Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistonda ekstremizmga qarshi yangi kurash choralariga nodavlat tashkilotlar jalb qilinmoqda

Aydar Ashimov

17-aprel kuni Pavlodarda radikallashgan shaxslarni reabilitatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi qozogʻistonlik diniy mutaxassislar va psixologlar ishtirokida vebinar oʻtkazildi. [Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi]

17-aprel kuni Pavlodarda radikallashgan shaxslarni reabilitatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi qozogʻistonlik diniy mutaxassislar va psixologlar ishtirokida vebinar oʻtkazildi. [Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi]

NUR-SULTON – Qozogʻiston hukumati ekstremizmga qarshi yangi choralar doirasida radikallashgan fuqarolar uchun reabilitatsiya markazlari tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni ham jalb qilmoqda.

Kelasi uch yil ichida “mamlakat boʻylab tushuntirish, reabilitatsiya va deradikalizatsiya ishlariga oid yagona yondashuvlarni joriy qilish uchun” 750 mln. tenge (1,8 mln. AQSH dollari) ajratiladi. Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazining 17-may kungi bayonotida shu haqda soʻz yuritilgan.

Ushbu markaz Qozogʻiston Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vazirligining grantlarini taqsimlovchi davlat muassasi boʻlib, ekstremizmning oldini olishga oid choralarni amalga oshirish uchun nodavlat tashkilotlar orasida grant tanlovini oʻtkazmoqda.

“Tanlovdan koʻzlangan maqsad – fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyatidan foydalanish, shuningdek buzgʻunchi va radikal diniy mafkura tarafdorlari sonini kamaytirishdir”, deyiladi markaz xabarida.

4-mart kuni Pavlodardagi masjidda ayollar jamoati uchun ekstremizmning oldini olish boʻyicha maʼruza tashkil etildi. [Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi]

4-mart kuni Pavlodardagi masjidda ayollar jamoati uchun ekstremizmning oldini olish boʻyicha maʼruza tashkil etildi. [Pavlodardagi dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi]

14-may kuni Sharqiy Qozogʻiston viloyatida diniy mutaxassislarning onlayn maʼruzasini tinglayotgan mahkumlar. [Qozogʻiston IIV]

14-may kuni Sharqiy Qozogʻiston viloyatida diniy mutaxassislarning onlayn maʼruzasini tinglayotgan mahkumlar. [Qozogʻiston IIV]

Xabarlarga koʻra, nodavlat tashkilotlar buzgʻunchi va radikal gʻoyalar tarafdorlari bilan tushuntirish, reabilitatsiya va deradikalizatsiya ishlarini olib borish uchun Qozogʻistonning barcha hududlarida markazlar tashkil etishi kutilmoqda.

Arizalar seshanba (27-may) kuniga qadar qabul qilinadi, loyihalar esa 2022-yilgacha amalga oshirilishi lozim, deb qoʻshimcha qildi u.

Muhim yordam

Fuqarolik jamiyati ekstremizmga qarshi kurashda muhim rol oʻynaydi, deydi Chimkent shahridagi “Oltin qarligash” (Oltin qaldirgʻoch) nodavlat tashkiloti raisi Leyla Baymanova.

“Radikallashuv muammosi davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorlikdagi choralarini taqozo qiladi”, dedi u. “Davlat, asosan huquqni muhofaza qilish idoralari orqali oʻz funksiyasini amalga oshiradi, nodavlat tashkilotlar esa oʻz tajribalari va diniy mutaxassislar yordamiga tayanib, tushuntirish ishlari olib boradilar”.

Turkiston viloyatidan kelgan diniy mutaxassis Nurbek Muhametov ham Baymanova bilan hamfikr.

“Nodavlat tashkilotlar radikalizmning oldini olishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Ular xalqaro tashkilotlar va hukumatning koʻmagi bilan butun Qozogʻiston boʻylab oʻz tashabbuslarini amalga oshirmoqdalar”, dedi u.

Uch yilga moʻljallangan loyiha “mamlakat barqarorligi va xavfsizligiga salmoqli hissa” qoʻshadi, dedi u.

Nodavlat tashkilotlar hukumat tashabbusiga tayyorlanar ekan, diniy mutaxassislar mamlakatda koronavirus tufayli joriy qilingan karantin davrida ekstremizmga qarshi treninglar oʻtkazib, onlayn maʼruzalar oʻqimoqda.

16-martdan 15-mayga qadar Qozogʻistonda favqulodda holat rejimi amalda boʻldi. Karantin cheklovlari, jumladan jamoaviy tadbirlarga nisbatan taqiq hali ham oʻz kuchini yoʻqotmagan.

May oyida Sharqiy Qozogʻiston viloyatidagi mahbuslar uchun onlayn maʼruzalar tashkil etildi. Ularda ekstremizmning kelib chiqish sabablari va xavflari, shuningdek Qurʼonni toʻgʻri tushunish xususida soʻz bordi.

Aprel oyida buzgʻunchi diniy oqimlar izdoshlarining reabilitatsiyasi bilan shugʻullanuvchi qozogʻistonlik 40 nafar diniy mutaxassis va psixolog uchun vebinar tashkil etildi. Bu haqda Pavlodar viloyati dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi xabar bergan.

“Butun dunyo uyga qamalib, odamlar butunlay ijtimoiy tarmoqlar taʼsiriga tushib qolgan pandemiya vaqtida diniy ekstremizm mavzusi har qachongidan ham muhimroq”, deyiladi markaz bayonotida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500