Xitoy hukumati koronavirus epidemiyasiga oid dalillarni qasddan yashirgan va yoʻq qilgan, deb yozadi Avstraliya nashrlaridan biri COVID-19 epidemiyasining kelib chiqishini oʻrgangan razvedka maʼlumotlariga tayanib.
“The Saturday Telegraph” nashri ixtiyoriga kelib tushgan 15 sahifalik hisobotda Xitoy hukumati “boshqa davlatlarni xavf ostiga qoʻygan holda” virus haqida gap ochgan shifokorlarning ovozini oʻchirish va ularni “yoʻq qilish”, laboratoriyalarda COVID-19 virusiga oid dalillarni yoʻqotish va vaksina ustida ishlayotgan olimlarga virus namunalarini taqdim etishdan bosh tortish bilan maʼlumotlarni yashirgan.
Hisobot AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada va Buyuk Britaniyaning Five Eyes (“Besh koʻz”) razvedka idoralari tomonidan tuzilgan.
Xitoy hukumatining COVID-19 virusi haqida deyarli bir hafta davom etgan ommaviy sukunati dunyoni pandemiyaga boshlangʻich bosqichdayoq barham berish imkoniyatidan mahrum qildi, deb xabar bergan edi Associated Press (AP) 15-aprel kuni.
Xitoy rasmiylari halokatli epidemiya tarqaganini zimdan anglagan boʻlsalar-da , Uxanda bir necha oʻn minglab odamlar ishtirokida katta ziyofat oʻtkazishga ruxsat berib, virusning har tomonga tarqalishiga yoʻl qoʻyganlar.
Dushanba (4-may) kuniga kelib, COVID-19 virusidan dunyoda deyarli chorak million odam halok boʻlgan va 3,5 milliondan ortiq odam kasallangan. Bu haqida Johns Hopkins universiteti xabar bergan.
Shaffoflikka tajovuz
Xitoy hukumatining xatti-harakatlari “xalqaro shaffoflikka tajovuz” boʻlib, bir necha oʻn ming odamlar oʻlimiga sabab boʻldi, deyiladi hujjatda.
Hujjatda oʻz harakatlari va dastlabki bayonotlarini tushuntirishi uchun Xitoy hukumatiga bosimni kuchaytirish koʻzda tutilgan.
Inqirozga qarshi choralar masalasida Pekinga nisbatan bosim ortib borayotgan bir vaqtda, dunyo yetakchilari Xitoy hukumatini koronavirus pandemiyasi boʻyicha imkon qadar shaffof boʻlishga chaqirib kelayotgan edilar.
Tanqidchilar Xitoyni oʻtgan yil oxirida paydo boʻlgan epidemiya koʻlami va hajmiga ahamiyat bermaganlikda ayblamoqdalar. Ayrim nazariyalarga koʻra virus laboratoriyadan chiqqani gumon qilingan.
2018-yilda AQSH rasmiylari Xitoyning Uxan shahridagi tadqiqot laboratoriyasi yuzasidan bir necha bor ogohlantirish bilan chiqqan edi. Unda 2020-yilda butun dunyoni bosib olgan virus turiga yaqin boʻlgan koʻrshapalak koronavirusi ustida tadqiqot oʻtkazishda yetarlicha xavfsizlik choralari koʻrilmagani aytiladi.
Bu esa yangi COVID-19 koronavirusi Xitoy hukumati taʼkidlaganidek, hayvon bozoridan emas, balki hukumat moliyalashtirgan laboratoriyadan tarqagani haqidagi gumonlarni kuchaytiradi.
Xitoy rasmiylari avval-boshdan yangi koronavirus haqida ochiq maʼlumot berishganida , dunyo hozirda COVID-19 virusiga kurashda ancha ilgarilagan boʻlar edi, deydi yetakchi shifokor-mutaxassislar.
Ayniqsa, dunyo davlatlarining katta qismi Xitoy rejimining koronavirusga oid dezinformatsiyasiga qarshi birlashgan bir paytda, xitoylik rasmiylardan kelayotgan maʼlumotlarning naqadar ishonchli ekanligi xalqaro hamjamiyatni xavotirga solmoqda.