Karvonsaroy
Salomatlik

Markaziy Osiyo mamlakatlari koronavirusga qarshi kurash yoʻlida birlashmoqda

Kanat Altinbayev

Arbat odatda olmaotaliklar sayr qilishni yaxshi koʻradigan gavjum shohkoʻcha. Koronavirus sababli bu yerlar endi boʻm-boʻsh, 24-mart kuni olingan surat. [Kanat Altinbayev]

Arbat odatda olmaotaliklar sayr qilishni yaxshi koʻradigan gavjum shohkoʻcha. Koronavirus sababli bu yerlar endi boʻm-boʻsh, 24-mart kuni olingan surat. [Kanat Altinbayev]

OLMAOTA – COVID-19 virusining tarqalishi kuchayib borar ekan, Markaziy Osiyo mamlakatlari maʼlumot almashishdagi faol hamkorlik, logistika boʻyicha hamjihatlikda ish yuritish va mintaqada pandemiya avj olgan paytda birdamlikni kuchaytirish bilan kasallikka qarshi kurash yoʻlida birlashmoqdalar.

Payshanba (9-aprel) kuniga kelib, mintaqadagi uch mamlakatda koronavirus holatlari qayd etilgan: Qozogʻistonda kasallanganlar soni 764 ta, ulardan yetti nafari oʻlgan; Qirgʻizistonda 280 ta kasallanish va 4 ta oʻlim holati; Oʻzbekistonda esa 555 ta kasallanish va 3 oʻlim holati qayd etilgan.

Tojikiston va Turkmanistonda COVID-19 virusiga chalinish bilan bogʻliq birorta holat roʻyxatga olinmagan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, koronavirus Markaziy Osiyoga mart oyida, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 kasalligini global pandemiya deb eʼlon qilganidan soʻng, bir oz kechikib kirib keldi.

Suratda: 24-mart kuni Olmaotadagi “Sunkar” turar joy majmuasi oldida navbatchilik qilayotgan tibbiyot xodimlari, bu yerda COVID-19 virusiga chalingan bemor aniqlangan.

Suratda: 24-mart kuni Olmaotadagi “Sunkar” turar joy majmuasi oldida navbatchilik qilayotgan tibbiyot xodimlari, bu yerda COVID-19 virusiga chalingan bemor aniqlangan.

Oʻshandan beri Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston ijtimoiy masofani taʼminlashga doir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Kinoteatrlar, savdo markazlari, kafe va restoranlar yopildi.

Oʻzaro koʻmak

Mintaqada kasallik avj olib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari bir-birlariga oʻz yordamlarini taklif qilmoqdalar.

27-mart kuni Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev va Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Bishkekdagi prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot chogʻida koronavirus tarqalishiga qarshi kurash, savdo, iqtisodiyot va transport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi, deyiladi press-relizda.

Pandemiya Markaziy Osiyo davlatlarining turli sohalarda birlashishiga yordam berdi.

Mart oyi boshida qozoq-qirgʻiz chegarasidagi bojxona xodimlari hujjatlarni tezlik bilan tekshira olmagani sababli chegarada yuk mashinalari toʻplanib qolgan edi.

Mart oyi oʻrtalarida Qozogʻiston bosh vaziri Askar Mamin qirgʻizistonlik hamkasbi Muhammedkali Abilgaziyev bilan yuk mashinalarining chegaradan oʻtish jarayonini soddalashtirish va koronavirusga qarshi kurash boʻyicha hamkorlikdagi choralarni kelishib olgan.

Shu qatorda, COVID-19 virusi bilan kasallanish holatlari oʻsib borayotgan bir paytda, Oʻzbekiston ham qoʻshni Qirgʻizistonga yordam qoʻlini uzatmoqda.

29-mart kuni Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatiga 10 ming dona niqob va 900 ta kombinezon yuborgan boʻlsa, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 4800 ta tezkor test va reagentlar joʻnatgan. Bu haqda Bishkekning Gezitter.org nashri xabar bergan.

Shu bilan birga, 2-aprel kuni Qirgʻizistonning Oʻsh shahriga 1000 tonna un, shaxsiy himoya kostyumlari, respiratorlar, qoʻlqoplar, koʻzoynaklar va kontaktsiz termometrlar ortilgan yuk poyezdi yetib keldi, deb xabar beradi Qirgʻiziston favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Koronavirus pandemiyasi chogʻida Qirgʻiziston va Oʻzbekistondagi mahalliy hokimliklar oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirdilar, dedi Oʻsh viloyatida huquq-tartibot organlariga koronavirus tartibiga rioya qilishga koʻmaklashayotgan koʻngillilar shtabi vakili Qodir Sulaymonov.

“Bungacha, Oʻzbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov davrida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar sovuq edi, 2016-yilda Mirziyoyev iqtidorga kelganidan soʻng hamma narsa oʻzgardi”, deydi Sulaymonov.

“Hozir, ayniqsa pandemiya vaqtida Qirgʻiziston va Oʻzbekiston bir-biriga oziq-ovqat va zaruriy tibbiy jihozlar bilan yordam berib, haqiqiy doʻstona munosabatni namoyish qilmoqda”, dedi u.

Rossiyaning noxayrixoh munosabati

Kuzatuvchilarga koʻra, Moskvaning xatti-harakatlari bunday samimiyatdan keskin farq qiladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha hafta davomida koronavirus pandemiyasiga qarshi tartibsiz choralar koʻrdi, mamlakat boʻylab harakatni qatʼiy cheklamadi.

Ammo, bu yondashuv natija bermadi va kasallanish holatlari koʻpaya boshladi, oqibatda kasallik keng miqyosda tarqalmoqda va roʻyxatga olinmayapti, degan xavotirlar paydo boʻldi.

16-mart kuni esa Rossiya kutilmaganda oʻz chegaralarini yopdi.

Natijada, chegaralarning ikki tomondan yopilishi Markaziy osiyoliklar uchun qiyinchiliklar keltirib chiqargan.

Rossiya aeroportlarida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikistonning yuzlab fuqarolari qolib ketgan, ularning koʻpchiligi hatto bir necha kun aeroportlarda tunashga majbur boʻlgan.

Rossiya aeroportlaridan nomuntazam reyslar amalga oshirilgan, ayrim yoʻnalishlar uchun chiptalar narxi qariyb uch marta qimmatlagan. Shuningdek, Rossiyadan Markaziy Osiyoga poyezdlar qatnovi ham toʻxtagan.

Oxir-oqibat, Rossiya hukumati odamlar sogʻligʻi uchun halokatli variantni tanladi: yoʻlovchilar salomatligi yoki ularning rejalarini soʻrab oʻtirmasdan, ularni yoppasiga aeroportlardan haydab chiqara boshladi.

3-aprelga oʻtar kechasi Novosibirskdagi Tolmachev aeroporti xodimlari 100 dan ortiq Markaziy osiyolik migrantni binodan haydab chiqargan, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosining qirgʻiz xizmati.

Ular vataniga qaytib ketish uchun reyslarni kutib, aeroportda ikki hafta yashashga majbur boʻlishgan.

Qirgʻizistondagi Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot qirgʻizistonliklarni xostellarga joylashtirish va oziq-ovqat bilan taʼminlashga yordam bergan. Oʻzbeklarning omadlari kelmagan, ularga hech kim yordam bermagan.

Avvalroq, 31-mart kuni Moskvaning Domodedovo aeroportida qolib ketgan tojikistonlik migrantlar forma kiygan xizmatchilar tomonidan haydab chiqarilgan. Migrantlar bu binoda 10 kundan ortiq qolib ketishgan. Bu haqda RFE/RL radiosining qirgʻiz xizmati xabar bergan. Ularning hammasi kechasi koʻchaga chiqarib yuborilgan.

Shaxsi nomaʼlum tojikistonlik tadbirkor ularga yordam berib, oʻz hovlisiga joylashtirgan.

Rossiyalik rasmiylar esa yaxshilik qilgan bu odamni “qonunni buzgan holda migrantlarni koʻchirishda” aybladi.

Migrantlar jiddiy xavf ostida

Faollarga koʻra, hukumatning mehnat migrantlariga nisbatan bunday munosabati COVID-19 virusiga qarshi kurashda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Rossiyada qolayotgan migrantlarda kasallanish xavfi ayniqsa katta, deydi Moskvada yashovchi huquqbon Karimjon Yerov.

“Odatda migrantlar bir xonadonda 5-10 kishidan, guruh-guruh boʻlib yashaydi. Bu kasallik koʻpayishi uchun juda katta imkoniyat, virus tarqalishi dahshatli surʼatlarda boʻlishi mumkin”, dedi u.

Davlatlar kasallikka qarshi umumiy kurashda hamkorlik qilayotgan bir vaqtda, Rossiya hukumati mehnat migrantlariga qarshi qatʼiy siyosatini oʻzgartirishi lozim, deydi Qozogʻistonning Olmaota shahridagi klinika shifokori Aygerim Jakesheva.

“Biz shifokorlar, rossiyaliklarni qabul qilyapmiz va ularga tibbiy yordam koʻrsatyapmiz, hech kimni biznikilar va boshqalar deb ajratmayapmiz”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qandaydir feyk xabarga oʻxshaydi. Tashviqot. Rossiya 16-mart kuni oʻz chegaralarini yopdi; 23-mart kuni Toshkentda oʻzini-oʻzi yakkalash boʻyicha cheklash choralari joriy qilindi. Va bir hafta ichida barcha jamoat transportlari qatnovi butunlay toʻxtatildi. Muallif bu holatlarning Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi qarorlarga qay tarzda zid kelishini ochiqlamagan. Qozogʻiston hech nimani toʻxtatmadi va izolyatsiya ham qilmadi. Yoki ularning bundan umuman xabari yoʻq.

Javob berish