Karvonsaroy
Siyosat

Jangovar sunʼiy yoʻldoshning uchirilishi Eronning pandemiya fonidagi maqsadlarini fosh etdi

Karvonsaroy va AFP

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) qoʻmondoni Husayn Salamiy raketani uchirish marosimida jurnalistlar oldida nutq soʻzlamoqda. [IIPK]

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) qoʻmondoni Husayn Salamiy raketani uchirish marosimida jurnalistlar oldida nutq soʻzlamoqda. [IIPK]

Butun mamlakat boʻylab COVID-19 koronavirusi pandemiyasi avj olgan bir paytda, chorshanba (22-aprel) kuni Eronga tegishli ilk jangovar sunʼiy yoʻldoshning orbitaga uchirilishi Tehron uchun ustuvor boʻlgan masalalarni savol ostida qoldirgan.

“Bugun biz samodan turib Yerni kuzatmoqdamiz. Bu – qudratli davlat shakllanishining boshlanishidir”, dedi Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIPK) qoʻmondoni, general-mayor Husayn Salamiy “Fars” axborot agentligiga koʻra.

IIPK xabariga koʻra, “Nur” deb nomlangan sunʼiy yoʻldosh Eron markaziy platosidagi ulkan hududni qamragan Markaziy choʻlidan ikki bosqichli Qassed raketa tashuvchisi yordamida koinotga uchirilgan.

Aftidan, Eron bunday turdagi tashuvchidan ilk bor foydalangan.

Eron hududidan uchirilgan harbiy sunʼiy yoʻldoshga ega raketa, 22-aprel kuni olingan surat. [IIPK]

Eron hududidan uchirilgan harbiy sunʼiy yoʻldoshga ega raketa, 22-aprel kuni olingan surat. [IIPK]

Bunday kutilmagan operatsiyadan ikki oy avval ham Eron boshqa bir sunʼiy yoʻldoshni koinotga uchirishga uringan, ammo noharbiy oʻlchamdagi bu qurilma orbitaga chiqa olmagan edi.

Tehronning ikkiyuzlamachiligi

Sunʼiy yoʻldoshning uchirilishi Tehron uchun qaysi maqsadlar ustuvor ekanini ochiqlagan, cababi Tehron epidemiyaga qarshi kurashda oʻz fuqarolariga yordam berishdan koʻra, harbiy jasoratini namoyish etish uchun pul sarflashni afzal koʻrmoqda.

AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronni BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasini buzganlikda ayblar ekan, virusga qarshi kurash uchun Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan 5 mlrd. dollarlik favqulodda kredit soʻragan rejimning ikkiyuzlamachiligini taʼkidlagan.

“Umid qilamanki, Eron rejimi oʻzining global terrorchilik kampaniyasini davom ettirishdan koʻra, Eron xalqining salomatligi va xavfsizligini ustuvor masala sifatida belgilash talabini qondiradi”, dedi u Vashingtonda jurnalistlarga.

Pompeoga koʻra, sunʼiy yoʻldosh uchirilishi Eronning fazoviy dasturi tijoriy emas, balki harbiy maqsadlarga xizmat qilishini koʻrsatmoqda.

“Eron qilgan ishlari uchun javob berishi kerak.”

Vashington bungacha ham Tehronning sunʼiy yoʻldosh dasturi yuzasidan oʻz xavotirlarini bildirgan va 2019-yil yanvarda raketa tashuvchining uchirilishi ballistik raketalarga nisbatan joriy qilingan cheklovga zid ekanini aytgan edi.

Eron yadroviy qurolga ega boʻlish niyati yoʻqligi va uning aerokosmik faoliyati tinch maqsadlarni koʻzlashini iddao qilib keladi.

Fitna nazariyalari va yolgʻon xabarlar

Ammo koronavirus kuchaygan paytda, shusiz ham ogʻir iqtisodiy vaziyatga qaramay, sunʼiy yoʻldoshni uchirish qarori fevral oyida ilk kasallanish holatini qayd etgan Eronning virusga qarshi samarasiz chora koʻrayotganidan darak bermoqda.

Virus bilan bogʻliq vaziyatning ogʻir ekanligiga qaramay, hukumat boshqa mamlakatlar kabi kabi oʻz-oʻzini yakkalash rejimini joriy qilmagan, natijada kasallanish va oʻlim holatlari soni keskin oshgan.

Payshanba kuni Eron sogʻliqni saqlash vazirligi vakili Kianush Jahonpur mamlakat boʻylab yangi 1030 ta kasallanish holati qayd etilgan, koronavirusga chalingan bemorlar soni esa 87026 taga yetgani haqida xabar berdi. Jami 5481 kishi ushbu xastalikdan vafot etgan.

Bir vaqtning oʻzida Eron rejimining jamoatchilikka aniq maʼlumotlarni yetkazishda shaffof emasligi xalqaro maydondagi xavotirni kuchaytirmoqda, shu bilan bir vaqtda, mamlakatda koronavirusning nazoratsiz tarqalishi unga qoʻshni va boshqa davlatlarga tahdid solyapti.

Shu bilan birga, Xitoy va Rossiya kabi Eron ham faol ravishda virus haqida fitna nazariyalarini tarqatib, soxta va yanglish maʼlumotlarni yoyinlash bilan odamlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Sputnikning koronavirusga nima daxli bor? Sputnikni toʻplash uchun ikki oy kerak boʻldimi? Eronning ishlariga hech kim aralashmaganida, u oʻzini demokratiyadan himoya qilish uchun pul sarflashga majbur boʻlmas edi.

Javob berish