Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston COVID-19 virusiga qarshi kurashda faxriylar yordamidan foydalanadi

Aydar Ashimov

Nur-Sultondagi nazorat-oʻtkazish punktini qoʻriqlayotgan askar, 7-aprel. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Nur-Sultondagi nazorat-oʻtkazish punktini qoʻriqlayotgan askar, 7-aprel. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

NUR-SULTON – Qozogʻiston bir qator faxriylarni muvaqqat harbiy xizmatga chaqirish bilan Qurolli kuchlarning jamoat tartibini saqlash va koronavirus pandemiyasini jilovlashga oid choralarini kuchaytirmoqchi, deb xabar beradi qozoq hukumati.

Juma, 10-aprel holatiga koʻra, Qozogʻistonda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq 802 ta holat tasdiqlangan, 9 ta oʻlim qayd etilgan.

Harbiy xizmatga chaqirilganlar COVID-19 pandemiyasi vaqtida boshqa vazifalar qatori blokpostlarni qoʻriqlash va hududlarni dezinfeksiyalash bilan ham shugʻullanadilar, dedi Qozogʻiston mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev 7-aprel kuni Mudofaa vazirligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda.

Yermekbayev chaqiriluvchilarni harbiy forma bilan taʼminlash va barcha tadbirlarni sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkazishga buyruq bergan.

7-aprel kuni Nur-Sultondagi nazorat punktini qoʻriqlayotgan askarlar va politsiya. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

7-aprel kuni Nur-Sultondagi nazorat punktini qoʻriqlayotgan askarlar va politsiya. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Ushbu chaqiruv prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayevning 2-aprel kungi farmoniga binoan amalga oshirilmoqda. Harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni muddatli xizmat uchun Qurolli kuchlarning hududiy boʻlinmalariga yigʻish koʻzda tutilgan.

Yermekbayev 3-aprel kuni Nur-Sultonda chaqiruv tafsilotlariga bagʻishlangan brifing oʻtkazdi. Chaqiriluvchilarning savollariga javob berish uchun tunu-kun ishlaydigan koll-markaz tashkil qilindi, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

“Viloyat rahbarlari harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni uch oylik maxsus yigʻinga jalb etishlari mumkin”, dedi Yermekbayev brifingda.

“Harbiy xizmat davrida chaqiriluvchilar oʻz ish oʻrinlari va lavozimlarida qoladilar”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ularga davlat hisobidan oʻrtacha miqdorda maosh beriladi.”

Ular orasidagi ishsizlarga esa “eng kam ish haqi toʻlanadi”, dedi u.

Yermekbayevga koʻra, faxriylar oʻz shaharlarida xizmatga chaqiriladi va har kuni oʻz vazifalarini bajarganlaridan soʻng uylariga qaytishlari mumkin.

“Chaqiriluvchilar – ilgari harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar yoki harbiy kafedralarni tamomlagan zaxiradagi zobitlardir”, deydi Nur-sultonlik yurist Alibek Basheyev. “50 yoshgacha boʻlgan (sobiq) askarlar va 60 yoshgacha boʻlgan ofitserlar xizmatga chaqirilishi mumkin.”

Prezident farmoniga binoan ayollar, davlat idoralari xizmatchilari, fuqaro aviatsiyasi xodimlari, talabalar, oʻqituvchilar va fermerlar chaqiruvdan ozod qilinadi, dedi Basheyev.

“Shuningdek, bemorlar, voyaga yetmagan uch nafar farzandi boʻlgan fuqarolar ham yigʻindan ozod qilinadiganlar sirasiga kiradi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayrim fuqarolar chaqiruvni kutmay, hozirdanoq xizmatga borish istagini bildirgan.

Chimkentlik 26 yashar zahiradagi harbiy xizmatchi Alinur Tursunov koʻngilli ravishda yigʻinga qoʻshildi.

“Koronavirus tufayli hozirda mebelchilik ustaxonamiz ishlamayapti”, deydi u. “Harbiy xizmatda esa maosh olaman. Ammo gap faqat pulda emas. Odamlarga yordam berishga oʻz hissamni qoʻshmoqchiman.”

Askarlar himoyasi

Tokayev mazkur farmonni 23-mart kuni Favqulodda vaziyat boʻyicha davlat komissiyasining yigʻilishida eʼlon qildi. U pandemiya davridagi profilaktik choralar va jamoat tartibini saqlash ishlariga harbiylarni jalb etishga buyruq bergan.

“Jinoyatchilikning, eng avvalo oʻgʻirlik, talon-taroj va hokimiyatning qonuniy talablariga boʻysunmaslik holatlarining oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik kerak”, dedi Tokayev.

Harbiy xizmatchilar jamoat joylari va nazorat-oʻtkazish punktlarini qoʻriqlashdan tashqari, dezinfeksiyalash va yuk tashish bilan ham shugʻullanmoqda. 6-aprel kuni harbiy samolyotlarda Uralsk, Qustanay va Petropavlovsk viloyatlariga 10 tonna yuk va 350 nafar askar olib kelindi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar orasida ham infeksiya tarqalishining oldini olish choralari koʻrilmoqda.

Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, harbiy qismlarga faqat bitta nazorat-oʻtkazish punkti orqali kirishga ruxsat beriladi, kirishdan avval shaxsiy tarkib tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, xodimlar niqob kiyib yurishi va kuniga ikki mahal tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak. Ular safga tizilganda, orada ikki metrdan masofa boʻlishi talab etiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500