Karvonsaroy
Energiya

Rossiyaning gaz quvuri bilan bogʻliq mojaro Turkmaniston uchun kutilmagan daromad keltirishi mumkin

Jumaguli Annayev

Suratda: “Sibir kuchi” gaz quvurining qurilishi, 2016-yil, 26-oktabr. [Gazprom]

Suratda: “Sibir kuchi” gaz quvurining qurilishi, 2016-yil, 26-oktabr. [Gazprom]

ASHXOBOD – “Sibir kuchi” gaz quvuri bilan bogʻliq texnik qoidabuzarliklarni yashirish va raqamlarning soxtalashtirilishi ortidan Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasida kelib chiqqan mojaro Turkmaniston uchun foydali boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

2014-yilda “Gazprom” va Xitoy milliy neftgaz korporatsiyasi (CNPC) oʻtgan yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilgan gaz quvuri orqali yiliga 38 milliard kub metr gaz yetkazib berish boʻyicha 30 yillik shartnoma imzolagan edilar.

Lenta.ru nashri 28-may kuni chop etilgan hisobotda “Gazprom” tarafidan Rossiyaning Saxa respublikasi Chayandin konidagi gaz hajmiga berilgan bahoga va uning “Sibir kuchi”ni gaz bilan taʼminlay olish qobiliyatiga shubha bildirilgan.

Endilikda “Gazprom” Xitoy bilan tuzilgan shartnoma doirasida “shoshma-shosharlik bilan oʻtkazilgan geologik qidiruv ishlari, tizimli sovuqqonlik va kompaniya rahbariyati tomonidan yoʻl qoʻyilgan jinoiy firibgarlik” natijasida 1,5 trln. rubl (21,6 mlrd. AQSH dollari yoki 80,6 mlrd. manat) yoʻqotishi mumkin, deyiladi hisobotda.

Rossiya sharqidagi gaz resurslari va quvurlar, 2016-yil 26 oktabr kuni eʼlon qilingan xarita. [Gazprom]

Rossiya sharqidagi gaz resurslari va quvurlar, 2016-yil 26 oktabr kuni eʼlon qilingan xarita. [Gazprom]

“Sibir kuchi” gaz quvurida olib borilayotgan payvandlash ishlari, 2016-yil 26-oktabr. [Gazprom]

“Sibir kuchi” gaz quvurida olib borilayotgan payvandlash ishlari, 2016-yil 26-oktabr. [Gazprom]

“Gazprom” kompaniyasining 307-sonli departamenti top-menejerlari – Andrey Filippov va Aleksandr Gromov lavozimidan ozod qilindi, deb xabar beradi Ura.ru 8-iyun kuni.

Ularning ishdan olinishiga OAVda maxfiy maʼlumotlarning tarqab ketishi sabab boʻlgani aytilmoqda.

Biroq, aslida Filippov ham, Gromov ham Chayandin gaz-kondensat konida koʻplab qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyishda aybdor deb topilgan, deb xabar beradi Lenta.ru nashri.

“Gazprom”ga yaqin turkman manbalariga koʻra, kondagi muammolar koʻplab texnik qoidabuzarliklar, oʻgʻirliklar, raqamlarni soxtalashtirish, geologik qidiruv va qazib olish ishlarini olib borgan mansabdorlarning noqonuniy boyishi bilan bogʻliq.

Qimmatga tushgan xatolar

Hisobot Xitoyga yoʻnalgan “Sibir kuchi-2” gaz quvurining qurilishi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilayotgani haqidagi xabarlar ortidan paydo boʻlgan.

“Gazprom” aftidan, Chayandin koni va birinchi “Sibir kuchi” quvuri bilan bogʻliq muammolarni yashirish uchun shunday bayonot bilan chiqqan.

“Bu Rossiyaning gaz monopolchisi va shaxsan uning rahbari Aleksey Miller tomonidan amalga oshirilgan hiyla edi”, deydi “Turkmangaz” kompaniyasining ismi sir qolishini istagan gaz transportirovkasi boʻyicha mutaxassisi.

“U Xitoyga ikkinchi gaz quvurini qurish haqida eʼlon qilganida, biz uning bu soʻzlariga ishondik, ammo endi hammasi ayon boʻldi. Rossiyaning Xitoyga gaz eksport qilishimizga toʻsqinlik qilishi xavfi bir necha yillarga surilgani aniq”, dedi mutaxassis.

Ishdan olingan menejerlarning sovuqqonligi, talon-tarojlari va layoqatsizligi “Gazprom” uchun katta yoʻqotish va jarimalarga olib kelishi mumkin, dedi u.

“Agar bu [OAVdagi xabar] toʻgʻri boʻlib chiqsa, bizni bozordan siqib chiqarishga uringan “Gazprom” yaqin bir necha yil davomida Xitoy gaz bozorida biz bilan raqobatlasha olmaydi”, dedi “Marigazdobicha” korxonasining gazni sotuvga tayyorlash boʻyicha texnologi Haqnazar B.

Rossiya “Sibir kuchi” quvurini gaz bilan toʻldirish uchun boshqa kondan koʻp kilometrlik yangi gaz quvuri tortishi kerak, dedi u.

“Buni amalga oshirish oson boʻlmaydi”, dedi u.

Uning aytishicha, bu bir yillik ish emas va unga 1 mlrd. dollardan (3,5 mlrd. manat) koʻproq pul kerak.

Yangi istiqbollar

Oʻtgan yili Rossiya uch yarim yildan ortiqroq davom etgan tanaffusdan soʻng, oz miqdorda yana turkman gazini sotib ola boshlagan va Turkmanistonni haqoratomuz past narxlarga koʻnishga majbur qilgan edi.

2019-yilda bu narx 1000 kub metr uchun 76 dollarga (266 manat) teng boʻldi, deyiladi “Gazprom”ning oʻsha yilgi bayonotida.

Ashxobodlik iqtisodchi Maisa Agayevaga koʻra, “Sibir kuchi” gaz quvurining ishdan toʻxtab qolgani Turkmaniston gaz eksporti uchun yangi imkoniyatlarni paydo qilishi mumkin.

Uning soʻzlariga koʻra, Turkmaniston yiliga qariyb 40 milliard kub metr gaz eksport qiladi. Turkmanistonning ikki mijozi bor – Xitoy va Rossiya. Xitoy – yirikroq xaridor.

“Rossiya Xitoy oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini bajara olmasligi tufayli, endi “Gazprom” Turkmanistondan sotib oladigan gaz miqdorini oshirishi mumkin”, dedi Agayeva.

Uning soʻzlariga koʻra, Turkmaniston hukumati “oʻzining katta ogʻalariga (Rossiya va Xitoyga) nisbatan soxta hurmati sababli” gaz eksporti boʻyicha ommaviy bayonot bermayapti.

Shunday boʻlsa-da, Ashxobod Pekinning turkman gazini sotib olish bilan gaz tanqisligini qoplashidan va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan sotib olinadigan gaz hajmini kamaytirishga oid avvalgi qarorlarini bekor qilishidan umidvor.

Agayevaning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvurining quvvati yiliga 55 milliard kub metrni tashkil etadi, shundan 33,3 milliard kub metr gaz 2019-yilda Turkmaniston hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu quvur orqali Xitoyga Oʻzbekiston va Qozogʻiston ham gaz eksport qiladi.

“Yuzaga kelgan sharoitda mamlakatimiz rahbariyati Xitoyning Markaziy Osiyo gaz quvurining toʻxtab qolgan toʻrtinchi tarmogʻi qurilishini davom ettirishiga umid qilmoqda”, dedi u.

“Turkmaniston yangi tarmoq orqali yiliga 25 milliard kubometr gaz yetkazib berishi va bundan 4 milliard dollar (14 milliard manat) daromad qilishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Moskvaliklar javdar ekib, oʻzi yolgʻonda yashaydi” – Ivan Xvorostinin

Javob berish

Vatnik-kambagʻal dehqonlar imperiyasi oʻz intihosiga har qachongidan ham yaqinroq turibdi, chunki uni shaxsan Yolgʻon imperatori, botoks fanati va buyuk marazmatik, janobi oliylari Kuya Liliputin jarlikka olib ketmoqda.

Javob berish

“Sibir kuchi” ruslardagi oʻgʻirliklar va korruptsiya sababli toʻxtab qoldi. Xitoy bunga aybdor Rossiyani jazolashga haqli.

Javob berish