Diplomatiya

Eronning Fors koʻrfazidagi AQSH kemalariga tahdidi kuchaydi, AQSH armiyasi javob choralari koʻrmoqchi

Karvonsaroy va AFP

15-aprel kuni Shimoliy Arab koʻrfazining xalqaro suvlarida Eron Islom inqilobi posbonlari korpusiga (IIPK) tegishli kemalar AQSH kemalariga nisbatan xatarli va noprofessional harakatlarni amalga oshirgan. (AQSH harbiy dengiz kuchlari)

TEHRON – Oʻtgan hafta yuz bergan holatga qaramay, payshanba (23-aprel) kuni Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) koʻmondoni Fors koʻrfazidagi AQSH kemalariga tahdid qilishda davom etgan.

“Amerikaliklarga shuni eʼlon qilamizki, biz oʻz maqsadimizda qatʼiy va jiddiymiz, har qanday harakatga tezkor va samarali chora bilan qatʼiyatli javob qaytaramiz”, deb aytgan general-mayor Husayn Salamiy davlat telekanali orqali chiqishida.

Eron kuchlari Fors koʻrfazida AQSH kemalariga tajovuz qilganidan keyin vaziyat yanada tanglashgan.

IIPK floti kemalari “AQSH kemalarining old va orqa tomonlaridan juda yaqin masofada katta tezlik bilan bir necha bor suzib oʻtgan”, kemalardan birining old tomoniga 10 yardgacha (toʻqqiz metr) yaqinlashgan holat ham kuzatilgan, deb xabar AQSH harbiy dengiz kuchlari 15-aprel kuni.

image

Eron kemalari tajovuzkor harakatlarni amalga oshirgan kunning ertasiga – 16-aprel kuni patrul kemasida qoʻriqchilik qilayotgan AQSH harbiy dengiz kuchlari ofitseri zobiti. (CENTCOM)

image

AQSH harbiy dengiz kuchlari tomonidan chop etilgan fotosuratda IIPK kemalarining Fors koʻrfazidagi Amerika kemalari yaqinida tajovuzkor manevrlar qilayotgani aks etgan. (AQSH harbiy dengiz kuchlari)

Bu vaqtda AQSH harbiy dengiz kuchlari va sohil qoʻriqlash xizmati kemalari Fors koʻrfazining shimoliy qismidagi xalqaro suvlarda Apache jangovar vertolyotlari yordamida amaliyotlar olib borayotgan edi, deyiladi bayonotda.

IIPK flotiga tegishli tezkor katerlarga oʻxshash kemalar bir soat davomida AQSH kemalarining ogohlantirishlarini eʼtiborsiz qoldirgan, oxir-oqibat radioaloqaga javob qaytarib, hududni tark etgan, deb qoʻshimcha qilinadi xabarda.

“IIPK flotining xatarli va provokatsion xatti-harakatlari hisoblashda xatolar kelib chiqishi va toʻqnashuv xavfini kuchaytirgan”, deyiladi bayonotda. Shu bilan birga, ular dengiz qonun-qoidalarini ham buzganlar.

AQSH prezidenti Donald Tramp chorshanba (22-aprel) kuni oʻz Twitter sahifasida “AQSH harbiy dengiz kuchlariga qarashli kemalarga tahdid qilgan taqdirda, Eronning har qanday va barcha harbiy kemalariga qarata oʻt ochishga” buyruq berganini aytdi.

“Xavf bilan yuzma-yuz kelgan har qanday kema oʻzini oʻzi himoya qilish huquqiga ega”, deb aytgan Shtablar boshliqlari birlashgan qoʻmitasi raisi, general Djon Xayten chorshanba kuni eʼlon qilingan Pentagon bayonotiga koʻra.

Tahdidga uchragan taqdirda AQSH qoʻmondonlari “halokatli kuch bilan javob qaytaradilar”, deb Eronni ogohlantirgan u.

“Fojiali xato”

AQSH harbiy mutasaddilari koronavirus epidemiyasiga qaramay, mamlakat qoʻshinlari jangovar shay holatda ekani haqida bir necha bor ogohlantirgan edi.

22-aprelga kelib, AQSH mudofaa vazirligi tizimida COVID-19 virusini yuqtirganlar soni 5734 taga yetgan, jumladan 3578 harbiylar, 771 oila aʼzolari, 965 oddiy fuqarolar va 420 pudratchi kasallangan, deb yozadi Military.com sayti.

AQSH armiyasida qariyb 2,3 million kishi xizmat qiladi.

“Biz hali ham shay holatdamiz va har qanday tahdidga tayyormiz”, degan edi 9-aprel kuni shtab boshliqlari Birlashgan qoʻmitasi raisi, general Mark Milli.

“Men dushman tarafga bir-biriga zid xabarlar yetib borishini va ular inqiroz sharoitida imkoniyatdan foydalanib qolishini istamagan boʻlardim”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Agar ular shunday deb oʻylasalar, bu mudhish va fojiali xato boʻladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0
Siyosat * Majburiy 1500 ta belgi qoldi (1500 max)