VASHINGTON – Dunyoda pandemiyaga qarshi olib borilayotgan kurashdagi muhim shaxslardan biri – doktor Entoni Fauchiga koʻra, Xitoy rasmiylari yangi koronavirus masalasida avval-boshdan shaffof boʻlganlarida , dunyo hozirda COVID-19ga qarshi kurash uchun ancha yaxshi holatda boʻlar edi.
Dunyo boʻyicha taxminan 1,3 million kishi COVID-19 virusini yuqtirgan va 70 mingga yaqin odam oʻlgan. Bu raqamlar tezlik bilan oʻsib bormoqda.
3-aprel kuni PBS Newshour nashriga bergan intervyusida, 1984-yildan beri AQSH allergiya va yuqumli kasalliklarni oʻrganish milliy institutiga rahbarlik qilib kelayotgan va hozirda AQSHning koronavirus boʻyicha maxsus ishchi guruhining aʼzosi boʻlgan Fauchi kasallik tarqalishi avj olgan ilk haftalar haqida batafsil soʻzlab bergan.
Quyida intervyuning bir qismi keltirilgan. Toʻliq intervyuni ushbu havolada oʻqish mumkin.
Judi Vudraff (muxbir):
Siz vaziyat jiddiyligini, bu shunchaki navbatdagi virus emas, balki ancha xatarliroq narsa ekanligini qachon anglagansiz?
Entoni Fauchi
Yanvar oyining boshlarida, xitoyliklar dastlab “bu shunchaki hayvondan odamga yuqqan va odamdan odamga yuqmaydigan virus” ekanligini iddao qilganlaridan koʻp oʻtmay maʼlum boʻldiki, aslida bunday emas – bu odamdan odamga yuqadigan virus edi.
Judi Vudraff:
Xitoyliklar boshida bu masalada shaffof boʻlmaganlaridan xabardorsiz deb oʻylayman. Endi shunday savol tugʻilmoqda, odamlar soʻrayapti, agar ular boshidan shaffofroq boʻlishganida, bu virus tarqalishining oldini olarmidi yoki shunchaki koʻproq mamlakatlarga tayyorgarlik uchun koʻproq vaqt bergan boʻlarmidi?
Entoni Fauchi
Xoʻsh, Judi, menimcha, hech narsa bu virus tarqalishining oldini ololmasdi. Oson tarqaladigan, kasallanish va oʻlim koʻrsatkichlari shunday boʻlgan kasallik odamlar orasida paydo boʻlganida, boʻlar ish boʻlgan edi.
Ammo bir narsa boshqacha boʻlishi mumkin edi – bularning hammasi tugaganidan keyin, odamlar aslida nima sodir boʻlganini tahlil qilishga urinib, bu haqda oʻylab koʻradilar – agar biz bu (virusning) juda ter tarqalishini avvalroq, u Xitoydan chiqib ketmasidan oldin bilganimizda edi, menimcha, boshqa davlatlar zudlik bilan Xitoy uchun oʻz eshiklarini yopar edilar. Chunki, bularning bari Xitoyda paydo boʻlganini unutmaslik kerak.
Qolaversa, xitoyliklarning koʻpligi va sayohatlar sayyoradagi kundalik hayotimizning bir qismi ekanligi inobatga olinsa, umuman olganda Xitoydan, ayniqsa Uxan va Xubey viloyatlaridan sayohat qiluvchilarning koʻpligi bilan Xitoyning oʻzi pandemiya tarqalishiga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Shu tariqa, oʻylashimcha, shaffoflikning kechikkani yuqorida taʼkidlab oʻtganimga, yaʼni bu virus butun dunyoga tarqalib ketishiga taʼsir qilgan.
Judi Vudraff:
Bularning bari bevosita Xitoy rasmiylari bilan bogʻliq, deb ayta olamizmi?
Entoni Fauchi
Shunaqaga oʻxshaydi.
U nohaq; xitoyliklar oʻzlariga maʼlum narsani oʻsha zahotiyoq butun dunyoga eʼlon qilgan edilar. Dunyo esa darhol chora koʻrmadi. JSST oʻzi nimanidir kutdi, masalan maʼlum sonda odamlar oʻlishini va hokazo. JSST pandemiya tarqaganini eʼlon qilish yoki qilmaslikni oʻylagani meni gʻazablantirdi. Agar davlatlar rahbarlari barcha choralarni koʻrganlarida, dunyo bunday holatga tushmagan boʻlar edi.
Javob berishFikrlar 1