orqali muntazam ravishda tasdiqlangan maʼlumotlarni oʻqib borishlari mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Toshkent, 2020-yil 31-mart, 13:53 - REGNUM Oʻzbekiston harbiy samolyoti Xitoydan Toshkentga 200 ming dona test toʻplamlari va 50 mingta kombinezon olib keldi, deb xabar beradi Kun.uz. Ular Oʻzbekiston prezidentining buyrugʻi bilan xarid qilingan. Shuningdek, shu reysning oʻzida Oʻzbekistondan Xitoyga 2,5 milliard soʻm (262 ming AQSH dollari) qiymatidagi insonparvarlik yordami yetkazib berilgan. Yukning umumiy ogʻirligi 20 tonnani tashkil etdi.

Javob berish