Karvonsaroy
Siyosat

Tojikiston ruscha familiyalardan voz kechadi

Kanat Altinbayev

Ish topish umidida koʻcha boʻyida toʻplanib turgan erkaklar, 10-aprel, Dushanbe. Koʻpchilik tojikistonliklar milliylikni saqlab qolish maqsadida familiya va ota ismidagi ruslashgan qoʻshimchalardan voz kechish tarafdori. (Nozim Qalandarov/AFP)

Ish topish umidida koʻcha boʻyida toʻplanib turgan erkaklar, 10-aprel, Dushanbe. Koʻpchilik tojikistonliklar milliylikni saqlab qolish maqsadida familiya va ota ismidagi ruslashgan qoʻshimchalardan voz kechish tarafdori. (Nozim Qalandarov/AFP)

DUSHANBE – Tojikiston hukumati milliylikni himoya qolish chora-tadbirlari doirasida familiyalardagi ruslashgan qoʻshimchalarni taqiqladi.

28-aprel kuni Tojikiston parlamentining quyi palatasi familiya va ota ismidagi ruslashtirilgan qoʻshimchalarni taqiqlash boʻyicha qonunga kiritilgan oʻzgartishlarni maʼqulladi, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tojik xizmati.

Yangi qoidalar yuqori palata va prezident tomonidan maʼqullanganidan keyin kuchga kiradi.

Endilikda fuqarolarning familiyalariga “-ov” yoki “-ova” ruscha qoʻshimchalari oʻrniga “-zoda”, “-iyon”, “uzoq”, “purduxt” kabi tojikcha suffikslar qoʻshiladi, dedi ushbu qonun loyihasini parlamentga kiritgan Tojikiston adliya vaziri Muzaffar Ashuriyon.

Tojikcha boʻlmagan qoʻshimchalardan respublikada istiqomat qiladigan ruslar va milliy etnik ozchiliklar vakillari foydalanishi mumkin.

Yangi qoidalar faqat qonun kuchga kirganidan keyin roʻyxatga olinadiganlar, ayniqsa bolalar va oʻsmirlarga, shuningdek, kelajakda familiyasini oʻzgartirmoqchi boʻlganlarga nisbatan amalda boʻladi. Shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlgan fuqarolar ularni oʻzgartirishga majbur emas.

Qonun mualliflariga koʻra, yangi tartib “fuqarolarning oʻzlikni anglash darajasini oshirish va milliylikni himoya qilishga” qaratilgan.

Aksar tojiklarning fikricha, slavyancha familiyalar Chor Rossiyasi va sovetlar davrida ruslar millat ustidan hukmron boʻlganini eslatib turuvchi yoqimsiz omildir.

2007-yilda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon oʻz familiyasidan “-ov” qoʻshimchasini olib tashlashi ortidan mamlakatda ruscha qoʻshimchalarni tojikchaga oʻzgartirish tendensiyasi faollashgan, deb xabar beradi Ozodlik radiosi.

Koʻpgina tojik rasmiylari va oddiy fuqarolar bu borada uning yoʻlidan bordilar.

Masalan, 2014-yil yanvar oyida qishloq xoʻjaligi vaziri Qosim Qosimov familiyasini Rohbarga oʻzgartirdi. Shuningdek, tashqi ishlar vaziri Sirojidin Aslov 2018-yilda Muhriddin familiyasini olib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yangiladi.

Tashabbus qoʻllab-quvvatlanmoqda

Tojikistonliklar ushbu qonunning qabul qilinishiga shubha qilmayaptilar.

“Familiyalarda milliy oʻzlikning aks etishi normal holat”, deydi dushanbelik tarix oʻqituvchisi Dilangez Aminzoda.

“Gruziya yoki Litva singari postsovet mamlakatlarda ruscha qoʻshimchalar odatiy emas, balki istisnodir. Nima uchun endi Tojikistonda boshqacha boʻlishi kerak?” deydi u.

Biroq, bu kabi xabarlar ostida fikr-mulohaza qoldirgan rossiyaparast mushtariylar qonunni keskin tanqid qilib, u Tojikistondagi hayotni yaxshilay olmasligini taʼkidlaganlar.

“Ruscha harflarni ham olib tashlashsin, koʻramiz nima boʻlishini, masxarabozlar”, deb yozgan nomaʼlum foydalanuvchi Tojikistonda hali ham amalda boʻlgan kirill alifbosini nazarda tutib.

“Pul kerak boʻlib qolsa, Rossiyaga kelib, “-ov” qoʻshimchalarini yana olib tashlaymiz, bizga pul bersangiz boʻlgani, deyishadi”, deb yozadi kinoya bilan Ivan nomi ostidagi boshqa bir foydalanuvchi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Kirill alifbosi Rossiyada emas, Bolgariyada oʻylab topilgan, bilsangiz agar ........

Javob berish

Baribir yaqinda hammangiz xuddi Shinjonda boʻlgani kabi xitoycha ismlarga ega boʻlasiz va xitoy tilida qoʻshiq aytasiz. Ular ham oʻzlari yoqtirgandek yashashni istagan edilar, lekin endi xitoy tilida vaysayaptilar.

Javob berish

“Purdxut” qoʻshimchasi yoʻq. Toʻgʻrilab qoʻying.

Javob berish