Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston zamonaviy “raqamli armiya” yaratish uchun yangi vositalarni ishga solmoqda

Aydar Ashimov

“Ostona” mintaqaviy qoʻmondonligi ofitserlari masofaviy taʼlim olmoqda, Nur-Sulton, 10-iyun. (Mudofaa vazirligi)

“Ostona” mintaqaviy qoʻmondonligi ofitserlari masofaviy taʼlim olmoqda, Nur-Sulton, 10-iyun. (Mudofaa vazirligi)

NUR-SULTON – Qozogʻiston armiyasi onlayn xizmatlar, avtomatlashgan qoʻmondonlik va nazorat tizimlarini joriy etish bilan raqamlashtirish ustida ishlamoqda.

Onlayn taʼlim modullari va harbiylar uchun moʻljallangan amaliy ishlanmalar sinovdan oʻtmoqda, deyiladi mudofaa vazirligining 10 iyun kungi bayonotida.

Bunday formatdagi ilk onlayn dars Oqmola, Qaragʻanda, Qustanay va Shimoliy Qozogʻiston viloyatlarida xizmatni oʻtayotgan harbiy qismlarni oʻz ichiga oluvchi “Ostona” mintaqaviy qoʻmondonligi bazasida boʻlib oʻtdi.

Armiya qoʻmondoni, polkovnik Mereke Kuchekbayev zobitlar bilan onlayn dars oʻtkazdi.

“Ostona” mintaqaviy qoʻmondonligi zobitlari uchun yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha onlayn-treningdan olingan slayd, Nur-Sulton, 10-iyun. (Mudofaa vazirligi)

“Ostona” mintaqaviy qoʻmondonligi zobitlari uchun yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha onlayn-treningdan olingan slayd, Nur-Sulton, 10-iyun. (Mudofaa vazirligi)

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev (chapda) mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev bilan Qozogʻiston armiyasi modernizatsiyasini muhokama qilmoqda, Nur-Sulton, 25-may. (Mudofaa vazirligi)

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev (chapda) mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev bilan Qozogʻiston armiyasi modernizatsiyasini muhokama qilmoqda, Nur-Sulton, 25-may. (Mudofaa vazirligi)

“Oʻquv modullari – qozogʻistonlik askarlarni oʻqitishda innovatsion yechim. Ular uch toifadagi xizmatchilar: ofitserlar, shartnoma asosidagi va muddatli harbiy xizmatchilar uchun moʻljallangan maʼruzalar, taqdimotlar va amaliy mashgʻulotlar koʻrinishida taqdim etilgan”, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

Ushbu tizim harbiy tayyorgarlik bilan bir qatorda, harbiy xizmat xavfsizligi, moliyaviy savodxonlik, harbiy etika va yetakchilik, shu bilan birga turli toifadagi qoʻshinlar uchun moʻljallangan maxsus modullarni ham oʻz ichiga oladi, deyiladi bayonotda.

Vazirlik xabariga koʻra, oʻquv modullariga ishtirokchilar real hayotda yuz bergan turli vaziyatlarni tahlil qilishi uchun turli mavzudagi suratli namunalar ham ilova qilingan. Har bir mavzuli tadqiqot tanqidiy va mantiqiy fikrlashni, boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Raqamli armiya

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 25-may kuni boʻlib oʻtgan uchrashuvda mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayevga “majburiy xizmat davrida harbiylarga qoʻshimcha bilim va koʻnikmalar berish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish” haqida koʻrsatma berdi.

3-iyun kuni Nur-Sultonda qurolli kuchlarni raqamlashtirishga bagʻishlangan muhokama boʻlib oʻtdi. Unda prezident maslahatchisi Bagdat Musin, mudofaa vazirligi rahbariyati, turli toifadagi qoʻshinlar bosh qoʻmondonlari va mintaqaviy qoʻmondonlik rahbarlari ishtirok etdilar.

“Biz armiyani raqamli modernizatsiya qilish masalasida ijobiy natijaga erishishga ulgurdik. Raqamli texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha tajriba orttirilib, zarur kuch va vositalar yaratilmoqda”, dedi Yermekbayev yigʻilish davomida.

Armiyani raqamlashtirilish jarayoni muvaffaqiyatli oʻtishi uchun “yetarli darajadagi moliyalashtirish va qoʻmondonlar manfaatdorligi zarur” , dedi u.

Qozogʻiston armiyasini raqamlashtirish uch yoʻnalishda olib borilmoqda: “raqamli Qozogʻiston” davlat dasturining ijrosida qatnashish, “Elektron hukumat” portali orqali xizmatlar koʻrsatish, boshqaruv tizimlarini avtomatlashtirish va harbiy maqsadlar uchun moʻljallangan axborot tizimlarni joriy qilish, deb xabar beradi mudofaa vazirligi.

Qozogʻiston havo kuchlarida allaqachon avtomatlashtirilgan qoʻmondonlik va boshqaruv tizimi faoliyat koʻrsatmoqda. Havodagi vaziyatni koʻrsatish, jangovar vositalari shayligini nazorat qilish, maqsadlarni taqsimlash va navigatsiya muammolarini hal qilish uchun kompyuter tizimlaridan foydalanilmoqda.

Joriy yilda Mudofaa vazirligi raqamli kartografik maʼlumotlar, aerokosmik axborot, infratuzilma maʼlumotlari va terrorizm xavfi oldida zaif boʻlgan obʼektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni birlashtiradigan maxsus geo-axborot tizimi (GIS) platformasini ishga tushirmoqda .

Qurolli kuchlar Raqamli taraqqiyot, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi bilan hamkorlikda kompyuterlashtirilmoqda.

Koʻplab xizmatlar allaqachon elektron formatga oʻtkazilgan. Harbiy xizmatga chaqirilganlar, zobitlar, muddatli va shartnoma asosida harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar endi guvohnomalar va maʼlumotnomalarni onlayn tarzda olishlari mumkin.

Xavfsizlikni takomillashtirish

“Qozogʻiston armiyasi zamonaviy va jangovar tayyorgarlikka ega boʻlishga intilmoqda. Raqamli texnologiyalar hayotimizga kirib kelmoqda va hozirning oʻzida shaxsiy tarkib ishtirokida onlayn darslar oʻtkazilmoqda, elektron hukumat portali orqali xizmatlar koʻrsatilmoqda. Harbiylar zamonaviy texnologiyalarni va raqamli xavfsizlik asoslarini oʻrganishmoqda”, deydi Turkiston viloyatidan kelib shartnoma boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan Arman Bashimov.

“Raqamlashtirish sezilarli moliyaviy xarajatlar va vaqtni talab qiladi”, deydi Nur-Sultonlik siyosatshunos Bolatbek Isayev.

“Shunday boʻlsa-da, oʻtgan yildan beri armiya faollik bilan avtomatlashtirilgan qoʻmondonlik va nazorat tizimlarini joriy qilib, qoʻshinlarni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlamoqda”, dedi Isayev.

Qozogʻiston qurolli kuchlari joriy yilni “xavfsizlik yili” deb eʼlon qildilar, dedi u.

Aris shahridagi oʻq-dori omborlarida yuz bergan portlashlar biz uchun xavotirli belgi boʻldi”, dedi u 2019-yil iyun oyida ikki kishining hayotiga zomin boʻlgan va 165 kishi jarohatlagan hodisani nazarda tutib. “Fikrimcha, kompyuterlashtirilgan monitoring tizimlaridan foydalanish harbiy obyektlardagi xavfsizlikni oshiradi”.

“Ayniqsa, terrorchilik tahdidi ehtimolini inobatga olgan holda bunga diqqat qaratish lozim”, deb qoʻshimcha qildi Isayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Nimaga oʻq-dori omborlari xavfli va himoyasiz hududlarda joylashgan? Boshqa joy yoʻqmi ularga?

Javob berish