KOBUL – Afgʻoniston milliy xavfsizlik boshqarmasi (NDS) kuchlari oʻtgan hafta maxfiy operatsiya oʻtkazib, “Islom davlati”ning (ID) Afgʻonistondagi yetakchisi Aslam Faruqiyni qoʻlga oldi.
Oʻtgan hafta Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari tomonidan Qandahor viloyatida oʻtkazilgan “murakkab operatsiya” davomida Abdulloh Oʻrakzay nomi bilan tanilgan Faruqiy bilan birga “ID”ning 19 nafar jangarisi jangarisi hibsga olindi, deyiladi boshqarmaning 4-aprel kungi bayonotida.
“Qoʻlga olinganlar orasida jangovar operatsiyalar uchun masʼul ID qoʻmondoni, Maoz nomi bilan mashhur Qori Zohid hamda Nangarhor viloyatida guruh safiga jangarilarni yollash bilan shugʻullangan pokistonlik Abu Talha ham bor”, deyiladi xabarda.
Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan NDS rasmiysiga koʻra, Faruqiy oʻtgan oy 25 kishining hayotiga zomin boʻlgan Kobuldagi sikx ibodatxonasiga qilingan ID hujumi tashabbuskori boʻlishi mumkin.
IDning XUROSONdagi shoʻʼbasi nomi bilan tanilgan ID qanoti soʻnggi oylarda afgʻon va koalitsiya kuchlarining davomli operatsiyalarida eʼtibordan chetda qolayotgan edi.
Noyabr oyida Afgʻoniston rasmiylari “ID Xuroson” guruhi Nangarhorda tor-mor etilganini aytgan edilar. Guruh 2015-yilda aynan shu viloyatda oʻzining tayanch punktini yaratishga uringan edi.
Oʻtgan yillar davomida guruh Afgʻonistondagi koʻplab mudhish portlashlar uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan.
NDS bayonotida aytilishicha, Faruqiy “mahalliy razvedka idoralari” bilan aloqalari borligini tan olgan.