Karvonsaroy
Terrorizm

Koronavirus sababli Turkiyada ish joylari kamayar ekan, ID turkmanlarni jangarilikka yollashni kuchaytirmoqda

Jumaguli Annayev

Kimsasiz Istanbul, 12-aprel kuni olingan surat. Koronavirus avj olishi ortidan Turkiyada koʻplab turkman migrantlari ishsiz qolib ketganlar. (Oʻzan Kose/AFP)

Kimsasiz Istanbul, 12-aprel kuni olingan surat. Koronavirus avj olishi ortidan Turkiyada koʻplab turkman migrantlari ishsiz qolib ketganlar. (Oʻzan Kose/AFP)

ASHXOBOD – “Islom davlati”ning (ID) Turkiyadagi yollovchilari koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy inqirozdan foydalanib, u yerdagi turkmanistonlik mehnat migrantlarini nishonga olmoqdalar, deydi ishchilar.

9-aprel kuni Istanbulning Oqsaroy dahasida yashovchi turkmanistonlik migrant Erkinning oldiga notanish kimsa kelgan.

Nomaʼlum shaxs Erkin bilan Markaziy osiyolik mehnat migrantlarining hayoti ogʻirlashgani haqida suhbatlashgan.

“U koronavirus sababli restoranlar, kafe va barlar yopilganini, migrantlar esa maosh va tirikchilik vositasini yoʻqotganidan yaxshi xabardor edi”, dedi Erkin 10-aprel kungi videomuloqoti chogʻida.

“Shundan soʻng u suhbatni sekingina boshqa mavzuga burib, xohlovchilar uchun qoʻshni davlatda (Suriyada) bir oyda 1000 dollarlik (3510 manat) ish borligini aytib qoldi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Shunda Erkin bu kimsa uning oldiga bekorga kelmaganini, u terrorchilik tashkilotining professional yollovchisi ekanligini payqagan.

Nomaʼlum shaxs uni vaʼdalarga koʻmib tashlagan. Erkinning aytishicha, u Suriyaga borishga rozilik berganlar shu zahoti 1000 dollar va manzilga yetib borgach, yana 1000 dollari olishini taʼkidlagan.

Erkin bilan gaplashgan kimsa uni Suriyada taklif etilayotgan ish jang qilish yoki odam oʻldirish emas, balki quruvchilik, zavod yoki xizmat koʻrsatish sohasidagi ishlar ekanligiga bir necha bor ishontirishga uringan.

“Ammo bunday “tinch ish” uchun hech kim buncha pul taklif qilmasligini men oʻsha zahoti tushunib yetdim”, dedi u.

U oʻz doʻstlari va tanishlariga bu uchrashuv haqida soʻzlab berarkan, ular ham xuddi shunday takliflar olganliklarini aytganlar.

Pandemiya odamlarni ishidan ayirgan

Turkmanistonlik migrantlar uchun Turkiya qulay joy, chunki u yerda vizasiz 90 kungacha qolish mumkin.

Hukumatlar virusning global miqyosda tarqalishiga barham berish maqsadida karantin eʼlon qilib parvozlarni toʻxtatguniga qadar, Turkiyaga har oy 20 mingga yaqin turkmanistonlik kelar edi.

2019-yil mart oyining oʻzida mamlakatga 22672 nafar turkmanistonlik kirib kelgan. Bu haqda Turkiya hukumati xabar bergan.

“Endi hech kim hech qayerga uchmayapti. Chegaralar yopildi, reyslar bekor qilindi”, dedi shaxsini ochiqlamaslikni soʻragan Turkmaniston aviakompaniyasining Istanbuldagi vakili.

23 yashar turkmanistonlik Resul Istanbulning Beyoʻgʻli dahasidagi restoranda ofitsiant boʻlib ishlab kelgan. Unga koʻra, Turkiyadagi karantin sabab restoran yopilgan. U va restoranda ishlagan boshqa migrantlar hozirda ishsiz qolishgan va ularning moliyaviy ahvoli juda ogʻir.

Turkiyada yashaydigan migrantlarning koʻpchiligi u yerda noqonuniy istiqomat qiladi, yaʼni ularning viza muddati tugagan, ishlash huquqiga ega emas yoki turkman pasportining muddati oʻtgan.

“Nima qilishimni bilmay qoldim. Vaziyat ogʻir. Uy ijaraga olishga qodir emasman, shu sababli 10 kishi bilan bitta xonada yashab, oziq-ovqat uchun pul tejashga harakat qilyapman”, dedi Resul.

U vaziyat 2-3 oy davomida yanada ogʻirlashadigan boʻlsa, ayrim vatandoshlari ID yollovchilariga taslim boʻlishi mumkinligini istisno etmagan.

“Qiyin ahvolda qolganlar jangarilikka yollovchilarning tuzogʻiga ilinishi mumkin”, deydi Resul.

Uning soʻzlariga koʻra, turkmanlar terrorchilar safiga mafkuraviy sabab bilan qoʻshilmaydilar.

“Hammamiz bu yerga ishlash uchun kelganmiz. Ammo endi ish ham, pul ham yoʻq”, dedi u. “Shu bois ham ogʻir ahvolda qolgan migrantlarning ID yollovchilari taklif qilayotgan katta puldan voz kechishi mushkul boʻladi.”

Erkinga koʻra, “vatanga yoʻl yopiqligi” uchun vaziyat yanada murakkablashmoqda.

“Birinchidan, parvozlar toʻxtagan, ikkinchidan, xorijda noqonuniy boʻlganingiz va viza qoidalarini buzganingiz sababli sizga jarima solinishi va mamlakatdan (Turkmanistondan) chiqishga besh yillik taqiq qoʻyilishi mumkin”, dedi Erkin.

Shu tariqa ID yollovchilari tomonidan taklif qilinayotgan katta pul va boshqa vaʼdalar imkonsiz qolganlar uchun jozibali koʻrinishi mumkin.

Yollash tadbirlari kuchaymoqda

Turkiyadagi holatning yomonlashuvi mehnat migrantlarining ahvolini yanada qiyinlashtirmoqda.

9-aprel kuni Turkmen.news sayti Istanbulda 50 dan ortiq turkmanistonlikning qoʻlbola spirtli ichimlik ichib oʻlgani haqida xabar bergan.

“Arzon qoʻlbola aroqdan bosh tortmaydiganlar bor ekan, yollovchilarning 1000 dollarlik taklifi rad etilishiga kafolat yoʻq”, dedi Erkin.

Turkmaniston milliy xavfsizlik qoʻmitasining sobiq xodimi Maqsad Saparmuradovning soʻzlariga koʻra, turkmanistonliklarni jangarilikka yollash jadallashgan.

9-aprel kuni “Xroniki Turkmenistana” nashriga bergan intervyusida u “Turkiyaga terrorchi tashkilotlar yollovchilari kelgani” haqida aytib oʻtgan.

“Ularning qoʻlida yangi jangarilarni yollash uchun 2 mln. AQSH dollariga (7 mln. manat) teng naqd pul bor”, deb aytgan u.

“Avvallari yollovchilar potensial izdoshlarni masjidlardan izlagan boʻlsa, endilikda masjidlar yopiq boʻlgani bois, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali ishsiz qolganlarni qidirmoqdalar”, deb aytgan Saparmuradov “Xroniki Turkmenistana” nashriga.

Yollanma jangariga aylanish tanlovi oldida qolgan Turkiyadagi turkmanistonlik mehnat migrantlari va talabalar Turkmaniston hukumatidan yordam kelishiga umid qilmoqdalar.

“Turkmanistonda shunday shior bor: Davlat – xalq uchun. Bu quruq gap emas, degan umiddamiz”, deydi Resul.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500