Karvonsaroy
Salomatlik

Xalqaro banklar koronavirus inqirozi taʼsirini yumshatishda Markaziy Osiyo davlatlariga koʻmaklashmoqda

Karvonsaroy

Shifokor erkakning tana haroratini oʻlchamoqda, Bishkek atroflari, 1-aprel. Shahar COVID-19 virusi tarqalishining oldini olish maqsadida yopilgan. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Shifokor erkakning tana haroratini oʻlchamoqda, Bishkek atroflari, 1-aprel. Shahar COVID-19 virusi tarqalishining oldini olish maqsadida yopilgan. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

MANILA, Filippin – Dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashar ekan, xalqaro moliya institutlari Markaziy Osiyo davlatlariga oʻz yordamini taklif qilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsugu Asakava va Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov 3-aprel kuni telefon orqali OTB Qirgʻizistonning virusga qarshi kurash choralarini qay tarzda qoʻllab-quvvatlay olishini muhokama qildilar, deyiladi OTB bayonotida.

Dushanba, 6-aprel holatiga koʻra, Qirgʻizistonda 216 ta kasallanish va 4 oʻlim holati qayd etilgan.

Jeyenbekov va Asakavaning suhbati chogʻida hamkorlikning turli sohalari muhokama qilingan. Bu haqda prezident matbuot xizmatiga asoslanib, 24.kg nashri xabar berdi.

Niqob taqqan oʻt oʻchiruvchilar COVID-19 koronavirusi pandemiyasiga qarshi kurash maqsadida Bishkek koʻchalarini dezinfektsiya qilmoqda. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Niqob taqqan oʻt oʻchiruvchilar COVID-19 koronavirusi pandemiyasiga qarshi kurash maqsadida Bishkek koʻchalarini dezinfektsiya qilmoqda. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Jeyenbekov Qirgʻiziston iqtisodiyotini rivojlantirish va koronavirusga qarshi kurashdagi qoʻllab-quvvatlovi uchun OTBga minnatdorchilik bildirdi. Hozirgi vaziyat “saʼy-harakatlarni birlashtirish va inqirozga qarshi qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishni” taqozo qilmoqda, deb aytgan u 24.kg nashriga koʻra.

Asakava Jeyenbekovni Qirgʻizistondagi fiskal choralar, jumladan nochor qatlamni yordam puli bilan taʼminlash va Qirgʻiziston Respublikasi Milliy bankining xususiy sektorda likvidlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz vaqtida olib borgan siyosati uchun olqishladi.

“OTB koronavirus pandemiyasi Qirgʻizistonda odamlar hayoti, turmushi va butun iqtisodiyotga sezilarli tahdid ekanligini tan oladi”, dedi Asakava. “Biz pandemiyaning hukumat va tadbirkorlarga nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz.”

Virusning keyinchalik tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik

OTB zaruriy tibbiy vositalar va anjomlar sotib olish uchun Qirgʻizistonga 200 ming AQSH dollariga teng (17 mln. soʻm) shoshilinch yordam ajratishni maʼqullagan.

OTB, shuningdek, Qirgʻizistonda sogʻliqni saqlash sohasini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar va kreditlar ham ajratadi.

Oʻtgan hafta Qirgʻizistonga Jahon banki (JB) ham yordam qoʻlini choʻzdi.

2-aprel kuni JB direktorlar kengashi Qirgʻiziston respublikasining COVID-19 boʻyicha favqulodda choralar rejasi uchun 12,15 mln. AQSH dollari (1 mlrd. soʻm) yordam puli ajratdi. Bu haqda JB bayonotida xabar qilingan.

Bunga qoʻshimcha ravishda, JBning “COVID-19 global pandemiyasi bilan bogʻliq tibbiy va ijtimoiy xavf-xatarlarga tayyorlanish va ularga samarali chora koʻrish boʻyicha mamlakat saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash” joriy loyihasidan 9 mln. AQSH dollari (763,8 mln. soʻm) ajratiladi.

“Favqulodda COVID-19 loyihasidan maqsad, odamlar hayotini saqlab qolish va bundan keyin kasallik tarqalishining oldini olish”, deydi Jahon bankining Qirgʻizistondagi vakili Bolormaa Amgaabazar.

“Mablagʻ Qirgʻizistonning COVID-19 boʻyicha favqulodda vaziyat rejasini qoʻllab-quvvatlaydi, jumladan tegishli profilaktika choralarini koʻrish, zarur dori-darmonlar, tibbiy uskunalar va jihozlar sotib olish, jonbozlik koʻrsatayotgan tibbiy xodimlar hayotiga tahdidni kamaytirish va bemorlarni davolashni oʻz ichiga oladi”, deb qoʻshimcha qildi Amgaabazar.

Jahon bankiga koʻra, tashabbus mamlakatga maxsus shifoxonalardagi sakkiz oʻrin uchun moʻljallangan 10 ta toʻliq jihozlangan intensiv terapiya boʻlimlariga oʻrnatish yoki yangilash uchun intensiv terapiya uskunalari va ular uchun sarflanuvchi ashyolar sotib olishga koʻmaklashadi. Bu jihozlar ichiga mexanik ventilyatorlar, yurak defibrilyatorlari va boshqa zarur uskunalar kiradi.

Bunga qoʻshimcha ravishda, bemorlar va shifokorlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida 24 ta shifoxonadagi 20 ta intensiv terapiya xonalari, 100 ta izolyatsiya xonalari favqulodda taʼmirlanadi, deb xabar berdi Jahon banki.

Oʻzbekiston uchun grantlar

Oʻtgan hafta OTB Oʻzbekistonga ham oʻz koʻmagini taqdim etgan.

6-aprel holatiga Oʻzbekistonda COVID-19 virusi bilan 390 ta kasallanish va 2 ta oʻlim holati tasdiqlangan.

1-aprel kuni Asakava Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Umrzoqov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Unda pandemiyaga qarshi kurashda Oʻzbekistonga koʻrsatiladigan OTB yordami muhokama qilindi.

“OTB hozirgi oʻta mushkul davrda virus tarqalishiga qarshi kurashda, tadbirkorlar va bandlikni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy yordam va iqtisodiyotning barqaror faoliyatini taʼminlash uchun moliyaviy yordam ajratish bilan Oʻzbekistonga koʻmaklashishni yoqlaydi”, deb aytgan Asakava OTB bayonotiga koʻra.

“OTB Oʻzbekistonning virus tarqalishi bilan bogʻliq tibbiy ehtiyojlari uchun 200 ming AQSH dollariga (1,9 mlrd. soʻm) teng miqdorda grant ajratishni maʼqulladi”, dedi u.

OTB Oʻzbekistonda tibbiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash boʻyicha siyosiy tavsiyalar beradi va “ssudalarni qayta taqsimlaydi”, deb qoʻshimcha qildi Asakava.

Umrzoqov doimiy qoʻllab-quvvatlovi uchun OTBga minnatdorchilik bildirdi.

Asakava Oʻzbekiston hukumatining pandemiyaga qarshi barvaqt kurashishni boshlaganini olqishladi. Hukumatning tezkor chora-tadbirlari iqtisodiy tiklanish uchun kerak boʻladigan vaqtni qisqartiradi, dedi u.

OTBning koronavirusga qarshi chora-tadbirlari 18 martdan, rivojlanayotgan aʼzo davlatlarning bevosita ehtiyojlarini qondirish uchun “taxminan 6,5 mlrd. dollarlik boshlangʻich paketni” eʼlon qilgan paytdan boshlangan.

Tojikiston uchun yordam

Bu orada, Jahon banki hech qanday koronavirus holatlari qayd etilmagan Tojikistonga ham yordam bermoqda.

2-aprel kuni Jahon banki Tojikistonning pandemiyaga tayyorgarlik koʻrishi uchun 11,3 mln. AQSH dollari (115,4 mln. somoniy) miqdorida grant ajratdi. Bu haqda tashkilot bayonotida xabar qilingan.

Ushbu mablagʻ mamlakat boʻylab shifoxonalarda 100 ga yaqin reanimatsiya boʻlimlarini tashkil etish va Tojikistonning koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash qobiliyatini kuchaytirishga koʻmaklashadi.

Shu bilan birga, mablagʻ Tojikistonga koronavirusni aniqlash va davolash uchun turli laboratoriya hamda tibbiy jihozlar sotib olish imkonini beradi.

“Mazkur loyiha mamlakatga profilaktik choralarni amalga oshirish, tibbiy xodimlarni himoya qilish va COVID-19 holatlarini kamaytirishga, shu bilan birga, kam taʼminlangan va eng himoyasiz qatlam, ayniqsa bolalarni himoya qilishga yordam beradi”, dedi Jahon bankining Tojikiston boʻyicha boshqaruvchisi Yan-Piter Olters.

Jahon bankining yordami pandemiya boʻyicha ommaviy xabardorlik va uning oldini olish choralari, masalan qoʻl yuvishga oid targʻibot kampaniyalarini moliyalashtiradi. Shu bilan birga, u muhtojlar, asosan qimmat narxlar tufayli oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin yosh bolali oilalarga shoshilinch pul oʻtkazmalarini taʼminlaydi.

Bunday oʻtkazmalar pandemiya davrida oilalarda toʻyib ovqatlanmaslik xavfini kamaytirishi mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Shunday qiyin paytda biz oʻzbekistonliklarga yordam berilayotganidan xursandman

Javob berish