Karvonsaroy
Energiya

Eron Turkmaniston foydasiga chiqarilgan sud qarorini paysalga solishga urinmoqda

Jumaguli Annayev

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (chapda) va uning turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov 2015-yil 11-mart kuni Ashxoboddagi qoʻshma matbuot anjumanida ishtirok etmoqda. Gaz mojarosiga oid ishni koʻrib chiqqan Xalqaro arbitraj sudi Eron zimmasiga Ashxobodga 2 mlrd. AQSH dollari toʻlash majburiyatini yuklagan. (Igor Sasin /AFP)

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (chapda) va uning turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov 2015-yil 11-mart kuni Ashxoboddagi qoʻshma matbuot anjumanida ishtirok etmoqda. Gaz mojarosiga oid ishni koʻrib chiqqan Xalqaro arbitraj sudi Eron zimmasiga Ashxobodga 2 mlrd. AQSH dollari toʻlash majburiyatini yuklagan. (Igor Sasin /AFP)

ASHXOBOD – Eron hukumati uzoq davom etgan tabiiy gaz mojarosi boʻyicha Turkmaniston foydasiga chiqarilgan Xalqaro arbitraj sudi qarorini paysalga solishga urinmoqda.

24-iyun kuni sud Tehron zimmasiga 2007-2013-yillarda Turkmanistondan olingan gaz uchun 2 mlrd. AQSH dollari (7 mlrd. manat) toʻlash majburiyatini yukladi. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) turkman xizmati Eron manbalariga tayanib xabar bergan.

Xalqaro arbitraj sudi oʻz hukmini oshkor qilmagan.

Ammo, 3-iyul kuni Eron neft vazirligi vakili Kasri Nuriy Eronning “Entekhab” nashriga bunday qaror chiqarilmaganini aytgan. Vazirlik oʻzining Twitter sahifasida yetkazib berilgan gaz sifati va hajmi tufayli Turkmaniston jarimaga tortilgani haqida yozgan.

Davomli nizo

Tehron hukumati 1997-yildan boshlab Turkmaniston gʻarbidagi Koʻrpeje konidan “Koʻrpeje-Koʻrdkuy” quvuri orqali Eronning Koʻrdkuyiga gaz import qila boshlagan, deydi Turkmaniston moliya va iqtisodiyot vazirligining auditor mutaxassisi Maysa Agayeva.

Yetkazib berish hajmi 2001-yildagi 4 mlrd. kub metrdan 2005-yilga kelib 5,8 mlrd. kub metrga yetgan.

“Tomonlar bir yilda yetkazib berish hajmini 14 mlrd. kub metrga oshirishni deyarli kelishib olgan edilar, ammo Eron toʻlovlarni kechiktirish bilan bu rejalarni yoʻqqa chiqardi”, deydi Agayeva.

Bunga javoban Turkmaniston gaz yetkazib berishni toʻxtatib qoʻygan va gaz uchun yuqoriroq narx belgilagan. Eron hukumati yangi shartlarga koʻngan boʻlsa-da, keyinchalik shartlarni bajarishdan bosh tortgan. Agayevaga koʻra, “Koʻrpeje-Koʻrdkuy” gaz quvuri 2017-yil yanvar oyidan beri ishlamayapti.

“Eron avval-boshdan oʻzining ishonchsiz sherik ekanligini koʻrsatib qoʻydi”, deydi “Turkmangaz” kompaniyasining ismini oshkor qilmaslikni soʻragan top-menejerlaridan biri.

“Ular [Eron hukumati] qishda turkman gaziga muhtoj boʻlgan vaqtlarida hamma narsaga tayyor edilar, ammo vaziyat oʻzgarishi bilan pul toʻlamaslik uchun bahona izlay boshladilar”, dedi u.

“Eron tomonining Turkmanistondan olingan gaz hajmi va sifatiga oid eʼtirozlar tufayli pul toʻlamagani haqidagi daʼvolari asossiz boʻlgan”, dedi rasmiy.

Turkmaniston anchadan beri pulini ololmayotgan edi, ammo endi uning sabri tugadi, Eron hukumati esa oʻjarlik bilan turib oldi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Oʻshanda prezident [Gurbanguli] Berdimuhamedovning buyrugʻiga binoan, 2017-yil 1-yanvardan boshlab, toʻlovga layoqatsiz sherikka gaz yetkazib berishni toʻxtatdik, 2018-yil avgust oyida esa biz ularni sudga berdik va endi bu ishni yutib chiqdik”, dedi u.

Eron dezinformatsiyasi

Turkmaniston hukumati Xalqaro arbitraj sudining qarori yuzasidan hali bayonot bermagan boʻlsa-da, Eron rejimi bu borada bir-biriga zid maʼlumotlarni tarqata boshladi.

Avvalroq, Eron neft vazirligi Xalqaro arbitraj sudi mazkur ish yuzasidan qaror chiqarganini, ammo “arbitraj qoidalariga binoan, ikkala tomonning roziligisiz bu qarorni nizolashuvchi tomonlarning hech biri oshkor qila olmasligini” eʼtirof etgan.

“Ushbu tijoriy daʼvoda gʻolib ham, magʻlub ham yoʻq”, deb taʼkidlagan vazirlik.

Shu bilan bir vaqtda, Eronning davlatga qarashli ommaviy axborot vositalaridan biri – Press TV 29-iyun kuni Eron “Turkmangaz”ga jarima toʻlagani haqida xabar bergan.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida Eronning Turkmaniston oldidagi qarzi kamaytirib koʻrsatilgan.

Sud qarorini yoritishdagi bunday ziddiyatlardan aytish mumkinki, Eron “bu masalada oʻzini yaxshi qilib koʻrsatishga” urinmoqda, deydi auditor Agayeva.

“Hakamlik sudining hal qiluvchi qaroridan keyin yuzaga kelgan gʻala-gʻovur Eronning sud qarori ijrosini paysalga solishidan dalolat beradi”, dedi Agayeva.

“Hakamlik sudining bu qaroridan soʻng, Turkmaniston ikki mamlakat oʻrtasidagi gaz mojarosining oʻz nihoyasiga yetishiga va Eron bilan munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlanishiga umid qilmoqda”, dedi u.

“Tehron rasmiylarining nima qilmoqchi ekanini esa faqat Alloh biladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500