Karvonsaroy
Energiya

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlashga urinayotgan Qozogʻiston Rossiyadan yoqilgʻi importini taqiqladi

Kanat Altinbayev

Olmaotada Rossiya benzinini sotadigan EF yoqilgʻi quyish shaxobchasi, 2018-yil 13-iyun. [Fayl]

Olmaotada Rossiya benzinini sotadigan EF yoqilgʻi quyish shaxobchasi, 2018-yil 13-iyun. [Fayl]

OLMAOTA – Qozogʻiston Rossiyadan benzin, dizel va aviatsiya yoqilgʻisi importini vaqtincha taqiqladi. Maqsad – koronavirus tufayli eʼlon qilingan favqulodda vaziyat sharoitida talab kamaygani bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash.

Chorshanba (1-aprel) kunidan joriy qilingan taqiq uch oy amalda boʻlishi kutilmoqda, deb xabar beradi mahalliy Tengri News portali Qozogʻiston energetika vazirligiga tayanib.

Vazirlikka koʻra, yoqilgʻi-moylash materiallarini olib kirishga taqiq qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan, deb xabar beradi Olmaotaning “Kursiv” biznes nashri.

Hisobotga koʻra, koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy pasayish davrida neft mahsulotlari isteʼmoli qisqargan. Ichki ehtiyojning kamaygani va import yoqilgʻisining koʻpayishi Qozogʻistondagi neftni qayta ishlash zavodlari unumdorligining pasayishiga olib keladi, degan xavotirlar bor.

Avval ham, jumladan 2018-yil avgustda va 2019-yil fevralda Qozogʻiston Rossiya yoqilgʻisini temiryoʻl orqali olib kirishni taqiqlagan yoki cheklagan edi. Bu chora Qozogʻiston bozoridagi ortiqcha yoqilgʻini kamaytirishga yoʻnaltirilgan.

Oʻz-oʻzini taʼminlay oladigan mamlakat

Qozogʻiston 2018-yildan boshlab yoqilgʻi-moylash materiallariga boʻlgan ichki ehtiyojni toʻliq qondira oldi. Mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlarining modernizatsiya qilinishi natijasida ularning quvvati va ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshgan.

“Talap” amaliy tadqiqotlar markazi direktori, Nur-sultonlik Rahim Oshakbayevning aytishicha, Qozogʻistonda benzin ishlab chiqarish 2018-yildan beri ikki baravarga oshgan.

Bundan tashqari, hozirgi kunda mamlakatda “Yevro-4” va “Yevro-5” ekologik standartlariga javob beradigan benzin ishlab chiqarilmoqda. Yevropa ekologik standartlari Yevropa Ittifoqida sotiladigan transport vositalari uchun havoga chiqariladigan gaz chiqindilarining ruxsat etilgan chegaralarini belgilaydi.

Oʻtgan yilning noyabr oyida Qozogʻiston energetika vazirligi Yevropaga “Yevro-5” benzinini eksport qilishni boshlagan edi. Bu yil Markaziy Osiyo bozorlariga avtomobil yoqilgʻisi yetkazib berish hajmini oshirish rejalashtirilmoqda.

“Qozogʻiston neft qazib oluvchi mamlakat boʻlishiga qaramay, biz doim Rossiyadan neft mahsulotlarini import qilganmiz”, degan edi 2019-yilda Nur-sultonlik iqtisodchi va tadbirkor Tolegen Axmetov Karvansaroy bilan suhbatda.

Rossiyaga energetik qaramlik Qozogʻistonda bir necha marta benzin taqchilligini keltirib chiqargan va bu respublika iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.

Bu kabi holat soʻnggi bor 2017-yilning kuzida qayd etilgan – oʻshanda butun mamlakat boʻylab yuzaga kelgan yoqilgʻi tanqisligi tufayli AYOQSHlarda turnaqator navbatlar paydo boʻlgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyaning yoqilgʻisi juda qimmat. Qogʻogʻistondagidan deyarli ikki marta qimmat.

Javob berish