Karvonsaroy
Terrorizm

Ashxobod markazining radikallashuv va terrorizmni moliyalashga qarshi kurashi yuqori baholanmoqda

Jumaguli Annayev

27-may kuni YXHTning Ashxoboddagi markazida pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashga qarshi kurash boʻyicha onlayn-maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

27-may kuni YXHTning Ashxoboddagi markazida pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashga qarshi kurash boʻyicha onlayn-maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

ASHXOBOD – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti radikallashuv, pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashga qarshi kurashda Ashxobod shahridagi idorasining Turkmanistonga yordamini yuqori baholadi.

4-iyun kuni YXHTning Ashxoboddagi markazi rahbari, elchi Natalya Drozd Avstriya poytaxti Venada boʻlib oʻtgan YXHT Doimiy kengashining onlayn majlisida Turkmanistonda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Drozdning hisobotini muhokama qilgan diplomatlar Ashxobod shahridagi vakolatxona saʼy-harakatlariga yuqori baho berdilar.

Xususan, AQSHning YXHTdagi elchisi Jeyms S. Gilmor III YXHTning Turkmanistondagi vakolatxonasi erishgan yutuqlarni alohida qayd etdi.

U markazning ekstremizmga qarshi kurash, shuningdek mamlakatda ombudsman institutini rivojlantirish borasida hukumat bilan hamkorlikda olib borayotgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini aytdi. Turkmaniston 2017-yilda oʻzining ilk ombudsmanini tayinlagan.

Tajriba almashinuvi: qimmatli resurs

Ashxobod shahridagi YXHT markazining trening va seminarlarida qatnashgan Turkmaniston xavfsizlik idoralari vakillari bugungi kun tahdid va xavf-xatarlariga qarshi kurashda xalqaro tajriba va amaliyotni oʻrganish muhimligini taʼkidladilar.

“YXHT seminarlari tufayli biz tom maʼnoda yangi bilimlarga ega boʻlyapmiz. Boshqa mamlakatlarning sinalgan va samarali ish uslublarini oʻzlashtirib, ularni oʻzimizdagi vaziyatga moslashtiryapmiz”, deydi Turkmaniston ichki ishlar vazirligi (IIV) rasmiy vakili Begench A.

Begenchning aytishicha, u Ashxoboddagi YXHT markazi tomonidan tashkil etilgan “Terrorizmni moliyalashga qarshi kurash: YXHT mintaqasidagi ilgʻor tajriba” seminarida Turkmaniston nomidan ishtirok etgan.

2018-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan ushbu seminarda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan kelgan yuqori malakali mutaxassislar ishtirok etganlar.

“Oradan ancha vaqt oʻtganiga qaramay, xalqaro ekspertlardan olingan tajriba yillar davomida biz bilan qoladi, degan umiddaman”, dedi u.

Turkman hukumati, shuningdek, boshqa yoʻnalishlar, jumladan Turkmanistonning quruqlikdagi chegaralari va chegarani kesib oʻtishda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha treninglarni ham yuqori baholagan.

Turkmaniston-Eron chegarasidagi “Gaudan-Bajigiron” nazorat-oʻtkazish punktida ishlovchi bojxona xodimi Meylis S. Markaziy Osiyo davlatlarining chegaralari yaqinida transmilliy tahdidlar kuchaygani sababli YXHT bilan hamkorlik muhim ekanligini taʼkidladi.

«Afgʻoniston va Erondan giyohvand moddalar oqimini toʻxtatishda bizga treninglarda olingan bilimlar qoʻl keldi”, dedi Meylis.

Bu treninglar natijasi oʻlaroq, qoʻshni davlatlardan noqonuniy olib kiriladigan giyohvand moddalar hajmini sezilarli darajada pasaytirishga erishildi, dedi u.

Eʼtibor qaratish kerak boʻlgan yangi sohalar

YXHT Doimiy kengashining Vena shahrida oʻtgan onlayn majlisida soʻzga chiqqanlar YXHTning Ashxoboddagi markazi saʼy-harakatlariga yuqori baho berar ekanlar, oʻz takliflarini ham bildirdilar.

AQSHning YXHTdagi elchisi Gilmor tashkilotning Ashxoboddagi vakolatxonasi rahbari Drozdni alohida xavotirga molik muammolarni hal qilish uchun saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.

Din sohasi va Turkmanistonning jazoni ijro etish tizimida inson huquqlarini taʼminlash, shuningdek fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish masalalari diqqat markazida boʻlishi kerak, dedi Gilmor.

Ashxobodlik faollardan biri Galina M. Gilmorning fikr-mulohazalarini mutlaqo oʻrinli deb hisoblaydi.

Uning fikricha, YXHTning Turkmanistondagi markazi mamlakat mutaxassislariga chegaralar xavfsizligi, korrupsiya, pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashga qarshi kurash kabi dolzarb masalalar boʻyicha xalqaro standartlar va tajribani oʻrgatishda yaxshi natija koʻrsatgan.

Uning soʻzlariga koʻra, qonun ustuvorligini taʼminlashda inson huquqlariga qatʼiy amal qilish, sud hokimiyati, OAV va ombudsmanning mustaqilligiga erishish mamlakatda radikallashuvning oldini olishda eng samarali vositalardan biridir.

“Huquq himoyachilari Ashxoboddagi YXHT markazining rahbari sifatida Natalya Drozd bu yoʻnalishda Turkmaniston hukumati bilan hamkorlikni mustahkamlashiga umid qilmoqdalar”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500