Karvonsaroy
Salomatlik

Xitoy mahsulotlariga nisbatan ishonchsizlik sababli Qozogʻiston koronavirus testlarini ishlab chiqara boshladi

Kanat Altinbayev

Xitoyning shimoliy viloyati – Xebeydagi Xandan zavodida niqob ishlab chiqarish bilan mashgʻul boʻlgan ishchilar, 2020-yil, 22-yanvar. (STR / AFP)

Xitoyning shimoliy viloyati – Xebeydagi Xandan zavodida niqob ishlab chiqarish bilan mashgʻul boʻlgan ishchilar, 2020-yil, 22-yanvar. (STR / AFP)

OLMAOTA – Qozogʻiston qoʻshni Xitoyning test toʻplamlari nuqsonli ekanligi aniqlanishi ortidan oʻzining COVID-19 test toʻplamlarini ishlab chiqara boshladi.

Qoʻshma Shtatlar tomonidan qurilgan Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi Karantin va zoonoz infeksiyalar boʻyicha Qozogʻiston ilmiy markaziga qarashli Markaziy referens laboratoriyasi koronavirus testlarini ishlab chiqishda muvaffaqiyatga erishmoqda, deb aytgan sogʻliqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov.

Taʼlim va fan, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi vazirliklarining ilmiy markazlarida saqlangan patogen shtammlar, eng avvalo jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida laboratoriyada toʻplangan, dedi u 21-aprel kuni Forbes Kazakhstan nashriga bergan intervyusida.

“Laboratoriya qurilayotganida juda koʻp mish-mish va mulohazalar bor edi, ammo hozir u bizga JSST (Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti) tomonidan berilgan qoʻllanma asosida genetik PCR (polimeraza zanjiri reaksiyasi) testlarini qisqa muddatda ishlab chiqish imkonini berdi”, dedi Birtanov.

Turli kasalliklarni oʻrganish, diagnostika qilish va davolash boʻyicha tibbiy muassasa – Olmaotadagi mintaqaviy diagnostika markazi, 27-aprel. (Kanat Altinbayev)

Turli kasalliklarni oʻrganish, diagnostika qilish va davolash boʻyicha tibbiy muassasa – Olmaotadagi mintaqaviy diagnostika markazi, 27-aprel. (Kanat Altinbayev)

COVID-19 holati aniqlanganidan keyin karantinga olingan Olmaotadagi turar joy majmuasi yaqiniga qoʻyilgan belgi, 24-mart. (Kanat Altinbayev)

COVID-19 holati aniqlanganidan keyin karantinga olingan Olmaotadagi turar joy majmuasi yaqiniga qoʻyilgan belgi, 24-mart. (Kanat Altinbayev)

Testning sezuvchanligi juda yuqori. Qozogʻiston ularni sanoat darajasida ishlab chiqarmoqchi, dedi u.

“Bu laboratoriya qurilishi oʻzini mutlaqo oqladi”, dedi Birtanov. “AQSH hukumati uch yil davomida bizga yordam berib keldi, ammo 2020-yilning boshidan beri laboratoriyani Qozogʻistonning oʻzi toʻliq moliyalashtirmoqda.”

Qozogʻiston sanitariya xizmati referens laboratoriyadan favqulodda xabarlarni yuborish, virus shtammlarini qayta ishlash va dezinfeksiya maqsadida foydalanmoqda, dedi Birtanov.

“Oʻtgan yillar davomida biz doimiy ravishda kuydirgi va vabo kasalliklarini kuzatib bormoqdamiz, bu viruslar grippning oʻta ogʻir va murakkab turi boʻlgan koronavirusdan ham yuqumliroq”, dedi u.

Oʻtgan yil iyul oyida davlatga qarashli Rossiya-1 kanalining rus teleboshlovchisi Vladimir Solovyov laboratoriyani yoʻq qilishni taklif qilar ekan, uni biologik qurollarni ishlab chiqarish platformasi va Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid deb atagan edi.

“Portlatib yuborsak-chi? Laboratoriya qayerdaligini bilamiz. Olamizda, portlatib yuboramiz”, degan edi u preventiv hujumni nazarda tutib.

Kreml tashviqotchisi oʻlaroq tanilgan Solovyovning bu tajovuzkor bayonoti oʻshanda qozogʻistonliklarning gʻazabiga duchor boʻlgan edi.

Xitoyda ishlab chiqarilgan testlar

Koronavirusni aniqlaydigan Xitoy testlarining sifati koʻplab mamlakatlarda savollar keltirib chiqargan.

Xitoy rejimi mart oyidan beri xorijiy mamlakatlarga niqoblar va boshqa himoya vositalarini sotishdan milliardlab dollar daromad qilayotgan bir paytda, uning sifatsiz yoki nosoz tibbiy mahsulotlaridan shikoyat qilayotgan mamlakatlar koʻpaygan.

1-martdan beri Xitoy 50 dan ortiq davlatga 3,86 milliard dona niqob, 37,5 million dona himoya kombinezoni, 16000 ta sunʼiy nafas oldirish moslamasi va 2,84 million dona COVID-19 testlarini eksport qildi, degan edi aprel oyi boshida Xitoy bojxona xizmati rasmiysi Jin Xay.

Shunday boʻlsa-da, bir qator davlatlar, jumladan Ispaniya, Chexiya, Gollandiya, Slovakiya,Turkiya va Birlashgan qirollik pandemiyaga qarshi Xitoyda ishlab chiqarilgan vositalarni qabul qilishdan bosh tortganlar.

Pokiston sogʻliqni saqlash mutasaddilari Xitoyning “sifatsiz” test toʻplamlaridan shikoyat qilib, ularning aksari atigi 30% aniqlikka ega ekanligini aytganlar.

27-mart kuni Ispaniya hukumati Xitoyda ishlab chiqarilgan 58 mingta koronavirus testi toʻplamlarini foydalanishga yaroqsiz deb topdi, ularning aniqlik darajasi 30 foiz boʻlib chiqqan, deb xabar beradi Ispaniya OAV.

Daily Prague Morning nashrining 26-mart kungi sonida xabar qilinishicha, Chexiya Xitoydan sotib olgan 54 million krona (2,1 million dollar) qiymatidagi 300 ming dona tezkor koronavirus test toʻplamlarining 80 foizga yaqini sifatsiz ekanligi maʼlum boʻldi.

Odamlarning musibatidan foydalanish

Bunday xabarlar Xitoyda ishlab chiqarilgan niqoblarni sotib olgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida jiddiy xavotirga sabab boʻldi.

Inbusiness.kz onlayn-nashrining Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligiga asoslanib xabar qilishicha, mamlakat Xitoyning ikki ishlab chiqaruvchisi – Zybio Inc va Shanghai Eugene Biotech Co. Ltd kompaniyalaridan test toʻplamlari sotib olgan.

Vazirlik Xitoyning BioEasy kompaniyasiga buyurtma berilmaganini, uning mahsulotlari nuqsonli boʻlib chiqqanini maʼlum qildi.

Qozogʻistonda koʻpchilik Pekinning siyosatidan hafsalasi pir boʻlgan.

“Xitoy dunyo boʻylab koronavirus infeksiyasining manbai boʻlibgina qolmay, balki pandemiya va odamlar boshiga tushgan kulfatdan oson pul ishlashga harakat qilmoqda”, deydi Olmaota viloyatining Talgar shahrida yashovchi Izzat Koyshibayev. U Olmaotada ofitsiant boʻlib ishlagan va karantin sababli ishidan ayrilgan.

Mahalliy shifokorlar Xitoy testlari va mahsulotlariga uncha ishonmaydilar, ayniqsa internetda xitoylik “ishlab chiqaruvchilar”ning antisanitariya sharoitlarida tibbiy niqoblar tikayotgani aks etgan videolar tarqalganidan keyin, deydi Olmaotadagi 32-sonli poliklinika shifokori Aygerim Jakasheva.

“Qirqish va sotishga yuborish oldidan iflos polda yotgan, taxlanmagan, katta-katta niqoblar uyumlari... Buni koʻrgandan keyin qanday qilib Xitoy mahsulotlarini sotib olish mumkin?”, deydi Jakasheva.

“Bundan mahsulotlarga ishonish va ularning qulay narxda ekanligiga umid qilish notoʻgʻri”, deb qoʻshimcha qildi u

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Albatta harakat qiladi, amerikaliklar unga yordam berar edimi?

Javob berish