Karvonsaroy
Xavfsizlik

Dengizdagi halokat Eron harbiylarida professionalizm yetishmasligini koʻrsatdi

Karvonsaroy

Kunarkdagi falokat qurbonlarining jasadlari Eron harbiy aeroportiga olib kelinmoqda, 12-may. (Eron mudofaa vazirligi)

Kunarkdagi falokat qurbonlarining jasadlari Eron harbiy aeroportiga olib kelinmoqda, 12-may. (Eron mudofaa vazirligi)

TEHRON – Oʻmon koʻrfazidagi 19 nafar eronlik dengiz harbiylari oʻlimiga sabab boʻlgan “oʻzinikilarga qarata bexosdan oʻt ochish” xatosi Eron rejimi va xavfsizlik kuchlarining ustuvor yoʻnalishlarni adashtirish va professionallikning yetishmasligi kabi asosiy zaifliklariga misol boʻldi.

10-may kuni Eronning janubiy sohilidagi Bandari Jask shahri yaqinida oʻtkazilayotgan harbiy mashgʻulotlar chogʻida Eronning “Jamaran” fregati “Kunark” yordamchi kemasiga qarata oʻt ochgan, natijada 19 kishi oʻlgan va 15 kishi jarohatlangan. Bu haqda Eron dengiz kuchlari dushanba (11-may) kuni xabar bergan.

“Kema mashgʻulot nishoni manziliga olib kelinganidan soʻng, oʻzi va nishon oʻrtasida yetarli masofa hosil qilmagani sababli zarba ostida qolgan”, deyiladi davlat telekanalining veb-sayti xabarida.

Harbiylar bayonotiga koʻra, kemani sohil boʻyiga “texnik tekshiruv” uchun olib kelishgan. Jamoatchilik batafsil maʼlumot ochiqlanguniga qadar “mish-mishlarga” ishonmaslikka chaqirilgan.

Kunarkdagi baxtsiz hodisada halok boʻlgan yaqinlariga motam tutayotgan eronlik ayollar, Eron harbiy aeroporti, 12-may. (Eron mudofaa vazirligi)

Kunarkdagi baxtsiz hodisada halok boʻlgan yaqinlariga motam tutayotgan eronlik ayollar, Eron harbiy aeroporti, 12-may. (Eron mudofaa vazirligi)

Videolavhadan olingan kadrda 10-may kuni kamida 19 odamning oʻlimi va 15 kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan Erondagi dengiz halokati oqibatlari aks etgan. (Jam-e-Jam Daily)

Videolavhadan olingan kadrda 10-may kuni kamida 19 odamning oʻlimi va 15 kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan Erondagi dengiz halokati oqibatlari aks etgan. (Jam-e-Jam Daily)

“Jam-e-Jam Daily” nashri tomonidan tarqatilgan videolavhada Kunark kemasi qisman suv ostida qolgani va tutab turgani aks etgan.

Halokatli oqibatlar

10-may kuni sodir boʻlgan “baxtsiz hodisa” shu yilning oʻzida Eron harbiylari tomonidan yanglish oʻq otish natijasida odamlar oʻlimiga olib kelgan ikkinchi holatdir.

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIPK) 8-yanvar kuni Ukraina xalqaro aviakompaniyasining yoʻlovchi samolyotiga qarata oʻt ochgan, natijada 176 yoʻlovchi va bort xodimlari, jumladan 146 ta eronlik halok boʻlgan.

Uch kun davomida halokatga aloqadorlikni rad etar ekan, bu holatni “inson faktori” tufayli yuz bergan “mudhish xato” deb eʼtirof etgan Tehron samolyotni urib tushirganini tan olgan.

Dengizdagi halokatdan soʻng, Tehron Kunarkda “baxtsiz hodisa yuz bergani va qator dengizchilar shahid boʻlishgani”ni aytish bilan kifoyalangan.

Eron dengiz kuchlari “hodisa tergov qilinayotgani” haqida xabar berdilar.

Harbiy tahlilchilarning New York Times nashriga maʼlum qilishlaricha, raketa otilishiga masʼul zobit “Kunark” xavfsiz masofaga yetib olmasidan avval oʻt ochgan yoki raketa “Kunark”ni kattaroq kema deb bilib, uni bevosita xavf deb malakalagan.

“Jamoatchilikni xabardor qilishda yana shaffoflik yetishmayotgani kuzatilmoqda, bu holat Ukraina samolyotining urib tushirilishi bilan bogʻliq achchiq xotiralarni yodga soladi”, deb yozgan eronlik diniy arbob, sobiq vitse-prezident Muhammad Ali Abtaniy 11-may kuni oʻz Instagram sahifasida.

Yanglish ustuvorliklar

Bir necha oy ichida yuz bergan ikkita mudhish xato Tehronning harbiy strategiyasi salohiyatini va Eron harbiy kuchlarining tayyorgarligini soʻroq ostida qoldirmoqda, deydi tahlilchilar.

“Eron davlatini himoya qilishga qodir boʻlgan armiyaga eʼtibor qaratish oʻrniga, hukumat koʻngillilar armiyasi, dronlar va ballistik hamda qanotli raketalarni ishlab chiqarishga zoʻr bermoqda”, dedi Vashingtondagi “Gulf State Analytics” kompaniyasining katta maslahatchisi Teodor Karasik Arab News nashriga.

Oxirgi xato shunchaki “pala-partishlik” boʻlib qolmay, Eron armiyasining tajribasizligi va noprofessionalligini fosh etdi, dedi Kaliforniya shtati Monterey shahridagi harbiy dengiz maktabining milliy xavfsizlik munosabatlari kafedrasi dotsenti Afshon Ostovar.

“Oʻzaro tushunmovchilik yuz bergan yoki kimdir protokollarga umuman rioya qilmagan. Ehtimol, ikkala holat ham yuz bergan boʻlishi mumkin”, deb aytgan u New York Times nashriga.

“Eron armiyasi oʻzini qay darajada kuchli deb bilmasin, u qimmatga tushayotgan jiddiy xatolar qilishda davom etmoqda”, dedi u.

“Eron harbiy kuchlarida, ular xoh havo yoki dengiz kuchlari, xoh Inqilob qoʻriqchilari yoki armiya boʻlsin, koordinatsiya, qoʻmondonlik va nazoratga oid doimiy muammolar bor”, deydi Eronning Fors koʻrfazidagi harbiy va dengiz operatsiyalari boʻyicha Vashington institutining Yaqin Sharq siyosati boʻyicha tahlilchisi Farzin Nadimi New York Times nashriga.

Proksilarga tayanish

523 mingta muntazam va 350 mingta zahiradagi kuchlarni hisobga olganda, Eron armiyasi Yaqin Sharqdagi eng yirik va faol harbiy xizmatchilariga koʻra dunyodagi sakkizinchi armiyadir.

Eskirib borayotgan uskunalar, xalqaro sanksiyalar, qurollar importiga cheklov va endilikda bu ikki keng miqyosli mudhish voqeadan soʻng, Eron armiyasi bevosita jangovar holatlarga tayyor emasligi aniq boʻlib ulgurgan, deydi tahlilchilar.

Tehronning harbiy xarajatlari raqiblar bilan solishtirilsa, masalan 2018-yilda Saudiya Arabistonining 70 milliard dollarlik va AQSHning 700 milliard dollarlik xarajatlari bilan taqqoslaganda bor yoʻgʻi 13 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi. Shu bilan birga, uning ittifoqchilari ham sanoqli.

Eronning Rossiya bilan munosabatlari yaxshi, shuningdek Xitoy bilan ham, ammo mustahkam va qudratli ittifoqchilari yoʻq”, deb yozgan The Atlantic nashri 4-yanvar kuni. “Umuman, dunyoning eng yopiq davlati oʻlaroq, uning ittifoqchilari ham unchalik koʻp emas.”

Shu bois Tehron mintaqada proksilardan foydalangan holda nosimmetrik urush olib borish strategiyasini ilgari surmoqda.

Misol uchun, Suriyada afgʻonistonlik va pokistonlik jangarilardan iborat IIPK qoʻllovidagi Fotimiyun diviziyasi va Zaynabiyun guruhi koʻngillilari prezident Bashar al-Asad rejimini qoʻllab-quvvatlashga koʻmak bermoqda.

Livandagi Hizbulloh Eron rejimi maqsadlariga xizmat qiladi, Yamanda esa xusiylar Tehron nomidan qonuniy hukumatga qarshi jang qilmoqda.

Ayniqsa, IIPKning Quds kuchlari qoʻmondoni Qosim Sulaymoniy va Ommaviy safarbarlik kuchlari (OSK) qoʻmondoni oʻrinbosari Abu Mahdiy al-Muhandis 3-yanvar kuni Bagʻdod aeroportida AQSH droni yordamida oʻldirilganidan soʻng, Iroqdagi notinchliklar ortida ham Eron qoʻllovidagi jangarilar turibdi.

Soxta savlat

Sulaymoniyning oʻlimidan keyin Eronning siyosiy arboblari va IIPK yetakchilari “mudhish va shafqatsiz qasos” olish bilan qoʻrqitib, mintaqadan AQSH kuchlarini chiqarib yuborish bilan tahdid qilishdi.

“Ammo shu kungacha Eron shafqatsiz qasos ham olmadi, amerikaliklarni mintaqadan chiqarib ham yubormadi”, deydi kobullik harbiy tahlilchi Aziz Ahmad Vardak. “Bunday bayonotlar mintaqadagi davlatlarni qoʻrqitish uchungina beriladi.”

“Eron armiyasi, ayniqsa IIPK yolgʻon soʻzlamoqda va oʻzi haqidagi maʼlumotlarni boʻrttirib koʻrsatmoqda”, dedi u. “Haqiqatda esa, Eron oʻzi daʼvo qilayotgan harbiy va jangovar salohiyatga ega emas.”

Fevral oyida Eron hukumati raketa texnologiyalariga oid bir qator tasdiqlanmagan iddaolar bilan chiqqan, ammo vaqt oʻtib, uzoq kutilgan sunʼiy yoʻldosh parvozi muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

9-fevral kuni IIPK qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalarni taqdim qilib, ular “yangi avlod” dvigatellari bilan jihozlangani va sunʼiy yoʻldoshlarni yer orbitasiga olib chiqishga qodirligini aytgan edi.

Ammo, bir necha soatdan soʻng davlat televideniyesi orqali chiqish qilgan Mudofaa vazirligi vakili “Zafar” sunʼiy yoʻldoshi orbitaga chiqish uchun yetarli tezlikka erisha olmaganligini bildirdi.

2019-yil yanvarda yana bir sunʼiy yoʻldosh orbitaga chiqa olmagan edi.

Shubhali daʼvolar

Bu kabi qimmatga tushgan xatolarga qaramay, Tehron hali ham oʻz kosmik dasturini rivojlantirish ustida ishlamoqda. Xalqaro hamjamiyat aʼzolarining fikricha, bu dastur raketa ishlanmalari uchun niqob boʻlib xizmat qiladi.

22-aprel kuni Eronga tegishli ilk harbiy sunʼiy yoʻldoshning orbitaga uchirilishi rejim ustuvorliklaridagi xatolarni yuzaga chiqardi, zero mamlakat zaiflashib borayotgan iqtisodiyot va COVID-19 koronavirus pandemiyasining vayronkor oqibatlari bilan kurashmoqda.

Qimmatga tushgan bu parvoz ortidan AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo virusga qarshi kurash uchun Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan 5 milliard dollarlik favqulodda kredit soʻragan rejimning ikkiyuzlamachiligini tilga olgan.

“Umid qilamanki, Eron rejimi global terrorchilik kampaniyasini davom ettirishdan koʻra, Eron xalqining salomatligi va xavfsizligiga eʼtibor qaratib, uning bu sohalarni ustuvor deb belgilash haqidagi talablarini qondiradi”, dedi u Vashingtonda jurnalistlarga.

Parvoz 15-aprel kuni IIPK COVID-19 detektorini taqdim etib, navbatdagi shubhali texnologik yutuqni eʼlon qilganidan bir hafta oʻtgach amalga oshirilgan.

“Bu turli shifoxonalarda sinab koʻrilgan ajoyib ilmiy texnika”, deb aytgan IIPK qoʻmondoni, general Husayn Salamiy qurilmaning TVdagi taqdimot marosimida.

U infeksiyalangan yuzalarni aniqlash va 100 metr radiusdagi virus tashuvchilarini atigi besh soniya ichida tashxislash imkonini beradi, dedi u.

Ammo, Tvitterga joylangan videolavhada bu qurilma tibbiy muassasada sinovdan oʻtayotgani va u virusni bir metrdan kamroq masofada ham aniqlay olmayotgani sababli odamlarning gangib turgani aks etgan, deb xabar beradi Farda radiosi.

“IIPK yoʻlovchi samolyotni raketadan farqlay olmasa, nanometr oʻlchamdagi virusni besh soniya ichida aniqlay olishiga qanday ishonish mumkin?”, deydi Twitter foydalanuvchilaridan biri qurilmani “termometr ustiga qoʻyilgan antenna” deb mazax qilib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Oʻhoʻ

Javob berish