Karvonsaroy
Diplomatiya

Suv omboridagi halokat ortidan Oʻzbekiston va Qozogʻiston birdamligi yanada mustahkamlandi

Maksim Yeniseyev

10-may kuni Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin (oʻngda) va Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozogʻistonning Maqtaorol tumanidagi Mirzakent qishlogʻida barpo etiladigan yangi mikrorayonga poydevor qoʻymoqdalar. [Qozogʻiston bosh vaziri idorasi]

10-may kuni Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin (oʻngda) va Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozogʻistonning Maqtaorol tumanidagi Mirzakent qishlogʻida barpo etiladigan yangi mikrorayonga poydevor qoʻymoqdalar. [Qozogʻiston bosh vaziri idorasi]

TOSHKENT – Shu oy boshida Oʻzbekistonda yuz bergan suv ombori halokatidan Qozogʻiston ham zarar koʻrdi. Ofat oqibatlarini bartaraf etishda ikki mamlakat rahbarlarining hamjihatlikda ish olib borgani oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamladi.

1-may kuni ertalab yuz bergan ofat Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyatidagi ulkan hududni suv ostida qoldirdi. 90 mingga yaqin aholi jabrlandi, olti kishi nobud boʻldi. Suv qoʻshni Qozogʻistonning Turkiston viloyati, Maqtaorol tumaniga ham tarqalib, u yerdan 30 mingdan ortiq odamning evakuatsiya qilinishiga olib keldi.

Rasmiy hisob-kitoblarga koʻra, toshqin tufayli yetkazilgan zararni qoplash uchun Oʻzbekistonga 1,5 trillion soʻm (150 million dollar) kerak boʻladi. Qozogʻiston qishloq xoʻjaligiga yetkazilgan zarar esa 4,1 mlrd. tenge (9,7 mln. AQSH dollari) deb baholanmoqda.

Voqeadan bir kun oʻtib, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qozogʻistonlik hamkasbi Qosim-Joʻmart Toʻqayev bilan bogʻlanib, toʻgʻon oʻpirilishi tufayli yuzaga kelgan toshqin oqibatlarini bartaraf etish yoʻllarini muhokama qildi.

3-may kuni Sirdaryo viloyatida yuz bergan suv toshqini vayronalarini tozalayotgan oʻzbek askarlari. [Oʻzbekiston mudofaa vazirligi]

3-may kuni Sirdaryo viloyatida yuz bergan suv toshqini vayronalarini tozalayotgan oʻzbek askarlari. [Oʻzbekiston mudofaa vazirligi]

10-may kuni Qozogʻiston va Oʻzbekiston bosh vazirlari – Asqar Mamin va Abdulla Aripov Qozogʻistonning Maqtaorol tumanidagi Mirzakent qishlogʻi aholisi bilan uchrashdi. (Qozogʻiston bosh vazirining matbuot xizmati)

10-may kuni Qozogʻiston va Oʻzbekiston bosh vazirlari – Asqar Mamin va Abdulla Aripov Qozogʻistonning Maqtaorol tumanidagi Mirzakent qishlogʻi aholisi bilan uchrashdi. (Qozogʻiston bosh vazirining matbuot xizmati)

6-may kuni Qozogʻistonning Maqtaorol tumaniga oʻt oʻchiruvchilar, texnik mutaxassislar va Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilaridan iborat 200 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis yetib keldi. Shuningdek, halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun hududga oʻt oʻchirish mashinalari, ekskavatorlar, traktorlar, yuk mashinalari va avtobuslardan iborat 169 ta texnika yuborilgan.

Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozogʻistonga koʻrsatilayotgan yordamni shaxsan nazorat qilish uchun 10-may kuni Maqtaorol tumaniga yetib bordi va u yerda Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin bilan muzokara oʻtkazdi.

Umumiy tahdidlar

Bosh vazirlar Mirzakent qishlogʻida yangi mikrorayon qurish rejasi bilan tanishdilar, mahalliy aholi bilan uchrashib, ilk turarjoylar uchun poydevor qoʻyish marosimida ishtirok etdilar.

17-may kuni Oʻzbekiston va Qozogʻiston prezidentlari telefon orqali muloqotda boʻlib, bajarilgan ishlardan mamnun ekanliklarini bildirdilar.

“Prezidentlar yangi tahdidlar va umumiy xatarlarga qarshi kurashda yaqin hamkorlikni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar”, deyiladi Mirziyoyev matbuot xizmatining xabarida.

Shu kunning oʻzida Mirziyoyev yuz bergan hodisaning texnogen ofat ekanligini eʼtirof etdi. Hozirgi kunda halokat sabablarini oʻrganish davom etmoqda. Halokat qayta takrorlanmasligi uchun Qozogʻiston tomoniga ham toʻgʻonni tekshirish jarayonida ishtirok etishga ruxsat berildi.

Suv masalasi oʻtmishda ikki mamlakat oʻrtasida qator bahslarga sabab boʻlgan.

“Oʻnlab yillar davomida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlarda suv – eng muammoli mavzu boʻlib kelgan. Ayniqsa, Sardoba suv ombori qarashli boʻlgan Sirdaryo havzasidan suvni taqsimlash”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan.

Tanglik tarixi

Soʻnggi ikki yildan beri Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlari transchegaraviy daryolarni birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni imzolash ustida ishlamoqda, ammo hujjat hali imzolanmagan.

“Bundan tashqari, avvallari Maqtaorol tumani atrofidagi Oʻzbekiston bilan chegaradosh “yarim anklav” hududida chegaraviy nizolar mavjud edi”, dedi Xan. “Bu hudud Sovet Ittifoqi davrida bir necha marta bir respublikadan ikkinchisiga oʻtgan. Oʻzbeklar 27 yil ushbu mintaqadan oʻtadigan “Toshkent-Samarqand” avtomagistralidan foydalana olmay, uni aylanib oʻtar edilar.”

Suv toshqini ortidan bu keskinlik yana yuzaga chiqa boshladi, deydi toshkentlik Anora Sapayeva.

“(Toʻgʻon oʻpirilishi ortidan) suv Qozogʻistonga yetib borishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda keskinlik paydo boʻldi”, deydi Sapayeva. “Qozogʻiston aholisi oʻzbeklarni ayblay boshladi, oʻzbeklar esa eski ginalarni yodga oldi. Bu mojaroning boshlanishidek koʻrindi.”

Shunga qaramay, ikki mamlakat muammoni mojarosiz hal etishga urinish bilan yaxshi qoʻshnichilik va xayrixohlikni namoyish etdilar.

Qozogʻiston TIV qozoq hududini suv bosishi munosabati bilan Oʻzbekistonga norozilik notasi yuborishdan bosh tortdi.

Oʻzbekiston prezidenti Mirziyoyev Qozogʻistonga yetkazilgan zarar uchun uzr soʻrar ekan, qoʻshni mamlakat bilan chuqur tarixiy va doʻstona munosabatlarga alohida urgʻu berdi.

“Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, oʻzaro quda-anda boʻlib, et bilan tirnoqdek yaqin boʻlib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh boʻlib, qoʻllab-quvvatlab kelganmiz”, dedi Mirziyoyev 5-may kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida.

“Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qoʻshni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar koʻrganidan, albatta, biz juda afsusdamiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston va Qozogʻiston rasmiylari Sardoba suv omborini tekshirish ustida birgalikda ish olib bormoqda.

“Sardoba suv ombori xalqaro va qozogʻistonlik mutaxassislar ishtirokida texnik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Uning yakunlariga koʻra, [ushbu] obyektning keyingi taqdiri boʻyicha qaror qabul qilinadi”, dedi Qozogʻiston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Magzum Mirzagaliyev Chimkentda Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan uchrashuvida, deb xabar beradi Tengrinews.kz 14-may kuni.

Shuningdek, vazirlar kelajakda ikki mamlakat oʻrtasida suv bilan bogʻliq muammolarning oldini olish maqsadida suv resurslarini boshqarish boʻyicha hukumatlararo bitimni imzolashga kelishib oldilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Tabiiy ofat keltirib chiqar va biz sen bilan doʻst boʻlamiz, chunki ikkovimiz ham oʻz xalqlarimiz uchun ham ofat, ham jabrdiydamiz. Qozogʻiston va Oʻzbekistondagi davlat malikalari oʻz “bizneslari”: gʻaznadan koʻproq pul oʻgʻirlash va xalqini qashshoqlikka duchor qilish uchun qanday musobaqalashganini eslatish shartmas. Yuriy

Javob berish

Hukumat texnogen ofatdan pul ishlagan mansabdor shaxslarni aniqlashi va ularning mulklarini qaytarib olishi kerak. Shuningdek, ularni bu yoʻlda aniqlangan korruptsiya belgilari uchun jazolash lozim.

Javob berish

Hatto Xaloskor va Paygʻambardan ham chetlangan eng buyuk yolgʻonchi talab qilganidek “... eng qatʼiy yoʻl bilan”. (Vladimir Lenin va uning rotatsizmi ruscha iqtibos bilan parodiya qilingan)

Javob berish