Karvonsaroy
Salomatlik

AQSH koronavirusga qarshi kurashda Markaziy Osiyo davlatlariga yordamni kuchaytirmoqda

Aydar Ashimov

USAID laboratoriya tizimlarini keng koʻlamli sinovlar oʻtkazish uchun tayyorlash, tibbiy muassasalarda infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, shuningdek, COVID-19 ustidan epidemiologik nazorat va tezkor chora koʻrishni yaxshilashda Oʻzbekistonga koʻmaklashadi. (AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi)

USAID laboratoriya tizimlarini keng koʻlamli sinovlar oʻtkazish uchun tayyorlash, tibbiy muassasalarda infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, shuningdek, COVID-19 ustidan epidemiologik nazorat va tezkor chora koʻrishni yaxshilashda Oʻzbekistonga koʻmaklashadi. (AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi)

NUR-SULTON – AQSH hukumati koronavirus avj olgan vaqtda Markaziy Osiyo mamlakatlarining xavfli virusga qarshi kurashiga yordam berib kelmoqda.

Qoʻshma Shtatlar yaqindagina AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Qozogʻistonga COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash choralarini qoʻllab-quvvatlash uchun 800 ming AQSH dollaridan (349,7 million tenge) ortiq mablagʻ ajratdi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari “koronavirus inqirozi chogʻida Qozogʻiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Biz Qozogʻistonning COVID-19 tarqalishiga qarshi tezkor va qatʼiyatli choralarini olqishlaymiz”, dedi AQSHning Qozogʻistondagi elchisi Uilyam Mozer 2-aprel kuni elchixona saytida chop etilgan bayonotda.

“Amerika Qoʻshma Shtatlari Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, (AQSH) Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari (CDC) va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan hamkorlikda yordam koʻrsatish boʻyicha ustuvor sohalarni belgilab oldi”, deyiladi elchixona xabarida.

Nur-Sultondagi laboratoriyada ishlayotgan qozogʻistonlik tibbiy xodim, 2-aprel. (AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi)

Nur-Sultondagi laboratoriyada ishlayotgan qozogʻistonlik tibbiy xodim, 2-aprel. (AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi)

Qozogʻiston koʻchalari dezinfeksiya qilinmoqda, Taraz shahri, 27-mart. (Aydar Ashimov)

Qozogʻiston koʻchalari dezinfeksiya qilinmoqda, Taraz shahri, 27-mart. (Aydar Ashimov)

“Laboratoriya tizimlarini keng koʻlamli testlarga tayyorlash, tibbiy muassasalarda infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, COVID-19 ustidan epidemiologik nazoratni yaxshilash, virusga oid dezinformatsiyaga qarshi kurash va jamoatchilikni Qozogʻistonda virusga qarshi kurash choralariga jalb qilish” ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan.

Avvalroq, 17-mart kuni AQSH Qozogʻistonga shaxsiy himoya vositalarini hadya qilgan edi.

Tibbiy qoʻlqoplar, niqoblar, xalat va himoya koʻzoynaklarini oʻz ichiga olgan 21 mingdan ortiq vositalar mamlakatning barcha hududlaridagi tibbiyot xodimlariga tarqatiladi.

Qozoqlarning minnatdorchiligi

Qozogʻistonlik kuzatuvchilarga koʻra, Qoʻshma Shtatlarning bu yordami oʻnlab yillardan beri davom etib kelayotgan namunaning bir qismidir.

“Biz Amerika xalqining yordamini bajonidil qabul qilamiz”, dedi Nur-sultonlik siyosatshunos Bolatbek Isayev Karvonsaroy bilan suhbatda. Qozogʻiston, boshqa koʻplab davlatlar kabi juda mushkul ahvolda va “har qanday yordamga muhtoj”, deb taʼkidladi u.

“USAID Qozogʻistonga mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridanoq yordam berib kelgan”, dedi u. “Shuningdek, u Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga ham koʻmaklashmoqda. Dastlab iqtisodiyotni sovetcha modeldan bozor iqtisodiyotiga oʻtkazish masalasida, keyinroq sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga yordam koʻrsatilgan.”

Amerika Qoʻshma Shtatlarining oʻzi uchun ham qiyin boʻlgan bu ogʻir davrda “bizga kerakli yordam oʻz vaqtida va begʻaraz yetkazib berilmoqda”, dedi u.

“Qozogʻistonda USAID yordamida koʻplab ijtimoiy dasturlar va loyihalar amalga oshirilmoqda”, deydi “Yoshlar tiklanish va taraqqiyot markazi” nodavlat notijorat tashkiloti xodimi, jambillik Oleg Krutov. “Nodavlat tashkilotlar USAID nomidan ajratilgan grantlar yordamida koʻpgina muhim loyihalarni amalga oshirgan va oshirib kelmoqda.”

“Doʻst boshga kulfat tushganda bilinadi”, deb taʼkidladi u. “Bugun, Qozogʻiston koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashayotgan bir paytda, muayyan mamlakatlar va tashkilotlarning haqiqiy yordami koʻzga koʻrinmoqda.”

Oʻta muhim hamkorlik

Pandemiya xalqaro darajadagi hamkorlikni taqozo qilmoqda, deydi Mozer.

“Bugungi kunda dunyoning istalgan nuqtasida yuqumli kasalliklar tahdidi chegaralarni osonlik bilan kesib oʻtishi va butun dunyodagi salomatlikka xavf solishi mumkin. Shu bois bu kabi inqirozli davrda xalqaro miqyosdagi hamkorlik va oʻzaro yordamning ahamiyati beqiyos”, dedi Mozer.

Seshanba (7-aprel) holatiga koʻra, Qozogʻistonda koronavirusga chalinish bogʻliq 685 ta holat tasdiqlangan.

16-mart kuni Qozogʻistonda favqulodda holat eʼlon qilindi. Hukumat virusdan eng koʻp zararlangan shaharlarga kirish va chiqishni taqiqladi, yirik tadbirlarni bekor qildi, koʻngilochar markazlarni va oziq-ovqat sotilmaydigan barcha doʻkonlarni yopdi.

Armiya va politsiya oʻzining asosiy vazifasidan tashqari koronavirusga qarshi kurashga ham jalb etilgan boʻlib, favqulodda holat sharoitida jamoat tartibini saqlash va dezinfeksiyalash ishlari bilan shugʻullanmoqda.

31-mart kuni televideniye orqali soʻzlagan Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev koronavirus pandemiyasi tufayli koʻriladigan zararlarni yumshatish choralarini eʼlon qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, oʻsib borayotgan inflyatsiyaning oldini olish maqsadida pensiya va boshqa davlat nafaqalari 10 foizga oshiriladi.

Aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlami va ishini yoʻqotganlarga 42500 tenge (95 AQSH dollari) miqdorida bir martalik nafaqa beriladi. Bu toʻlovlar uchun 200 milliard tenge (450 million AQSH dollari) ajratilgan.

Ishsizlar va nogironlarga bepul oziq-ovqat va maishiy yordam toʻplamlari tarqatiladi. Fermerlarga moliyaviy yordam koʻrsatiladi, biznes egalariga esa soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

Turkmaniston va Oʻzbekistonga ham yordam taqdim etildi

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham xuddi shunday yordamlar taqdim etilmoqda.

Amerika Qoʻshma Shtatlari Turkmanistonga laboratoriya tizimlarini tayyorlash, kasallanish holatlarini aniqlash va epidemiologik nazoratni kuchaytirish, chora koʻrish va hozirlikni taʼminlash uchun texnik mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, tahdidlar haqida xabar berish va boshqa choralarga koʻmaklashish uchun 920 ming AQSH dollaridan (3,2 mln. manat) ortiq tibbiy koʻmak ajratgan. Bu haqda Turkmanistondagi AQSH elchixonasining dushanba (6-aprel) kungi bayonotida maʼlum qilingan.

Qoʻshma Shtatlar oxirgi 20 yil ichida Turkmaniston sogʻliqni saqlash tizimiga taxminan 21 mln. dollar (73,7 mln. manat) investitsiya kiritgan, mamlakatga koʻrsatilgan umumiy yordami miqdori esa 201 mln. dollardan (705,5 mln. manat) oshgan.

Amerika Qoʻshma Shtatlari virus tarqalishining oldini olishda Oʻzbekiston bilan ham hamkorlik qilmoqda.

“Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemologik osoyishtalik agentligi bilan hamkorlikda hamda boshqa xalqaro donorlar, shu jumladan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan muvofiqlashtirilgan holda Qoʻshma Shtatlar hukumati Oʻzbekiston fuqarolari, sogʻliqni saqlash sohasi xodimlari va hukumat ehtiyojlari uchun koʻmak berishda ustuvor sohalarni belgilab oldi”, deb xabar bergan AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi 2-aprel kuni.

“USAID keng koʻlamli test uchun laboratoriya tizimlarini tayyorlash, sogʻliqni saqlash muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, COVID-19 nazorati va unga qarshi tezkor choralarni kuchaytirish, virusni yuqtirib olganlarning ahvolini yaxshilash, virus haqida soxta maʼlumot tarqalishiga qarshi kurash hamda mahalliy jamoalarning oʻz vaqtida va aniq maʼlumotni ommaga yetkazishda hukumat va shifokorlarga yordam berishini tashkillashtirish uchun mablagʻ ajratadi”, deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Odamni kuldirmasangizchi; amerikaliklar hech qanday yordam bermaydi.

Javob berish