https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2020/05/20/feature-01
| Salomatlik

Pandemiya muammosiga duch kelgan Tojikistonga qoʻshnilari va ittifoqchilar yordam bermoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

image

10-aprel kuni Dushanbeda tasodifiy ish topish ilinjida yoʻl yoqasida toʻplanib turgan ishsiz erkaklar. Shifokorlarga koʻra, koronavirus nochor oilalar uchun yanada xavfliroq. [Nozim Qalandarov/AFP]

DUSHANBE – Tibbiy muassasalar, shifokorlarning yetishmasligi va testlar oʻtkazish imkoni cheklangani sababli, koronavirus tarqalib borayotgan Tojikistondagi vaziyat xavotirli boʻlib turibdi, deydi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va mahalliy sogʻliqni saqlash mutasaddilari.

Baxtga koʻra, Tojikistonning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari, shuningdek, AQSH COVID-19ga qarshi kurashda mamlakatga yordam bera boshladi.

May oyi boshida Tojikistonga tashrif buyurgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti delegatsiyasi rahbari Patrik OʼKonnor 12-may kuni Dushanbeda telefon orqali oʻtkazilgan brifingda kasallanish hali oʻz choʻqqisiga chiqmaganini aytdi.

“Vaziyat xavotirli va qoʻshimcha chora-tadbirlarni taqozo etadi”, dedi u.

image

Xoʻjand shahridagi 2-sonli tibbiy markaz xodimlari, 12-may kuni olingan surat. Kasalxona xodimlari koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga tayyor. [Maʼmur Yusufzoda]

1-may kuni Tojikiston sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat roʻyxatga olingani haqida eʼlon qilgan edi. Chorshanba, 20-may holatiga koʻra, mamlakatda kasallanganlar soni 1736 ga yetgan, 41 kishi oʻlgan.

Shu munosabat bilan, dushanba (18-may) kuni mamlakat ulamolar kengashi bu yili Ramazon oyi yakunida hech qanday jamoat namozlariga ruxsat berilmasligini maʼlum qildi, deya xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

Jahon bankining aprel oyida eʼlon qilingan tadqiqotida COVID-19 tufayli Tojikistonda 6570 dan 21025 nafargacha odam oʻlishi mumkinligi prognoz qilingan edi.

“Tojikistondagi oʻlim darajasi Markaziy Osiyodagi eng yaqin qoʻshnilari – Qirgʻiziston va Oʻzbekistondagidan ancha yuqori. Bu sogʻliqni saqlash tizimida jiddiy muammolar borligidan darak beradi”, deydi dushanbelik tahlilchi Qosim Bekmuhammad.

Shunday muammolardan biri – kasallikka chalingan bemorlarni davolay oladigan muassasalarning yetishmasligi. Hukumat maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda faqat 30 ta tibbiy muassasa COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni qabul qilmoqda.

Ularda jami 5284 ta yotoq bor. Koronavirus pandemiyasi sababli, mamlakatning eng yirik va eng zamonaviy tibbiy majmuasi – Dushanbedagi “Istiqlol” kasalxonasi COVID-19 bemorlarini qabul qilishga toʻliq moslashtirilgan.

Hukumat yana uchta yirik shifoxonani yuqumli kasalliklarni davolash uchun qayta jihozlagan. “Karabolo” respublika klinik kasalxonasi koronavirusga chalinganlarni qabul qilish uchun rekonstruktsiya qilindi, dedi Dushanbe shahar hokimligi vakili Abdumajid Usmonov.

“Bir necha qurilishi tugallanmagan binolardan vaqtincha foydalangan holda, bemorlar uchun qoʻshimcha joylar tashkil etish ishlari olib borilmoqda”, dedi Usmonov.

Zaif mintaqalar

Tojikistonda bu kasallikni davolash uchun laboratoriya tadqiqotlari, koronavirus uchun testlar va malakali shifokorlar yetishmaydi, deydi Sugʻd viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbarining oʻrinbosari Maʼruf Hojiboyev.

“Bizda faqat bitta ishlab turgan laboratoriya bor, infeksionist-shifokorlar va ixtisoslashgan kasalxonalar kam”, dedi u butun mamlakatni nazarda tutib. “Ammo biz qoʻlimizdan kelgan barcha choralarni koʻrmoqdamiz.”

“Soʻgʻd viloyatining eng zaif joylari Jabbor Rasulov, Bobojon Gʻafurov va Istaravshan tumanlari, shuningdek, aholi zichligi juda yuqori boʻlgan Xoʻjand shahridir”, dedi Hojiboyev.

Tojikiston hukumati mamlakatda pandemiya tarqalganini eʼlon qilishi bilan, maktabgacha taʼlim muassasalari, masjidlar, maktablar va universitetlar, bozorlar, restoranlar va xizmat koʻrsatish korxonalarini yopildi.

Shuningdek, harbiy qismlarda ham karantin eʼlon qilindi. Hukumat mart oyi boshida mamlakatdagi aeroportlar, shuningdek, Oʻzbekiston va Afgʻoniston bilan chegaralarni yopgan. Keyinroq Qirgʻiziston bilan olis chegara hududlarida patrul nazorati kuchaytirilgan. Avvallari chegaraning ushbu hududlari tojik va qirgʻiz fuqarolarining kesib oʻtishi uchun ochiq edi.

Mamlakatda “yumshoq” karantin joriy etilgani toʻgʻri boʻldi, deydi xoʻjandlik Maʼruf Mahkamov.

Mahkamovga koʻra, “yumshoq, bosqichma-bosqich karantin odamlarga ruhiy toʻsiqni yengish va koronavirusga qarshi kurashga tayyor boʻlinsa, u qoʻrqinchli emas degan fikrga koʻnikishga imkon berdi”.

Tashqi yordam

Tojikistonning virusga qarshi kurashini qoʻllab-quvvatlash ishlari jadallashgan.

6-may kuni AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) COVID-19 epidemiyasiga qarshi kurashda Markaziy Osiyo davlatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 6,8 million dollar (69,9 million somoniy) ajratganini eʼlon qildi. Bu mablagʻning 1,69 million dollari (17,4 million somoniy) Tojikiston uchun ajratilgan.

Bu shu kabi eʼlonlarning soʻnggisidir.

Amerika hukumati AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Tojikistonning tobora kuchayib borayotgan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash salohiyatini oshirish, shuningdek, tibbiy muassasalarga oziq-ovqat tarqatish uchun 869 ming AQSH dollariga (8,9 million somoniy) teng yordam ajratdi, deb xabar bergan 7-9-aprel kuni AQSHning Dushanbedagi elchixonasi.

Elchixonaga koʻra, AQSH hukumati Tojikiston hudida faoliyat yurituvchi “USAID va yordamchi tashkilotlar, Xalqaro qizil xoch jamiyati, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotlari orqali” yordam qoʻllarini choʻzmoqda.

Jahon Banki va Qoʻshma Shtatlar mamlakatga birinchilar qatorida yordam qoʻlini choʻzdi.

2-aprel kuni Jahon banki Tojikistonning pandemiyaga tayyorlanishi va unga qarshi choralar koʻrishi uchun 11,3 million AQSH dollari (115,4 million somoniy) ajratdi, deyiladi tashkilot bayonotida.

Ushbu mablagʻ mamlakatdagi tibbiy muassasalarning reanimatsiya boʻlimlarida 100 ta yangi joy tashkil etishga sarflanadi va Tojikistonning koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash salohiyatini kuchaytiradi.

Mart oyida AQSH hukumati Amerika xalqi nomidan Tojikistonga 12 ming dona jarrohlik niqobi, 12 ming juft qoʻlqop, 1400 ta jarrohlik kiyimi va 400 ta himoya koʻzoynagi yuborgan.

Bularning hammasi mamlakatdagi tibbiy muassasalarga tarqatilgan.

Qoʻshni davlatlar yordami

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda Tojikiston Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlardan ham yordam olmoqda.

Aprel boshida Qozogʻiston 5000 tonna un, Oʻzbekiston esa jihozlar, oziq-ovqat va mutaxassislar bilan yordam bergan. Bunga qoʻshimcha ravishda aprel oyi avvalida Dushanbega Oʻzbekiston tomonidan yuborilgan gumanitar yordamda tibbiy jihozlar, dori-darmon va oziq-oqat ham yetkazilgan.

Shuningdek, may oyi boshlarida Oʻzbekistonga tegishli harbiy samolyot Dushanbega himoya kombinezonlari va koʻzoynaklar, suyuq natriy gipoxlorid, respiratorlar, qoʻlqop va kontaktsiz termometrlarni olib kelgan.

Boshqa bir samolyotda 10 ta sunʼiy nafar oldirish jihozi, dori-darmonlar, himoya kiyimlari, qoʻlqoplar va respiratorlari olib kelingan. Xuddi shu samolyotda koronavirus bilan kurash tajribasiga ega sakkiz nafar oʻzbekistonlik virusolog, epidemiolog va anasteziologlar ham Dushanbega yetib kelishdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Tojikistonga koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan 154 ta koʻchma tibbiy konteynerlarni yuborgan, deyiladi Tojikiston tashqi ishlar vazirligining may oyidagi bayonotida.

“Sogʻliqni saqlash tizimimiz duch kelayotgan muammolarni hisobga olganda, qoʻshnilarimizning zaruriy yordami va dastagi oʻz vaqtida koʻrsatilmoqda, xalqimiz bundan oʻta minnatdor”, dedi Hojiboyev.

Sizga maqola yoqdimi?

5
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha *