Karvonsaroy
Salomatlik

AQSH Oʻzbekistonga 1000 ta COVID-19 testlarini topshirdi, Qozogʻistonga qoʻshimcha yordam berdi

Aydar Ashimov

22-aprel kuni Qoʻshma Shtatlar Qozogʻistonga tibbiy mahsulotlar, jumladan qayta ishlatish mumkin boʻlgan shaxsiy himoya vositalarini yetkazib berdi. (Qozogʻiston tashki ishlar vazirligi)

22-aprel kuni Qoʻshma Shtatlar Qozogʻistonga tibbiy mahsulotlar, jumladan qayta ishlatish mumkin boʻlgan shaxsiy himoya vositalarini yetkazib berdi. (Qozogʻiston tashki ishlar vazirligi)

NUR-SULTON – AQSH COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash choralarini qoʻllab-quvvatlashda Markaziy Osiyo davlatlariga koʻmaklashishda davom etmoqda.

AQSH mudofaa tahdidlarini kamaytirish agentligi (DTRA) yaqinda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligiga 1000 ta koronavirus testini topshirdi, deya xabar beradi dushanba (27-aprel) kuni Toshkentdagi AQSH elchixonasi.

Ushbu xayriya yordami DTRAning Toshkentdagi bosh pudratchisi TMC Global Professional Services mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlar bilan hamohang ravishda tashkil etildi. Mashgʻulotlar davomida oʻzbekistonliklar vazirlik diagnostika laboratoriyalarining sinov salohiyatini kuchaytirishni oʻrgandilar.

Trening davomida vazirlikning besh nafar tajribali mutaxassisi malaka oshirdi, ular 17 ta laboratoriya mutaxassislariga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirusni aniqlash uchun tavsiya etilgan yagona usul – PZR (polimeraza zanjir reaktsiyasi) diagnostikasining zamonaviy usullarini oʻrgatdilar.

20-mart kuni USAID Qirgʻizistonga shaxsiy himoya vositalarini yetkazib berdi. [AQSHning Qirgʻizistondagi elchixonasi]

20-mart kuni USAID Qirgʻizistonga shaxsiy himoya vositalarini yetkazib berdi. [AQSHning Qirgʻizistondagi elchixonasi]

Trening 7-aprel kuni Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti (TVMOI) boshlanib, Respublika oʻlat, karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar muhofazasi markazining Toshkent, Buxoro va Nukusdagi laboratoriyalarini ham qamrab oldi.

Toshkentdan tashqaridagi laboratoriyalarda DTRA tomonidan TVMOIga taqdim etilgan masofaviy taʼlim videojihozlari yordamida qoʻshimcha treninglar tashkil etildi.

Shu oy boshida AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 35 000 dan ziyod oʻzbekistonliklar, jumladan, pandemiya vaqtida qiyin ahvolda qolganlarga yordam tariqasida Oʻzbekistonga umumiy qiymati 400 000 AQSH dollariga (4 mlrd. soʻm) teng 131 ming kg. oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib bergan, deb xabar beradi 16 aprel kuni AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi.

Qutqaruv yordami

22-aprel kuni DTRA Qozogʻistonga tibbiy mahsulotlar, jumladan koʻp marta ishlatiladigan shaxsiy himoya vositalari toʻplamlari – kombinezonlar, niqoblar, qoʻlqoplar va koʻzoynaklar yetkazib bergan, deyiladi Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Qozogʻistondagi AQSH elchixonasi xabariga koʻra, shu kunning oʻzida USAID Qozogʻistonda COVID-19ga qarshi kurash uchun qoʻshimcha 800 ming AQSH dollari (343,8 mln. tenge) ajratgan.

Qoʻshma Shtatlar Qozogʻiston hukumati, xalqaro gumanitar hamkorlar va mahalliy manfaatdor tomonlar bilan hamjihatlikda hayotiy muhim yordam koʻrsatmoqda, deyiladi bayonotda.

“Qozogʻiston virus tarqalishini toʻxtatish uchun qatʼiy choralar koʻrmoqda. AQSH hukumati COVID-19ga qarshi kurashda Qozogʻiston va dunyodagi boshqa hamkorlarini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Biz xalqaro hamjamiyat sifatida kuchlarni birlashtirishimiz kerak”, dedi AQSHning Qozogʻistondagi elchisi Uilyam Mozer oʻz bayonotida.

Aprel oyi boshida USAID koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash uchun Qozogʻistonga 800 ming dollar ajratgan edi.

Ushbu mablagʻ laboratoriya ishlari va keng koʻlamli sinovlarni tashkil qilish, tibbiy muassasalarda infektsiya tarqalishining oldini olish va virus haqida notoʻgʻri maʼlumotlarga qarshi kurashish uchun safarbar etilgan.

Avvalroq, 17-mart kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari Qozogʻistonga shaxsiy himoya vositalari, jumladan 21 000 dona tibbiy qoʻlqop, niqoblar, xalat va himoya koʻzoynaklari yetkazib bergan edi.

“Hozirda qozogʻistonlik shifokorlar koronavirusga qarshi ilgʻor oʻrinlarda kurash olib bormoqdalar. Ular insonlar hayoti uchun kurashmoqdalar”, deydi chimkentlik shifokor Meruyert Abdualiyeva.

“Bunday sharoitlarda ularning oʻzi virus yuqtirish xavfi bilan yuzma-yuz kelmoqda. Himoya uskunalari, sunʼiy nafas oldirish moslamalari va boshqalar biz uchun juda zarur”, dedi u.

USAID Tojikistonga ham 56 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi. Umumiy qiymati 171 ming AQSH dollaridan (1,8 million somoniy) ortiq yordam 100 dan ziyod muassasalar, jumladan, pandemiya munosabati bilan bemorlarni karantinda saqlayotgan tashkilotlarga yuboriladi, deyiladi Tojikistondagi AQSH elchixonasining 9 aprel kungi bayonotida.

Qirgʻizistondagi AQSH elchixonasining 20-mart kungi xabariga koʻra, USAID Qirgʻizistonning koronavirusga qarshi kurashayotgan uchta muassasasiga 66 million soʻmdan (840 ming dollar) ortiq mablagʻ ajratgan.

Shuningdek, Qirgʻizistonga AQSHdan yuborilgan shaxsiy himoya vositalari – 10000 ta niqob, 10000 ta qoʻlqop, 1400 dona xalat va 200 ta himoya koʻzoynaklari ham yetib kelgan.

Muborak Ramazon oyi

Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam yetkazish muborak Ramazon oyining boshlanishiga toʻgʻri keldi.

“Hozirda biz koronavirus muammosi bilan bogʻliq murakkab davrda yashayapmiz. Karantin tufayli masjidlar eshiklari yopilgan boʻlsa-da, qalblarimiz xayrli ishlar uchun ochiq. Ayniqsa, muborak Ramazon oyida buni unutmaslik kerak”, deydi Olmaota viloyatidagi masjidlardan birining imom noibi Birjan Majenov.

“Xayrli ishlar va yordamlarni xolis va sidqidildan qilmoq kerak”, dedi u.

AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo butun dunyo musulmonlarini samimiy qutlar ekan, bugungi ogʻir davrda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligini taʼkidladi.

“Bu yil COVID-19 pandemiyasi dunyodagi koʻplab musulmonlarning yigʻinlari va bayramlarini keskin oʻzgartirib yubordi ... Biz barcha hukumatlar va jamoalarni bu vaqtni gʻanimat bilib, uni xizmat va hamjihatlikka qaratishga, ijtimoiy himoyalanmagan qatlam salomatligi va xavfsizligini yodda tutishga undaymiz. Biz COVID-19 inqirozini toʻxtatish uchun kurashni davom ettiramiz”, dedi Pompeo 23-aprel kuni AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi veb-saytida eʼlon qilingan bayonotda.

U dunyodagi musulmon jamoalariga cheklovlarga qaramay “tinchlik oyi boʻlmish muborak Ramazonni” xayrli oʻtkazishni tilagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Daryodan bir tomchi

Javob berish