Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Tojikiston koronavirus pandemiyasi davrida tibbiy niqoblar ishlab chiqarishni jadallashtirdi

Neʼmatullo Mirsaidov

Xoʻjanddagi “Zinnat” korxonasi va “Nassochii Xoʻjand” yigiruv fabrikasi ishchilari buyurtmalarni birgalikda bajarmoqdalar, 17-aprel. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Xoʻjanddagi “Zinnat” korxonasi va “Nassochii Xoʻjand” yigiruv fabrikasi ishchilari buyurtmalarni birgalikda bajarmoqdalar, 17-aprel. [Neʼmatullo Mirsaidov]

XOʻJAND – Tojikistondagi yirik tikuv fabrikalari koronavirus pandemiyasi sharoitida xalqaro va ichki talabni qondirish maqsadida shaxsiy himoya vositalari, jumladan niqob va kombinezonlar ishlab chiqarishga oʻtmoqda.

Hukumat maʼlumotlariga koʻra, Tojikistondagi mavjud korxonalar kuniga 300 ming dona tibbiy niqob ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, tibbiy muassasalarning himoya kombinezonlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondira oladi.

Aprel oyida Dushanbedagi uchta yirik tikuv fabrikasi – “Yoqut-2000”, “Tojteks”, “Gulistoni Dushanbe” va boshqalar Italiyaga eksport uchun mahsulot ishlab chiqara boshladi. Birgina “Tojteks”ning oʻzi kuniga 10000 dona niqob ishlab chiqarishi mumkin.

Bu korxonalar Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vazirligining tavsiyasi bilan may oyi boshidan ichki bozor uchun mahsulot ishlab chiqarishga oʻtdi. Mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat aprel oyi oxirida qayd etilgan edi.

Xoʻjandda himoya kombinezonlari tikayotgan ishchilar, 5-may. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Xoʻjandda himoya kombinezonlari tikayotgan ishchilar, 5-may. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Suratda: Xoʻjanddagi “Javoni” Tojikiston-Italiya qoʻshma korxonasi ishchilari, 1-aprel. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Suratda: Xoʻjanddagi “Javoni” Tojikiston-Italiya qoʻshma korxonasi ishchilari, 1-aprel. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Shu bilan birga, Soʻgʻd viloyatidagi kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, “Javoni” Tojikiston-Italiya qoʻshma korxonasi Italiyaning tibbiy niqoblarga boʻlgan talabini qondirmoqda va kuniga 50 ming dona mahsulot ishlab chiqarishi mumkin.

Sanoat va yangi texnologiyalar vazirining oʻrinbosari Sodiqjon Abdukarimzoda Rustamiyga koʻra, hozirgi kunda 23 ta tikuv korxonasi niqoblar ishlab chiqarmoqda, shulardan 15 tasi bir vaqtning oʻzida himoya kombinezonlari ham tayyorlamoqda.

Mamlakatda har kuni 258 ming dona tibbiy niqob va 3900 ta kombinezon ishlab chiqariladi. Tojikistonda zarur hollarda ishga tushirish mumkin boʻlgan qoʻshimcha quvvatlar ham bor, deydi Rustamiy.

Pandemiyaning dastlabki kunlarida himoya vositalarini ishlab chiqarishda ayrim qiyinchiliklarga duch keldik. Yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish va ishlab chiqarishni qayta dasturlash uchun vaqt kerak edi, ammo biz bu ishni qisqa muddatda amalga oshirdik”, dedi u.

Italiya bilan hamkorlik

Aprel oyida Tojikiston Italiyaning “Karrera” kompaniyasi investitsiyalarini jalb etgan holda “Javoni” qoʻshma korxonasini tibbiy niqoblar ishlab chiqarishga moslash taklifini qabul qildi.

Aprel oyida Tojikistonning “Somon Air” aviakompaniyasi samolyoti uch marta Verona shahriga parvoz qilib, Tojikiston-Italiya qoʻshma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 3 millionga yaqin tibbiy niqoblarni Italiyaga yetkazib berdi.

Paxta tolasini toʻliq qayta ishlay oladigan “Javoni” korxonasi 10 ming kishini ish bilan taʼminlagan va SSSR parchalanishi ortidan oʻz faoliyatini toʻxtatgan Xoʻjand ipakchilik fabrikasi negizida tashkil etilgan.

Mustaqillikning dastlabki yillarida “Karrera” kompaniyasining sarmoyasi bilan Italiya brendi uchun kiyim-kechak ishlab chiqaradigan zamonaviy toʻqimachilik korxonasi barpo etildi, natijada, 1700 nafar tojikistonlik, asosan ayollar ish bilan taʼminlandi.

Aprel oyida, direktorlar kengashining qarori bilan Italiyada yuzaga kelgan oʻtkir ehtiyoj tufayli, kompaniya zudlik bilan ishlab chiqarishni tibbiy niqoblar tayyorlashga yoʻnaltirdi.

“Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi rahbariyatining ruxsati bilan Xoʻjand va Dushanbedagi eksport mahsulotlar ishlab chiqara oladigan bir nechta yirik sanoat korxonalari Italiya buyurtmasini bajarish uchun birlashdi”, deydi Soʻgʻd viloyati sanoat va yangi texnologiyalar vazirligining vakili Nargisa Shamsiyeva.

Soʻgʻd viloyati hokimligining maʼlum qilishicha, viloyat Italiyaga umumiy qiymati 11 mln. yevrolik (12,2 mln. dollar) 11 million dona tibbiy niqob yetkazib berish rejasini bajarmoqda.

“Bizning mahsulotlar Xitoy va Turkiyanikidan farqli oʻlaroq, bugungi kunda Yevropada qadrlanadigan sof ipak va tabiiy paxtadan tayyorlangan”, deb qoʻshimcha qildi Shamsiyeva.

Yangi imkoniyatlar

“Tibbiy mahsulotlar, xususan, tibbiy niqoblar bugungi kunda dunyodagi eng talabgir mahsulotlardan biridir. Shu sababli, Tojikistondagi ishlamay turgan va bir maromda ishlamayotgan kiyim-kechak fabrikalari Yevropa buyurtmalarini qoʻldan chiqarmasligi kerak, deydi Soʻgʻd viloyati hokimligining sanoat departamenti rahbari Osifxon Sharifzoda.

“Bizda yevropalik isteʼmolchiga har tomonlama mos keladigan xomashyo, tabiiy paxta tolasi bor. Biz faqat tayyor mahsulot sifatini bosqichma-bosqich oshirib borishimiz kerak, xolos”, deb qoʻshimcha qildi Sharifzoda.

“Eng muhimi – bandlik, ayniqsa koʻpchilik ishlamayotgan ayollarni ish bilan taʼminlashdir”, dedi u.

“Yangi imkoniyat paydo boʻldi va biz uni qoʻldan chiqarmoqchi emasmiz”, deydi buyurtmalarni bajarish uchun “Nassochii Xoʻjand” kompaniyasi bilan birgalikda ishlayotgan “Zinnat” kompaniyasi bosh direktori Maqsud Ziyoboyev.

17 yildan beri tikuv sanoatida ishlab kelayotgan Hamroxon Mustafoyeva “Zinnat” korxonasidagi faoliyatini bundan 4 yil avval boshlagan.

Aprel oyida katta buyurtma olingach, “uyda oʻtirgan barcha chevar ayollarni ishga chaqirishdi. Ular yangi mahsulotlarni tezda oʻzlashtirdilar”, dedi u.

“Har bir tikuvchi kuniga 200 tagacha niqob tikadi. Bir smenada 3500-4000 dona niqob tayyorlanadi. Birinchi oyda ular yaxshi maosh olishdi”, deydi Mustafoyeva.

“Ayni paytda maktabimiz majburiy taʼtilga chiqarilgan”, deydi “Zinnat”ga ishga kelgan 18 yoshli Mijgona Neʼmatova. “Men tojik ayollariga xos boʻlgan tikuvchilik kasbini tanladim. Korxonada qoʻshimcha ish oʻrganyapman. Shu yerda qolish niyatidaman.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Barakalla tojiklar! Oʻzbeklar ham qolishmayapti, kuniga 11 mln. dona niqob chiqarishyapti.

Javob berish