OLMAOTA – Qozogʻiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) aʼzolarini iqtisodiy blokdan tashqarida hamkorlikni kengaytirishga chaqirgan Moskvaning taklifini rad etib toʻgʻri qildi, deydi tahlilchilar.
“2025-yilga moʻljallangan Yevrosiyo iqtisodiy integratsiyasini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlari” deb nomlangan bu taklif 19-may kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining (OYIK) video-anjuman shaklida oʻtgan yigʻilishida muhokama qilindi. Bu haqda prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev matbuot xizmati xabar bergan. OYIK – bu YOIIning eng yuqori darajali organidir.
Onlayn-sammitda Toʻqayev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Moldova prezidenti Igor Dodon va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YOIK) raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.
YOIK – YOIIni tartibga soluvchi organ hisoblanadi.
Toʻqayev ehtiyotkor yondashuvga chaqirmoqda
Toʻqayev taklif qilingan loyihani rad etar ekan, hujjat sogʻliqni saqlash, taʼlim va fan kabi noiqtisodiy masalalarni ham oʻz ichiga olganini taʼkidlagan.
“(Bu kabi) masalalarning toʻliq Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatiga kiritilishi uning iqtisodiy yoʻnalishini sezilarli oʻzgartirishi mumkin, yaʼni bu YOII tashkil etilishiga oid 2015-yilgi shartnoma mohiyatiga ziddir”, deb aytgan Toʻqayev sammit chogʻida.
Aʼzo mamlakatlar huquqiy tizimlarining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olish va milliy qonunlarni standartlashtirishda “zaruriy yetarlilik” tamoyiliga amal qilish juda muhim, deb qoʻshimcha qildi u.
“Strategiyada taklif etilayotgan “qonunchilikni uygʻunlashtirish va unifikatsiya qilish”... bizningcha, yetarlilik tamoyiliga javob bermaydi. Bu esa milliy jamoatchilik fikrining Strategiyani rad etishiga olib keladi, chunki Strategiya hukumatlar va parlamentlarning suveren huquqlarini cheklaydi”, dedi Toʻqayev.
Toʻqayev “shuningdek, YOIK vakolatlarini kengaytirishga ehtiyotkorlik bilan yondashishga” chaqirgan.
Sammit yakunida bu taklif Toʻqayevning tavsiyasiga koʻra qabul qilinmadi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
YOII aʼzolarining navbatdagi yigʻilishi shu yil oxirida Minskda boʻlib oʻtishi belgilandi.
Moskva uchun tayanch
Qozoq jamoatchiligi – tahlilchilardan tortib, oddiy fuqarolargacha Toʻqayevning soʻzlarini qoʻllab-quvvatladi.
“Rossiya ittifoqni siyosiylashtirishga urinishdan toʻxtamayapti”, deb yozadi Nur-sultonlik siyosatshunos Urazgali Selteyev oʻzining Telegram kanalida.
“Koʻrinib turibdiki, yangi hujjat loyihasi Rossiyaning siyosiy manfaatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Unga ittifoqqa aʼzo davlatlar siyosatiga aralashishni koʻzda tutuvchi bandlar kiritilgan”, dedi Selteyev.
Moskva YOIIni tartibga soluvchi organi boʻlgan YOIKga, aʼzo davlatlar va uchinchi mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy masalalar boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarda qatnashish huquqini berishni taklif qildi, dedi Selteyev.
Bundan tashqari, Selteyevning taʼkidlashicha, aslida YOIK davlat usti organi emas, balki Rossiya tomonidan boshqariladi va Moskva uchun dastak vazifasini oʻtaydi.
“Ekspert va Qozogʻiston fuqarosi sifatida Toʻqayevga hurmatim oshdi. Aminmanki, Toʻqayevga nisbatan jamoatchilik qoʻllovi va ishonchi hozir mislsiz darajada”, deb yozdi Selteyev oʻz kanalida Qozogʻiston aholisining aksariyati YOII bilan yaqin integratsiyaga qarshi ekanligini nazarda tutib.
“YOII kelajagi – tumanli. Uning funksional maqsadi bojxona ittifoqi boʻlib, hatto shunday formatda ham hammasi bazoʻr ishlamoqda.Unda iqtisodiy integratsiyaning afzalliklariga qaraganda toʻsiqlar va cheklovlar koʻproq”, dedi Selteyev.
“Butkul iqtisodiy”
“Yuzaki integratsiya faqat Rossiya uchun manfaatli. Qozogʻiston uchun ustuvor maqsad – iqtisodiy pragmatizmdir”, dedi Selteyev.
Qozogʻiston davlat boshqaruvi akademiyasi janubiy filiali direktori, turkistonlik siyosatshunos Janat Mominkulovga koʻra, Qozogʻiston YOIIga qoʻshilishi kerak emas edi.
“Siyosiy-iqtisodiy ittifoqqa kirmasdan, yaqin iqtisodiy hamkorlik boʻyicha kelishuv tuzish kifoya edi”, deydi u.
YOIIga qoʻshilishdan Qozogʻistondan koʻra Rossiya koʻproq foyda koʻrdi, dedi Mominkulov.
“Men YOIIga oid ayrim masalalar boʻyicha oʻtkazilgan anjumanda qatnashib, Rossiya vakillarining oʻzini tutishidan hayratda qoldim. Ular oʻta magʻrur va beadab edilar”, deydi Olmaotadagi Al-Farobiy milliy universitetining huquqshunos olimi, professor Ayjan Jatkanbayeva.
Shu yil boshida Qozogʻiston Moskvaning YOII doirasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan harakatlarni rad etgan edi.
31-yanvar kuni Olmaotda boʻlib oʻtgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi (YOIIning eng yuqori ikkinchi organi) yigʻilishida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin aʼzo davlatlaridan kelgan hamkasblariga Kremlning sport, turizm va ekologiya sohalarini YOII taraqqiyotining strategik yoʻnalishlariga aylantirishni taklif qilgan edi.
Biroq, Qozogʻiston bosh vaziri Askar Mamin YOII shartnomasi chegarasidan chiqishga zarurat yoʻqligini aytgan.
“YOII butkul iqtisodiy ittifoq”, degan edi Mamin oʻshanda.
Jin ursin, yoʻq! Savdoda bitta qoshigʻimiz bor, lekin men bir oʻzim yeyman - ana xolos! Bir guruh doʻstlar stol atrofiga yigʻilsa, hech qanday janjal boʻlmaydi. Aks holda, bu davra emas, balki oʻgʻrilar toʻdasidir. Eng koʻp oʻgʻirlagan kishi esa - stolning xoʻjayini. Nega aniq narsani chalkashtirasiz? Turli xil ziyofatlar, bayramlarda boʻlgansiz; hammasi qanday boʻlishini bilasiz. Siyosat va savdoda ham xuddi shunday. Yuriy
Javob berishFikrlar 7
Biz YOIIdan uzoqlashish yoki undan butunlay chiqish yoʻlini topishimiz kerak. Bu Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligiga eng katta tahdiddir. YOIIdan chiqish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari toʻliq iqtisodiy mustaqillikka erishishi, korruptsiyaga chek qoʻyishi, ishsizlikni kamaytirish va oʻz mustaqilligini himoya qilishi kerak.
Javob berishFikrlar 7
Barakalla, qozoqlar! YOII tarqatib yuborish kerak. U Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi! Belorusiya va Qozogʻiston Rossiyaga yoqilgʻi importini taqiqlash toʻgʻrisidagi Kremlning qarorini qanday tushunish kerak? Bu YOIIning ittifoq ichida tovarlarning erkin harakatlanishi tamoyillariga zid-ku! Rossiya ittifoqqa aʼzo boshqa mamlakatlarga oʻz bozorlarini yopadigan boʻlsa, lekin oʻz mahsulotlarini aʼzo davlatlar bozorlarida erkin sotayotgan boʻlsa, bunaqa ittifoqning nima keragi bor?!
Javob berishFikrlar 7
Toʻqayev mutlaqo toʻgʻri gapirdi.
Javob berishFikrlar 7
Mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan buyurtma maqolalar. Bu saytni taqiqlangan [manbalar] roʻyxatiga kiritish kerak!!!
Javob berishFikrlar 7
Kreml boshqa mamlakatlarning mustaqilligiga rahna solmoqda.
Javob berishFikrlar 7
Ruslar aqldan ozibdi. YOII nomidan ham aytib turibdi, siyosiy emas, iqtisodiy ittifoq ekanligini. Yaxshisi uni butunlay tark etish kerak.
Javob berishFikrlar 7